date

Toshkent viloyatida 10–11 asrlarga oid noyob devoriy suratlar topildi

Toshkent viloyatida 10–11 asrlarga oid noyob devoriy suratlar topildi

Toshkent viloyati hududida arxeologik jamoa tarix uchun ulkan ahamiyatga ega topilmani aniqladi — milodiy X–XI asrlarga tegishli qadimiy devoriy suratlar qayta tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob rasmlar qadimgi Qanqa shahri shahristonida joylashgan karvonsaroy xarobalaridan topilgan. Arxeologlar ta’kidlashicha, bu karvonsaroy qadimda shaharning iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan. Uning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr uzoqlikda joylashgan binolar me’moriy jihatdan juda boy bezaklarga ega bo‘lgan.

Qazishmalar davomida karvonsaroy xonalaridan birining devorlaridan qulab tushgan surat bo‘laklari topilgan. Ular 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr o‘lchamda bo‘lib, binoning ichki qismi zamonasi uchun badiiy jihatdan yuksak darajada bezatilganini ko‘rsatadi. Mutaxassislar fikricha, bu topilma arablar yurishi ortidan yo‘qolgan devoriy bezak san’ati 10–11 asrlarda Toshkent vohasida qayta tiklanganini isbotlaydi.

Arxeologik ma’lumotlar shundan dalolat bermoqdaki, o‘xshash bezakli rasmlar ilgari Samarqand va Axsikent yodgorliklaridan ham topilgan. Endi esa, Madaniy meros agentligi va Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari ishtirokida o‘rganilayotgan bu topilmalar Toshkent hududida ham devoriy rassomlik maktabi mavjud bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, 2023-yilda Qanqa yodgorligida o‘tkazilgan izlanishlar natijasida V–VII asrlarga oid ibodatxona va harbiy anjomlar ham aniqlangan edi. Bu esa Qanqani nafaqat savdo yo‘llaridagi muhim nuqta, balki san’at va madaniyat markazi bo‘lganini yana bir bor isbotlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent viloyatida 10–11 asrlarga oid noyob devoriy suratlar topildi