09:27 / 01.03.2022
2 220

Ukrainadagi urush tufayli barqarorlikka tahdid keskin kuchaydi

Ukrainadagi urush tufayli barqarorlikka tahdid keskin kuchaydi
Foto: Illustrativ foto
Bugun Rossiya Ukrainada boshlagan harbiy harakatlarning beshinchi kuni. Rossiya harbiy operatsiyalari davom etar ekan, uchinchi jahon urushiga doir tahdidlarning jiddiy kuchayayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kuchayishi ortidan Prezident Vladimir Putin mamlakat yadroviy kuchlariga mas’ul harbiy bo‘linmalarni jangovar hozirlik holatiga keltirishga buyruq berdi. Ayni paytda Belarus Ukrainaga qarshi urushga rasman qo‘shilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar yuzaga chiqdi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 27 fevral kuni ertalab vaziyat haqida ukrainlarga hisobot berdi. Bu chiqishida u konstitutsiyaviy o‘zgarishlar uchun ovoz berayotgan Belarus xalqiga murojaat qildi. Ukrainaga, xususan, Kiyevga qilinayotgan hujumlarda Belarus muhim o‘rin tutadi. Poytaxtga tashlangan rus harbiy texnikasining aksariyati Belarus orqali kirib kelayotgani, raketa zarbalari ham aynan Belarusdan amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

Urush manzarasida esa keskin burilish kuzatilgani yo‘q. Rossiya qo‘shinlari uch kundirki Kiyevni zabt etishga urinmoqda. Ukraina tomoniga ko‘ra, shu uch kun davomida Rossiya Qurolli Kuchlari o‘ta og‘ir talafotlar bergan, bu esa ayni paytga kelib Kiyev uchun janglar shiddatini bir qadar susaytirgan. Rus harbiylari artilleriya va raketa zarbalarini yo‘llash bilan cheklanishmoqda. 27 fevral kungi shiddatli janglar Ukrainaning boshqa bir yirik shahri Xarkovga ko‘chdi. Ayrim ma’lumotlarda rus qo‘shinlari shaharni egallashgani aytilsa, boshqa manbalarda Xarkov nazorati uchun janglar shahar markazida davom etayotgani xabar qilinmoqda. Tunda poytaxt Kiyev yana o‘qqa tutilgan. Xarkov, Odessa, Sumi, Chernigov viloyatlarida janglar kechmoqda.

Urushning to‘rtinchi kuni Rossiya qo‘shinlarining Kiyevni zabt etish rejasi jiddiy qarshilikka uchraganini ham ko‘rsatdi. Ukraina tomoni poytaxt ostonasida rus qo‘shinlari to‘xtatilgani, aksariyat raketa zarbalari bartaraf qilingani, o‘nlab harbiy texnika, jumladan, yana bir harbiy samolyot urib tushirilganini ma’lum qildi.

Urushga qarshi namoyishlar
Dunyo bo‘ylab urushga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Germaniya poytaxti Berlinda 100 mingdan ziyod odam ko‘chaga chiqdi. Minglab odam Madridda ham namoyish qildi. Ispaniyada yashovchi ukrain jamoasi vakillari ayniqsa faol. «Rossiya bilan bir bo‘lishni istamaymiz. Mamlakatimizning mustaqil bo‘lishini istaymiz. Yevropada bo‘lishni istaymiz. Ukrainada rus tilida so‘zlashishni xohlamaymiz. Putin bizni o‘z holimizga qo‘yishini xohlaymiz», — deyishmoqda ular.

Norozilik aksiyalari AQSHda ham bo‘lib o‘tmoqda. Ukrainalik muhojirlar eng ko‘p istiqomat qiladigan Chikago shahrida namoyishchilar o‘z mamlakatlari madhiyasini kuylab, urushga qarshi shiorlar aytib, bir soatdan ortiq piket uyushtirishgan. Poytaxt Vashingtonda Oq uy qarshisida o‘tkazilgan namoyish ishtirokchilari AQSH hukumatini Ukrainaga yordamni kuchaytirishga chaqirdi. Rossiyaning o‘zida ham — Moskvadan to Sibirgacha bir necha shaharlarda aholi ko‘chaga chiqib, urushga noroziligini bildirmoqda.

Belarus chegarasida Ukraina ‒ Rossiya muzokaralari
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, uni Rossiya bilan muzokara boshlashga chaqirgan. «Kecha oqshom menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Kimligini aytmayman. Ukraina elitasidan. Ba’zilari meni ayblashga harakat qildi, ammo boshqalari o‘rtada turib berishni so‘rashdi. O‘rtada turishga harakat qilayotganimni, ammo ular tomondan biror harakat ko‘rmayotganimni aytdim», — dedi Lukashenko. Muzokaralarni Belarusda o‘tkazish taklif etilgan. Gomelda boshlanayotgan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga prezidentning yordamchisi, sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy boshchilik qiladi. «Biz uchun har bir soat, har bir daqiqa muhimdir. Muloqot qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi. Bu degani ukrainalik birodarlarimiz, oddiy fuqaro, askarlar hayoti saqlanadi», — dedi Medinskiy.

Zelenskiy Belarus bilan chegarada muloqotga rozilik berdi va o‘z delegatsiyasini yubordi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning aytishicha, Kiyev vakillari Rossiya takliflarini tinglash uchun borgan, ammo Ukraina taslim bo‘lish shartini qabul qilmaydi.

G‘arb sanksiyalari kuchaytiriladi
Ziddiyat soyasida Rossiyaga G‘arb bosimi kuchayib bormoqda. Yevropadagi mamlakatlar xalqaro sanksiyalarga tushgan rus banklarini SWIFT xalqaro to‘lovlar tizimidan chiqarishga kelishdi. Iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar natijasida rubl qiymati keskin tushib ketgan, bankomatlarda naqd pul kamomadi kuzatilmoqda, odamlar pul yechib olish uchun uzundan-uzun navbatlarda turishibdi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trassning aytishicha, London yangi sanksiyalar qo‘yish uchun rus oligarxlari ro‘yxatini tuzmoqda. Germaniya Kansleri Olaf Shols esa Ukrainaga qurol berilishi, Ukraina Qurolli Kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun salkam 100 milliard yevro ajratilishi haqida ma’lum qilib, Germaniya mudofaasi uchun ham xarajatlar oshirilishini bildirdi. «Bundan keyin yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan ko‘pini mudofaa uchun ajratamiz», — dedi Shols parlamentdagi qonunchilarga. Yevropa Ittifoqiga a’zo ko‘p mamlakatlar Rossiya bilan havo sarhadlarini yopgan. Kreml o‘xshash choralar bilan javob qaytardi.

Aholi Ukrainani tark etmoqda
Harbiy harakatlarda aholiga zarar yetkazilmasligi da’vo qilingan bo‘lsada, minglab ukrainaliklar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lmoqda. Bugungi kungacha ularning soni 300 mingga yaqinlashgani aytilmoqda. Harbiy harakatlar olib borilmayotgan g‘arbdagi Lvov shahri yonida yuzlab mashinalar chegara tomon yurishga harakat qilmoqda, biroq tirbandlikda turib qolgan. Guvohlarning aytishicha, kolonna 3 kundan beri bir joyda turibdi. Ayollar va bolalar Ruminiya, Polsha, Slovakiya va Vengriyaga chiqib ketishga umid qilishmoqda.

Abduvali SOYIBNAZAROV tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urush tufayli barqarorlikka tahdid keskin kuchaydi