11:14 / 13.01.2022
3 928

Pokiston Hindistondan qanday ajralib chiqqan edi?

Pokiston Hindistondan qanday ajralib chiqqan edi?
«Harakat qil yoki o‘lib ket!»
Britaniya imperiyasi uchun Hindiston mustamlakachilik dunyosining haqiqiy durdonasi edi. 19-asrning oxiriga kelib, mamlakatga kiritilgan investitsiyalar hajmi deyarli 300 million funtni tashkil etdi. Gubernatorlar hindaviylar va musulmonlar o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirar: milliy o‘zlikni uyg‘otish imperiya rejalariga kirmagan edi.

1919 yilda Hindiston hukumati to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi, unga ko‘ra mahalliy hokimiyat yerli aholi qo‘liga o‘tdi. Biroq bu qadam mahalliy aholining tinch-totuv yashashiga hissa qo‘shmadi. Chunki qonun bo‘yicha hukmronlik qilishga hindularga ruxsat berilib, musulmonlar chetda qolib ketdi. Bundan tashqari, mahalliy aholi inglizlar tomonidan qo‘llaniladigan kamsituvchi jazolardan norozi. Ommaviy kaltaklash odatiy hol bo‘lib qolgan. Inglizlar aybdorlarni shu qadar qattiq kaltaklashardiki, keyin ular uzoq vaqt mustaqil yura olmay qolardi.

Musulmonlar bu keskin davrda «Ikki xalq nazariyasi» degan tushunchani ko‘tarib chiqdi. Unga ko‘ra Hindiston ikki dunyoga ajratiladi - hindaviylik va islom. Ularning kesishuv nuqtalari yo‘q. Mafkurachilarning ta’kidlashicha, gap faqat diniy tafovutlarda emas: bu yerda gap madaniyatlar, huquqiy me’yorlar, dunyoga munosabatdagi farqlar haqida borgan.

Mustaqil, «sof» Pokiston tushunchasi shunday tug‘iladi. Bu g‘oyani Muhammad Ali Jinna ko‘tardi. U Buyuk Britaniyada advokat bo‘lish uchun tahsil olgan va liberalizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan edi. 1900 yillarning boshlarida Jinna uyiga qaytib, Hindistonning Kongress partiyasi faoliyatida ishtirok etadi. Bundan tashqari, bir davlatda ikki konfessiyaning bo‘lishi qon to‘kilishiga olib kelishi mumkin edi.

Barrikadalarning boshqa tomonida tinch o‘zgarishlar falsafasi va fuqarolik itoatsizligi harakatlari falsafasi bilan Mahatma Gandi turdi. 1935 yilda qonun chiqaruvchi assambleyalar tashkil etildi. Saylovchilar soni 35 millionga yetdi. «Viloyat muxtoriyati» tamoyili e’lon qilindi.

Cherchillning tarjimai holidagi «qora dog‘»
Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Britaniya Hindiston aholisiga imtiyozlar berish evaziga harbiy yordam so‘radi. 1942 yilda Hindiston Milliy Kongressi mamlakat mustaqilligini talab qildi. Talab rad etilib, 8 ta viloyat hukumatlari iste’foga chiqdi. Avgust oyida mamlakatda Gandining «Harakat qil yoki o‘lib ket!» shiori ostida mitinglar o‘tkaziladi.

Uinston Cherchill Hindiston mustaqilligining eng murosasiz dushmanlaridan biriga aylandi: yoshligida ham, siyosiy faoliyatining cho‘qqisida ham u muxoliflarni qudratli imperiya maqomini saqlab qolish uchun mustamlakalarga ozodlik bermaslik zarurligiga ishontirdi. Cherchill shunday degan: «Hindiston uchun Dominion maqomini kengaytirish mumkin emas ... Va biz yillar yoki avlodlar davomida Dominion maqomiga erishish yo‘lini belgilashga harakat qilmasligimiz kerak. Rivojlanish tezligi faqat hindlarning ichki tartibi va “sivilizatsiyasi" darajasiga bog‘liq».

