Jahon prognoz markazlarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Ural va G‘arbiy Qozog‘iston orqali Rossiyasining shimoliy Yevropa hududlaridan 9—10-dekabr kunlari O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 11—12-dekabrda esa butun respublika hududiga juda sovuq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. Sovuq ob-havoda organizmda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? Nima uchun qishda boshni, lab va qo‘llarni himoya qilish kerak? Quyida Elle nashri eksperti Deniel Atkinson ma’lumotlariga asoslanib ushbu savollarga javob izlaymiz.
Ma’lum bo‘lishicha, past harorat organizmning turli qismlariga turli xil ta’sir ko‘rsatadi.
Miya
Miyadagi gipotalamus sovuqqa sezgir nerv signallariga javob beradi, tana haroratini tartibga solish va muhim organlarni issiq tutish uchun gormonlar chiqaradi. Shu bilan birga, past haroratdan qon tomirlari torayadi. Organizm uzoq vaqt davomida qattiq sovuqqa (gipotermiya) ta’sir qilganda, gipotalamusning funksiyasi fikrlash jarayoniga ta’sir qilishi mumkin, shuning uchun sovuqdan muzlagan odam aniq fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi.
Yurak
Qish mavsumida isinish uchun ko‘proq kislorod olish va hayotiy organlar atrofida ko‘proq qon aylanishi kerak bo‘ladi, shuning uchun yurak bu ehtiyojni qondirish uchun tezroq ishlaydi.
Oyoq va qo‘l barmoqlari
Qon aylanishining buzilishi, ayniqsa, qo‘l va oyoq barmoqlariga ta’sir qiladi. Bu darhol seziladi, chunki barmoqlar oqarib, keyin ko‘k rangga kiradi, uvushish va oxir-oqibat muzlashga olib keladi. Murakkab holatlarda uzoq vaqt davomida salbiy haroratga duchor bo‘lgan to‘qimalar o‘lishi mumkin (nekroz boshlanadi) va bu jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashni talab qiladi.
Soch
Gipotalamus tomonidan chiqariladigan gormonlar inson terisida izolyator vazifasini bajaradi va tana haroratini ushlab turadi. Sovuqda sochlar tana haroratidan ajralib qoladi va terida sovqotish paydo bo‘ladi.
Burun
Burun ichidagi teri sovuq havoda qurib, yorilib, yallig‘lanishi mumkin.
O‘pka
Odatda burun, og‘iz va tomoq o‘pkaga yetib borguncha havoni isitadi va namlaydi. Ammo havo juda sovuq bo‘lsa, u isinishga vaqt topolmaydi, buning natijasida nafas olish yo‘llarining mushak to‘qimalari qurishi va spazm paydo bo‘lishi mumkin. Bu nafas olish va yo‘talishda qiyinchiliklarga olib keladi. Shuning uchun quruq sovuq havo astma xurujlarini kuchaytirishi mumkin.
Lablar
Sovuqda lablarning yupqa terisi qurib, yorilib ketishi mumkin. Shuning uchun uni odatdagidan ko‘ra ehtiyotkorlik bilan himoya qilishni unutmaslik lozim.
Muskullar
Sovuq ob-havoning dastlabki daqiqalarida organizmda mushaklarning majburiy qisqarishi paydo bo‘lishi mumkin — bu organizm energiya ishlab chiqarishi va qon aylanishini oshirish uchun zarurdir. Shu bilan birga, yengil titroq hissi kuzatiladi. Organizm past haroratga o‘rganib qolgandan so‘ng titroq yo‘qoladi.
Tomirlar
Kislorodni muhim organlarga tezda yetkazib berish uchun qon tomirlari torayadi. Gipotalamus tomonidan chiqariladigan gormonlar tomirlarga shunday signal beradi — hayotiy organlarga qon oqimini ta’minlash. Ammo o‘ta muhim bo‘lmagan organlar yetarli kislorod ololmaydi. Organizmning bu qismlariga oyoq-qo‘llar kiradi.
Teri
Sovuq havo allergik reaksiyaga olib kelishi mumkin. Bunda terida qizil, toshmaga o‘xshash dog‘lar paydo bo‘ladi.
Peshob chiqarish tizimi
Sovuqda hojatxonaga tez-tez boradigan bo‘lsangiz, hayron bo‘lmang. Buning sababi shundaki, qon bosimi ortishi buyraklar qondan ko‘proq suyuqlikni filtrlashiga olib keladi, bu esa peshob chiqarishga bo‘lgan ehtiyojni oshirishi mumkin.
Sovuq ob-havoda nimalar tavsiya etiladi?
Doktor Atkinson sovuq havoda sog‘liqni himoya qilish uchun ehtiyot choralarini ko‘rish juda muhimligi haqida ogohlantirdi. Chunki haroratning kuchli pasayishida organizm kasalliklarga ko‘proq moyil bo‘ladi. “Sovuqda sog‘liq uchun tug‘iladigan jiddiy xavflarni bilish va himoya qilish uchun tegishli choralarni ko‘rish muhimdir”, — deydi mutaxassis.