15:44 / 31.10.2023
306

Yosh ko‘rinishingiz uchun: tarkibida retinol miqdori ko‘p bo‘lgan 5 mahsulot

Foto: Getty Images

Retinol shaklidagi A vitamini qarish jarayonini sekinlashtirish maqsadida ishlab chiqariladigan kosmetik vositalarning eng mashhur komponentlaridan biri hisoblanadi. Aslida u biz isteʼmol qilayotgan ko‘plab tabiiy mahsulotlar tarkibida ham bor. Ayrim mahsulotlar tarkibidagi retinol miqdori nafaqat salomatlikka, balki tashqi ko‘rinishingizga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatish uchun yetib ortadi.

Bizga bolalikdan A vitamini sabzi, qovoq, yorqin rangdagi sabzavot va mevalar tarkibida bo‘lishini uqtirib kelishgan. Buni qisman to‘g‘ri deyish mumkin: meva va sabzavotlarning to‘q sariq rangi uchun karotinoidlar – A vitaminini hosil qiluvchi moddalar javob beradi. Biroq beta-karotin va boshqa turdagi karotinoidlar A vitamini (retinol)ga aylanishdan avval uzoq davom etadigan jarayondan o‘tishi kerak.

1 mkg retinol hosil bo‘lishi uchun o‘rtacha hisobda 6 mkg karotinoid zarur. Aynan shuning uchun ham balanslashtirilgan taomnomada nafaqat karotinoidlarga boy meva hamda sabzavotlar, balki tarkibida allaqachon shakllangan A vitaminini saqlovchi mahsulotlar ham bo‘lishi lozim.

Quyidagi mahsulotlar tarkibida katta miqdorda retinol saqlanadi. Ularning ayrimlarini har kuni, ayrimlarini esa haftada 1-2 marta isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

Jigar

Mol jigari tarkibida A vitaminini saqlaydigan mahsulotlar orasida yetakchi sanaladi. 100 g jigar tarkibida 8000 mkg retinol bor desak, ishonasizmi? Bu katta yoshli odamlarning A vitaminiga bo‘lgan bir kunlik ehtiyojidan 3 barobar katta ko‘rsatkich. Shuning uchun ham mol jigarini haftada bir martadan ko‘p isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi. Aytganday, tovuq jigarida joriy ko‘rsatkich 2,5 barobarga pastroq, shuning uchun ham uni kundalik taomnoma tarkibiga kiritish mumkin.

Baliq mahsulotlari

Baliq moyi tarkibida ham katta miqdorda retinol saqlanishi ko‘pchilikka maʼlum. Ikkinchi o‘rinda treska jigari, keyingi o‘rinda esa ikra va baliq filesi turadi.

Qattiq pishloq

Foto: Wallpaper 

Pishloqning yog‘lilik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, bu uning tarkibidagi retinolning shunchalik ko‘p ekanligidan darak beradi. Shunday ekan, pishloqning A vitaminiga boy bo‘lgan qattiq turlarini har kuni ikkilanmay isteʼmol qilavering.

Sut va sut mahsulotlari

Tarkibida A vitamini ko‘p bo‘lgan sut va sut mahsulotlarini pishloqdan alohida taʼkidlash joiz: laktozaga nisbatan sezuvchanligi yuqori bo‘lmagan insonlar uchun sut mahsulotlari ayni muddao. Shu o‘rinda muhim qoidani yodda tuting: mahsulotning yog‘lilik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, bu uning tarkibidagi A vitamini miqdori ham shuncha kattaligini bildiradi. Sariyog‘, qaymoq kabi mahsulotlarni esa haddan tashqari ko‘p isteʼmol qilmang, ular o‘ta kaloriyali mahsulot hisoblanadi. Smetana va tvorogning yog‘liroq turini tanlasangiz, shuning o‘zi ham organizmga yaxshigina foyda keltiradi.

Tuxum

Foto: Klaus Nielsen

Bu yerda gap tuxum sarig‘i haqida bormoqda, A vitamini aynan uning tarkibida saqlanadi. Kuniga 1 dona qaynatilgan tuxum isteʼmol qilish retinolga bo‘lgan kundalik ehtiyojning to‘rtdan bir qismini qoplash uchun yetadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yosh ko‘rinishingiz uchun: tarkibida retinol miqdori ko‘p bo‘lgan 5 mahsulot