date
views 4 437

Canktsiyalar sabab Rossiyada ocharchilik boshlanadimi? Iqtisodchi javobi...

Canktsiyalar sabab Rossiyada ocharchilik boshlanadimi? Iqtisodchi javobi...
Rossiya qisqa muddatda dunyoning eng koʻp sanktsiya joriy etilgan mamlakatiga aylandi.
Foto: dpa

Ayni paytda sanktsiyalar «yomgʻir»i ostida qolgan Rossiyaning yaqin kelajagi xususida ikki xil keskin qarashni kuzatish mumkin. Bir toifa odamlar iqtisodiy jazo choralari hech qanday ta'sirga ega emas, hayot yana bir maromda davom etaveradi deb hisoblaydi. Bunga muxolif ikkinchi guruh esa bir necha oy ichida Rossiyada ocharchilik boshlanishini bashorat qilmoqda.

Oʻzbekistonlik iqtisodchi, Viskonsin universiteti biznes maktabi (AQSh) doktoranti Behzod Hoshimov Rossiyaning yaqin kelajagi qanday boʻlishi borasidagi mulohazalari bilan boʻlishdi.

Mutaxassisga koʻra, sanktsiyalar Rossiyaga kuchli ta'sir koʻrsatadi: daromadlar tushadi, ishsizlik va inflyatsiya oshadi, kambagʻallik kamida ikki barobarga oʻsadi, eng iqtidorli qatlam imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga harakat qiladi. Ammo bu – mamlakatda muqarrar ocharchilik boʻladi degani emas.

«Agar Rossiya hukumati boshqa xatolar qilmasa, ocharchilik va mamlakat toʻkilib ketmasligini ta'minlashi mumkin va bu unchalik qiyin emas. Qandaydir ma'noda, yomon hayotga odamlar koʻnikadi, chunki boshqa iloj ham yoʻq. Agar qattiq narx nazorati va importni cheklovchi choralar koʻrilmasa, ocharchilik boʻlmasligi deyarli kafolatlangan. Rossiyaning hali ham koʻp neft va gazi bor (uni qazib chiqarish qimmatlashsa ham), uni ikkilamchi bozorlarda oʻrtakashlar orqali katta diskontga sotib kun koʻra oladi», – deb yozadi B.Hoshimov.

Tahlilchi nazdida, amaldagi siyosiy tuzumning umrboqiyligi kuchishlatar tizimning daromadi saqlanib qolishiga bogʻliq.

«Eng muhimi, ijtimoiy tartibga mas'ullarning daromadlari, ya'ni xavfsizlik xizmatlari va politsiyaning daromadlari nisbiy ravishda tushib ketmasa, tuzum ancha barqaror boʻla oladi. Insonlar, ayniqsa, axborot olish imkoniyatlari cheklangan insonlar juda uzoq muddat ichida eng vahshiy, qashshoq va erksiz tuzumga chiday oladi», – deydi ekspert.

Keyingi paytlarda tahlilchilar Rossiyaning boshiga Eron va Shimoliy Koreya kuni tushishini ham bashorat qilmoqda.

«Rossiya Eron va Shimoliy Koreyadan koʻra ancha yaxshiroq ahvolda. Birinchidan, tsivilizatsiya bilan ulaydigan katta ogʻasi bor. Toʻgʻrirogʻi, hozir mavjud emas hali, endi boʻladi. Shimoliy Koreya Xitoy uchun joʻyali biror narsa taklif qila olmaydi. Rossiya esa koʻp tabiiy boyliklarini juda arzon narxda yagona xaridorga taklif qilib, evaziga kerakli texnologiyalar va ocharchilikni oldini olishga etarli boshqa narsalarni ola biladi», – deya mulohazalarini davom ettiradi u.

Ayni choqda, ekspert Moskvaning Pekinga qaramligi ortadi deb hisoblaydi.

«Oʻylaymanki, uzoq muddatda Rossiya oʻrta daromadli, dunyo bilan integratsiyalashuvi ancha cheklangan, juda harbiylashgan, erkinliklar ancha qisqargan va Xitoyga juda qaram mamlakatga aylanadi», – deb xulosa qiladi iqtisodchi B.Hoshimov.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil 24 fevral kuni Rossiya Ukraina hududiga qoʻshin tortib kirishi ortidan mamlakatga nisbatan keng koʻlamli iqtisodiy-moliyaviy cheklovlar joriy etildi. Xalqaro hamjamiyat harbiy harakatlarni umum e'tirof etilgan huquq me'yorlarining poymol etilishi va mustaqil davlat hududiy yaxlitligining buzilishi oʻlaroq qoraladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo