21:31 / 03.01.2025
69

Nima uchun bu kitobni shu kunlarda oʻqishingiz kerak?

Nima uchun bu kitobni shu kunlarda oʻqishingiz kerak?
Etakchi ekspertlardan biri Jeyms Klir «Atom odatlar» kitobi haqida shunday deydi: «Inson xulq-atvori doimiy ravishda, har daqiqada bir vaziyatdan boshqasiga oʻtganda oʻzgarib turadi, ushbu kitob esa inson tabiatining oʻzgarmaydigan jihatlariga, xulq-atvorning asoslariga bagʻishlangan. Yaxshiroq odatlarni shakllantirishda yakkayu yagona toʻgʻri yoʻl yoʻq, ammo men kitobda oʻzim biladigan eng yaxshi yoʻlni keltirganman. Oʻzgarishlarni qayerdan boshlashingiz yoki nimani oʻzgartirmoqchiligingizdan qat'iy nazar undagi tavsiyalardan foydalanish samara beradi. Kitobda keltirilgan gʻoyalar moddiy ahvolni oʻnglash, ish samaradorligini oshirish, insoniy munosabatlarni yaxshilash yoki yuqoridagilarning barchasini oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan inson uchun qiziqarli boʻladi. Inson xulq-atvori toʻgʻrisidagi kitob hamma uchun qimmatli qoʻllanmadir...»

Ushbu kitobni oʻqigan juda koʻpchilik hayoti yaxshi tomonga oʻzgarganini bot-bot aytishadi. Chunki aynan shu kitobda odatlarni qanday tartibga solish haqida qimmatli maslahatlar beriladi, hayotiy misollar keltiriladi.

«Odatlarimizni oʻzgartirishning natijasini samolyot yoʻnalishini bir necha gradus burishga qiyoslash mumkin... Shu singari kundalik odatlarning biroz oʻzgarishi natijasida hayotimiz butunlay boshqacha boʻlishi mumkin. Yaxshi yoki yomon tomonga bir foiz ogʻish dastlab ahamiyatsiz boʻlib tuyuladi, ammo umrimiz davomida bunday onlar jamlanib kim boʻlishimiz mumkinligi va aslida qanday odam boʻlganimiz oʻrtasida ulkan farqqa sabab boʻladi. Muvaffaqiyat hayotda bir marta boʻladigan hodisa emas, balki kundalik odatlar natijasidir.»

Darhaqiqat, koʻpchilikning biror sohada muvaffaqiyatga erishishi yoki erishmaganligi uning kundalik odatlariga bogʻliq. Masalan yozuvchining har kuni yozishi, vazn tashlashni xohlagan odam har kuni sport bilan shugʻullanishi vaqt oʻtibgina oʻz mevasini beradi. Ayniqsa kitobdagi mana bu fikrlar moliyaviy savodxonlikni oshiraman, degan har bir insonni befarq qoldirmaydi: «Agar millioner boʻla turib, daromadingizdan koʻra xarajatingiz koʻproq boʻlsa, demak notoʻgʻri yoʻldasiz. Pul sarflash odatingizni oʻzgartirmasangiz buning oxiri baxayr boʻlmaydi. Aksincha hozirda ishlaringiz unchalik yurishmayotgan boʻlsa ham, har oy oz-ozdan pul jamgʻarib borsangiz, demak toʻgʻri yoʻldasiz, garchi orzuingizdagidan sekinroq harakat qilayotgan boʻlsangiz ham, oxir-oqibat moliyaviy mustaqillikka erishasiz

Kitobdagi eng muhim e'tibor qaratadigan jihat odatlarni oʻzgartirish xulq-atvorga qanday ta'sir koʻrsatishi haqidagi tahlillar. Muallif xulq-atvordagi oʻzgarishning uch qatlamini sanab oʻtadi: natijalarni oʻzgartirish, jarayonni oʻzgartirish va shaxsiyatni oʻzgartirish. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, inson yomon odatlardan voz kechib, yaxshi odatlarni oʻzlashtirsa uning shaxsiyati rivojlanadi, ya'ni etuklik sari qadam qoʻyadi. Xoʻsh odatlar shaxsiyatni qanday shakllantiradi?

«Misol uchun chekishni tashlashga harakat qilayotgan ikki kishini tasavvur qiling. Tamaki taklif etilganda ulardan biri: «Yoʻq, raxmat men chekishni tashlamoqchi boʻlib yuribman», deb javob beradi. Javob maqtovga loyiq, ammo bu odam garchi odatlarini oʻzgartirishga urinayotgan boʻlsa ham, oʻzini hali ham kashanda deb hisoblaydi. U qarashlarini oʻzgartirmagan holda xulq-atvoriga oʻzgartirish kiritmoqchi. Ikkinchi odam esa yuqoridagi taklifga «yoʻq raxmat, men chekmayman», deb javob qaytaradi. Ikkala javob oʻrtasida farq unchalik katta emas, ammo ikkinchi insonning gapida shaxsiyat oʻzgargani bilinib turadi. Tamaki chekish qachonlardir ushbu odam shaxsiyatining bir qismi boʻlgan, ammo ortiq bunday emas, endi u oʻzini kashanda deb hisoblamaydi...

Xullas «Xulq-atvorni oʻzgartirishning asl usuli oʻzlikni oʻzgartirishdir. Biror narsadan motivatsiya olib qandaydir odatni boshlashingiz mumkin, biroq ushbu odat shaxsiyatingizning bir boʻlagiga aylangandagina ularga sodiq qolasiz. Har qanday odam oʻzini bir-ikki marta sport zaliga tashrif buyurish yoki sogʻlom ovqatlanishga majburlashi mumkin. Biroq toki xulq- atvor ortidagi qarashlar oʻzgarmas ekan, boshlangan ishni uzoq davom ettirish qiyin kechadi. Toki oʻzlingizga singib ketmas ekansiz, barcha oʻzgarishlar vaqtinchalik boʻladi, ya'ni maqsad kitob oʻqish emas – kitobsevarga aylanish, maqsad marafonda qatnashish emas, balki yaxshi yuguradigan sportchiga aylanish, maqsad biror bir musiqa asbobini oʻrganish emas, balki musiqachi boʻlishdir...
»

Nima uchun ushbu kitobni oʻqishni shu kunlarda boshlash kerak? Sababi yangi yil boshlandi, yangi rejalar tuzayotgandirsiz, aynan ushbu kitob rejalaringizni amalga oshirishga, maqsadlaringiz yoʻlida sobitqadam boʻlishga mayoq boʻlishi shubhasiz.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun