1 857
Kuniga sakkiz soat, haftasiga besh kun ishlash tartibini kim, qachon va qanday joriy qilgan?
Ko‘plab mamlakatlar uchun odatiy sanalgan haftada besh kunlik, kuniga esa sakkiz soatlik mehnat tizimi XX asrgacha bosqichma-bosqich shakllanib kelgan. Bu jarayon kimlar tomonidan qanday amalga oshirilgani, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston va dunyodagi vaziyat to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Yog‘och zavodidagi bir guruh lotin amerikalik ishchilar
Besh kunlik ish tartibi tarixi
Mazkur tizim amerikalik avtomobil magnati Genri Ford tomonidan yo‘lga qo‘yilgan, degan qarash mavjud. 1914 yil 5 yanvarda u o‘z korxonasida ish kunini 9 soatdan 8 soatga qisqartirib, bir smena uchun uch dollar qilib belgilangan maoshni besh dollarga ko‘taradi.
Raqobatchilar bu o‘zgarishga shubha bilan qaragandi, lekin yondashuv vaqt o‘tishi bilan o‘z samarasini beradi. Butun mamlakatdagi eng yaxshi mexaniklar Ford Motor Company’ga oqib kela boshlaydi. Natijada Ford atigi ikki yil ichida foydani ikki baravar oshirishga muvaffaq bo‘ladi.
Ushbu g‘oyaning iqtisodiy samaradorligi isbotlanganiga qaramay, butun Amerikada sakkiz soatlik ish kuni oradan 23 yil o‘tibgina — bir qator ish tashlashlar yuz berib, 1937 yilda «Adolatli mehnat me’yorlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganidan so‘ng joriy etilgan.
Genri Ford
Lekin ish vaqtiga yangilik kiritgan tarixdagi birinchi inson Genri Ford emas. 1593 yilda qirol Filipp II o‘zining Ordenanzas de Felipe II farmonida birinchi marta sakkiz soatlik ish kunini joriy qilib, mehnat yukini vaqtga qarab taqsimlashni yo‘lga qo‘yadi. Masalan, quyosh jaziramasidan qochish uchun ishchilar ertalab va kechqurun to‘rt soatdan ishlashlari kerak bo‘lgan.
Odatiy tartibga ikkinchi qadam 1810 yilda sanoatchi Robert Ouen tomonidan qo‘yilgan. Avvaliga u o‘zining Nyu-Lanarkdagi zavodida 10 soatlik ish kunini belgilab qo‘ygandi (undan avval 14-16 soat ishlangan), oradan yetti yil o‘tib esa sakkiz soatga qisqartiradi. Ouen hatto maxsus shior ham o‘ylab topgan: «Sakkiz soat ish, sakkiz soat xursandchilik, sakkiz soat dam».
Ijobiy o‘zgarishlar, xodimlar va kasaba uyushmalarining faol qo‘llab-quvvatlashiga qarmay, uzoq vaqt davomida besh kunlik ish haftasi odat tusiga kirmagan. Bu tartibga yirigmanchi asr boshlarida ommaviy ravishda o‘tish boshlanadi.
1912 yilda Hindiston Osiyoda birinchi bo‘lib kuniga sakkiz soat, haftada besh kunlik tizimni qonunchilikka kiritgan. 1917 yilda SSSRda sotsialistlarning 40 soatlik ish jadvali haqidagi g‘oyasi qonuniylashtiriladi. Aksariyat Yevropa mamlakatlarida odatiy ish smenasi 1919 yilda iqtisodiyotni falaj ahvolga keltirgan bir qator kasaba uyushmalari ish tashlashlaridan keyin o‘rnatiladi.
Yaponiyada 1919 yilda ishchilarning keng ko‘lamli ish tashlashi natijasida Kawasaki birinchi bo‘lib 40 soatlik ish haftasiga o‘tadi. Tizim «Mehnat standartlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganidan so‘ng 28 yil o‘tib kuchga kiradi. Oxirgi sakkiz soatlik ish kunlaridan biri 1947 yilda Avstraliya tomonidan qabul qilingan.
Bugungi kunda ahvol qanday?
MDH davlatlaridagi Mehnat kodeksiga ko‘ra besh kunlik haftada ish kunining uzunligi sakkiz soat va tushlik uchun qo‘shimcha bir soatdan oshmasligi kerak. Boshqa mamlakatlarda vaziyat-chi?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat rekordchilari Kolumbiya (haftasiga 47,6 soat) va Turkiyada (46,4) istiqomat qiladi. Meksika (49,9) va Kosta-Rika (43,6) ulardan biroz ortda qoladi.
Lekin hamma ham bu rekordni yangilash ishtiyoqida emas — OECD ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda o‘rtacha ish kuni 37 soatni tashkil qiladi.
Niderlandiya (29,4), Daniya (32,5) va Norvegiya (32,5) aholisi eng kam ishlaydiganlar sirasiga kiradi.
Foto: Laba
Garchi sharqiy davlatlar OECD reytingiga kiritilmagan bo‘lsa-da, ularning ko‘rsatkichi Kolumbiya va Turkiyani osongina ortda qoldirishi mumkin. Masalan, Xitoyda ko‘plab kompaniyalar 9–9–6 tartibotiga amal qiladi: xodimlar haftada olti kun ertalab soat oltidan kechki to‘qqizgacha mehnat qilishi kerak. Bunday tartib qonunan taqiqlanganiga qaramay, ko‘plab yirik korxonalar uni ochiq qo‘llab-quvvatlaydi — masalan, Alibaba Group.
Yaponiyada ish vaqti haddan tashqari uzunligi sabab ko‘plar o‘z joniga qasd qilishgacha boradi. Hatto shu holatni anglatuvchi «Karosi» atamasi ham o‘ylab topilgan. BBC nashri 2016 yilda bergan ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 2 mingdan ortiq odam ish joyida holdan to‘ydiruvchi mehnat tufayli olamdan o‘tadi.
O‘zbekistondagi vaziyat
O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 115-moddasida belgilab qo‘yilgan normaga ko‘ra, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.
Korxonada ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilingan taqdirda, ushbu Kodeksning 123-moddasiga binoan, hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmasligi shart.
Kelajakda ish kunini yanada qisqartirish g‘oyalari XXI asr boshidan beri ko‘plab mamlakatlarda muhokama qilinib, sinovdan o‘tkazildi. Masalan, 2010 yilda Britaniyaning New Economics Foundation jamg‘armasi mamlakatda 21 soatlik ish haftasini o‘rnatishni taklif qilgandi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar