00:27 / 09.02.2022
1 362

Putin va Makron Kremlda nimalar haqida gaplashishdi?

Putin va Makron Kremlda nimalar haqida gaplashishdi?
Rossiya va G‘arb Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning qator g‘oyalarini inobatga olgan holda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishi mumkin. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin seshanba kuni Kremlda fransuz hamkasbi bilan muzokaradan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qildi.

Putin Makron bilan umuman Rossiya reaksiyasining mohiyati haqida gapirdi, ammo tafsilotlarni jurnalistlar bilan baham ko‘rmadi.

Keyingi muzokaralarda Fransiya rahbarining g‘oyalaridan foydalanish mumkinligini aytgan Putin: «Uning bir qator g‘oyalari, takliflari haqida gapirishga hali erta, men ularni keyingi qo‘shma qadamlarimizga asos bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman», degan.

Makron Putinga aynan nima taklif qilgani hozircha noma’lum. U matbuotga «Yevropada barqarorlik va xavfsizlikning yangi tartibi» «kelishuvlarni yoki asosiy tamoyillarni qisman qayta ko‘rib chiqish» yoki «Yevropa davlatlarining huquqlarini buzish orqali» qurilmasligi kerakligini aytgan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina NATOga a’zo bo‘lsa va Qrim masalasini harbiy yo‘l bilan hal qilish uchun urinsa, Yevropa Rossiya bilan ziddiyatga kirishishi mumkin: “Agar siz ushbu shartnomaning (NATO shartnomasi) 5-bandini amalga oshirishga urinsangiz, ko‘zingizni yumib ochishga ham vaqtingiz bo‘lmaydi. «Fransiya Rossiya bilan jang qilishini xohlaysizmi? Shunday ham bo‘ladi!» – degan prezident.

NATO va Moskvaning salohiyati qiyoslab bo‘lmaydi, deya tan olsa-da Putin, Rossiya Federatsiyasi yadroviy qurol bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri ekanligini aytib: «urushda g‘oliblar bo‘lmaydi», - deya ogohlantirgan.

Moskva voqealarning bunday rivojlanishini istamaydi va barchaga mos keladigan murosalarni topishga intiladi, degan Rossiya rahbari.

Putin Ukrainadagi vaziyatni hal qilish uchun Minsk kelishuvlariga muqobil yo‘l yo‘qligini ta’kidlagan.

Makron Minsk kelishuvlariga muqobil yo‘l ko‘rmayotganini tasdiqlagan va seshanba kuni muzokaralar o‘tkazmoqchi bo‘lgan ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiyga ularga amal qilishini eslatib qo‘yishga va’da bergan.

Moskva Ukrainaning sobiq prezidenti, endilikda esa jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Oliy Rada deputati Pyotr Poroshenkoga siyosiy boshpana berishga tayyor.

Shu bilan birga, Putin Poroshenko prezidentligidayoq unga bergan va’dalarini eslatib o‘tgan: «O‘z vaqtida, janob Poroshenko hali Ukraina prezidenti bo‘lganida, men unga kelajakda qandaydir qiyinchilik bo‘lsa, Rossiya unga siyosiy boshpana berishga tayyor, deb aytgan edim. Bugun men Donbassdagi kelishuv masalasida jiddiy kelishmovchiliklarimiz bo‘lishiga qaramay, o‘z takliflarimni tasdiqlamoqchiman».

Rossiya yetakchisiga ko‘ra, Ukrainada Poroshenkoning davlat jinoyatchisi sifatida ta’qib qilinishi “hozirgi rahbariyatning ortiqcha «muvaffaqiyatga intilishi»dir”.

Azon.uz portali siyosiy sharhlovchisi Hamid Sodiq ikki davlat uchrashuvi va uning ortidan kutilayotgan oqibatlarga oid mulohazalarini bayon etdi.

Qaysidir ma’noda tarix takrorlanayapti. 2008 yilgi Rossiya – Gruziya o‘rtasidagi harbiy harakatlarda tinchlik elchisi vazifasini Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti N.Sarkozi bajargan edi. To‘g‘ri, N.Sarkozi boshlanib bo‘lgan urushni to‘xtatish maqsadida kelgan bo‘lsa, E.Makron urush boshlanib ketmasligi uchun keldi. Masalaning nozik jihati mana shu joyda nazarimda, Rossiya iloji boricha harbiy harakatlarga kirib ketmoqchi emas, lekin bor kuchi bilan eskalatsiyani qiyomiga yetkazish istagida. Buni uning “To‘g‘ri NATO tashkilotining harbiy qudrati va texnologik ustunligi bor, lekin biz dunyoning yadro arsenaliga ega liderlaridanmiz” yoki “bu urushda g‘oliblar bo‘lmaydi” mazmunidagi yalang‘och tahdidlari bunga yaqqol misol bo‘ladi. Yana bir jihat davlatlar darajasidagi jiddiy muzokaralarda V.Putinning Ukrainaga qaratilgan “Yoqadimi, yoqmaydimi – chida azizam” so‘zlari juda o‘rinsiz (uyatli) bo‘ldi nazarimda.

E.Makronning tinchlikparvarlik tashrifi natija beradi nazarimda, chunki E.Makron V.Putin bilan uchrashuvidan keyin, Ukraina prezidenti V.Zelenskiy, Germaniya bosh vaziri O.Shols va Polsha Prezidenti Andjey Duda bilan uchrashuvlari ham ko‘zda tutilgan. Demak, “Xalqaro xuligan” va ratsional G‘arb o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan qandaydir kelishuvlarga erishiladi.

Yana shuni ta’kidlash o‘rinli, V.V.Putin, bugungi Ukraina armiyasi 2014 yilgi armiya emasligini u sifat jihatdan butunlay boshqa darajadagi va harbiy ruhi juda yuqori ekanligini va o‘zining benihoyat ko‘p harbiy texnikalari, Kollektiv G‘arb harbiy texnikalaridan texnologik jihatdan ancha orqada ekanligini yaxshi biladi. Qorabog‘ urushida, texnologik “Bayroqdorlar”, “Xarop” va “Loralar” hujumidan metallolomga aylangan o‘z harbiy texnikalarining “qabristonini” ham ko‘rdi.

Bundan tashqari V.V.Putinning shaxsiy reytingi Rossiya fuqarolari ichida ham 30-35 % ga tushib qolganligi hech kimga sir emas. Yana bir fakt 2021 yilda RFda o‘limlar sonining salbiy o‘sishi 1 000 000 tadan oshgan, ekspertlarning aytishicha bunday statistika 1945 yilda qayd etilgan ekan. Rossiyada aslida degeneratsion jarayon jadallik bilan kechmoqda, Putin rejimi chokidan so‘kilib ketishga tayyor, Ukrainaga bostirib kirish esa rejim uchun oxirgi tomchi bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya uchun harbiy harakatlar juda qimmatga tushadi va tushmoqda, tabiiyki bu shundoq ham qiyin ahvolda yashayotgan fuqarolarning moddiy ahvoliga ta’sir ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi, bu esa o‘z navbatida Rossiya ichkarisida norozilik “haroratini” ko‘tarishi mumkin.

Vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy va harbiy vaziyat nafaqat Ukraina va Kollektiv G‘arbni, balki V.Putin va uning atrofidagilarni ham tashvishga solmoqda va zo‘riqtirmoqda
”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Makron Kremlda nimalar haqida gaplashishdi?