1943 yilda Cherchill Bengaliyada (Hindistonning shimoli-sharqiy qismidagi viloyat) ocharchilik paytida harakatsizlikda ayblandi. To‘yib ovqat yemaslik bu yerda 9 milliongacha odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Tarixchilarning fikricha, ommaviy ocharchilik uchun javobgarlikning bir qismi Buyuk Britaniya zimmasiga tushadi. Chunki, Britaniya ma’muriyati qaroriga ko‘ra, Bengaliyadan o‘n minglab tonna don olib ketilgan. Cherchil hindistonliklar haqida “ochlik bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham hindlar quyonlardek ko‘payaveradi” kabi aytgan ko‘plab haqoratomuz so‘zlari bilan ham yodda qolgan.

Kalkuttadagi qirg‘in
1946 yilda Hindiston Milliy Kongressi va Pokistonni alohida davlatga ajratishga intilgan Musulmon Ligasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik avjiga chiqdi. Bu Kalkuttada qirg‘inlarga olib keldi. 16 avgust kuni shahar ikki dushman lageriga bo‘lingan edi. Uch kun davomida hindaviylar va musulmonlar o‘rtasida qirg‘in bo‘ldi. Qurbonlarning 4000 nafar bo‘lgan deb taxmin qilingan. Na ayollar, na bolalar ayalmadi, yuzlab uylar talon-taroj qilindi. Hind shahrida sodir bo‘lgan fojiali voqealar qisman Britaniya mustamlaka mulklarining bo‘linishiga sabab bo‘ldi.

Hindiston vitse-qiroli tomonidan taklif qilingan rejaga muvofiq, xaritada ikkita hudud paydo bo‘ldi - Hindiston Ittifoqi va Pokiston. Shu bilan birga, Panjob taqdiri Qonunchilik assambleyasida musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan tumanlar deputatlari va hindlar yashaydigan tumanlar deputatlarining alohida ovoz berish yo‘li bilan hal qilinishiga kelishildi. Panjob har ikki tomon uchun to‘siq bo‘lib qoldi.

Britaniya Hindistoni 1947 yil 15 avgustda yarim tunda rasman o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bo‘linish chizig‘ini britaniyalik huquqshunos Siril Redkliff o‘rnatgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu odam boy yuridik amaliyoti bilan maqtana olmas edi. Biroq, Britaniya ma’muriyati nazarida uning shubhasiz ustunligi bor edi: Siril Hindistonda bo‘lmagan, shuning uchun uning aholining turli guruhlariga munosabati noxolis emas edi. Redkliff chizig‘i musulmon va musulmon bo‘lmagan aholi yashaydigan hududlarni chegaralashi kerak edi. 1947 yil arafasida Britaniya Hindistonining aholisi taxminan 390 millionni tashkil etgan bo‘lsa, bo‘linishdan keyin - 330 million qoldi. G‘arbiy Pokistonda 30 million, Sharqiy Pokistonda ham xuddi shuncha odam qoldi.

Kashmirning noaniq maqomi ikki davlat o‘rtasidagi tinch munosabatlarni imkonsiz qildi. Kashmir 1947 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Bu bayonotdan keyin bu yerga Pokiston va Hindiston askarlari kiritildi. Kashmir uchun urush mahalliy aholining talon-taroj qilinishi va qotilliklari bilan boshlandi.

Hindiston 1950 yilda, Pokiston 6 yildan keyin dominion maqomidan voz kechdi. 1965 yilda Ikkinchi Kashmir urushi boshlandi, 7 mingga yaqin odam uning qurboni bo‘ldi. Mojaroning yangi bosqichi 1971 yil 26 martda Bangladesh o‘z mustaqilligini e’lon qilgan vaqtga to‘g‘ri keladi. 1984 yilda Hindiston, Pokiston va Xitoy chegaralarida joylashgan Siachen muzligida mojaro boshlandi. Buni nazorat qilish Xitoydan Pokistonga boradigan savdo yo‘llari ustidan nazoratni anglatadi.

Yoqub Umar tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pokiston Hindistondan qanday ajralib chiqqan edi?