09:54 / 12.01.2022
898

Afg‘oniston muxolifati Eronda «Tolibon» bilan o‘tkazilgan muzokaralar biror natija bermasligini qayd etdi

Afg‘oniston muxolifati Eronda «Tolibon» bilan o‘tkazilgan muzokaralar biror natija bermasligini qayd etdi
Foto: Sputnik
«Tolibon» hukumatiga qarshi kurashayotgan «Milliy qarshilik fronti» Tehronda toliblar bilan o‘tkazilgan muzokaralardan biror natija chiqmasligini ma’lum qildi, deb yozmoqda «Interfaks».

«Milliy qarshilik fronti»ning rasmiy bayonotida guruhning Muhammad Ismoil Xon boshchiligidagi toliblar delegatsiyasi va Eron Islom Respublikasi tomonidan mamlakatdagi muammolarni kelishuv asosida, muzokaralar bilan hal etish bo‘yicha tashabbuslarga ijobiy munosabatda ekanligi bayon qilingan.

«Milliy qarshilik fronti» o‘z maqsadlariga, jumladan, afg‘on xalqi irodasini namoyon etadigan haqiqiy va inklyuziv islom hukumatini tuzishga e’tibor qaratgan. Ijtimoiy adolat, fuqarolar huquqlarining erkinligi, fikrlar xilma-xilligi, real huquqlar va ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish, saylovlar va afg‘on xalqining o‘zi tomonidan maqsad va asosiy vazifalarni belgilanishi «Milliy qarshilik fronti» istayotgan boshqaruvni ifoda etadi», – deyilgan bayonotda.

«Tolibon» vakillari jamiyat istayotgan hayotga mos bo‘lmagan, afg‘on xalqi uchun ayni vaqtdagi boshqaruv tizimida qolishlarini ta’kidlashdi va yana bir marta fuqarolar qadr-qimmati va prinsiplarini, hukumatning barcha guruhlarning manfaatlarini inobatga olgan holda adolatli taqsim qilinishi va inklyuziv hukumat tashkil qilinishiga qarshi ekanliklarini namoyon etishdi. Shuning uchun ham muzokaralardan biror natija chiqmadi va ular to‘xtatildi», – deya qayd etgan «Milliy qarshilik fronti».

Avval Afg‘oniston OAV Tehronda Eron hukumati vositachiligi asosida «Tolibon» hukumati TIV rahbari Amir Xon Muttaqiy hamda «Milliy qarshilik fronti» vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilganini xabar qilgandi. Keyinchalik Muttaqiy OAVga bergan bayonotida Panjsherda tashkil qilingan muxolifat guruhi vakillari Afg‘onistonga qaytishi mumkinligi, bu yerda ular hech qanday ta’qibga uchramasligi va xotirjam hayot tarzini olib borishiga hech nima xalaqit qilmasligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 15 avgustda toliblar poytaxt Kobulni egallagan va Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgan. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketgandi.

Biroq Panjsher «Tolibon» nazorati ostiga o‘tmagan yagona viloyat sifatida toliblarga qarshilik ko‘rsatdi, u yerda o‘zini davlat rahbari deb e’lon qilgan vitse-prezident Amrulla Solih ham joylashib oldi. 22 avgust kuni «Tolibon» panjsherliklarga ultimatum e’lon qilib, to‘rt soat ichida taslim bo‘lishni talab qildi. «Milliy qarshilik fronti» yetakchisi Ahmad Mas’ud va Panjsherning boshqa oqsoqollari viloyatni topshirib qo‘ymasligini bildirdi.

Keyinroq «Tolibon» hududga yuzlab jangchilarni yuborganini ma’lum qilib, viloyatni qamal qilishni boshladi. «Tolibon» Panjsher aholisini internetdan uzib qo‘ydi, hududda mobil aloqa ishlashdan to‘xtadi. Oxir-oqibat 6 sentyabrda «Tolibon» Panjsherni — Afg‘onistondagi toliblar tomonidan nazorat qilinmayotgan so‘nggi viloyatni egalladi.

Panjsherda «Tolibon»ga qarshi isyonlar, norozilik namoyishlari tez-tez sodir bo‘lib turibdi, 2021 yil dekabrda mahalliy aholi fuqaroning o‘ldirilishi ortidan toliblarga qarshi namoyish o‘tkazgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston muxolifati Eronda «Tolibon» bilan o‘tkazilgan muzokaralar biror natija bermasligini qayd etdi