2011 yilda dadam vafot etdi. Bilasizmi, bu — butun insoniyatning taqdiri, payg‘ambarlardan qolgan meros. Men hech narsani doston qilmoqchi emasman. Men boshqa narsani isbotlamoqchiman.
Inson tug‘ilibdiki, ota va onasi unga hamroh bo‘ladi, suyanchiq bo‘ladi. Ilk qadamlar ham ular tomon bosiladi. Ammo u ulg‘aygan sari, ota-onaga bo‘lgan muhtojlik kamayib boradi. Endi o‘zingiz yurishni o‘rganasiz. Birov qo‘lingizdan tutishi shart emas. O‘qishni o‘rganasiz. Endi boshqalarning ertak aytib berishiga zor emassiz. Pul topa boshlaysiz. Endi istagan narsangizni o‘zingiz sotib olishingiz mumkin va hokazo.
Eng dahshatlisi, ularning hayotingizdagi o‘rni yillar o‘tgan sari kamayib boraveradi. Insonning eng buyuk xatosi esa, doimo o‘zi muhtoj bo‘lgan narsaga talpinadi, o‘sha narsaning hayotidagi o‘rni haqida ko‘proq fikr yuritadi.
Xo‘p, bir yil oldin dadam men uchun kim edi?
Dadam edi.
Xo‘sh?
Ishga boraman, kelaman. Salomlashaman. Birga o‘tirib, ovqatlanamiz. Ba’zan birga futbol ko‘ramiz. Ba’zan alohida ko‘ramiz. Ba’zan qaysidir mavzuda gaplashamiz. Ba’zan esa, umuman gaplashmagan kunlarimiz bo‘lgan. Sabab o‘sha suhbatsiz ham kunim o‘tavergan. Erta bor-ku?! Aminmanki, sizning ham mendan farqingiz yo‘q. Chunki buni allaqachon kashf qilganman, siz bilan men juda o‘xshaymiz.
Men hozir, sochimni yulmayapman. Nega, ko‘proq gaplashmadim, deb g‘alati nadomatlar chekkandek ko‘rsatib, sizning hissiyotlaringiz bilan o‘ynashish niyatim yo‘q. Oddiy haqiqatni aytmoqchiman.
Bilasizmi, men dadamning vafotini eshitganimda, o‘sha kuni bir kun oldingi voqealarni umuman eslamadim. Dadamning mening hayotimdagi o‘rni, zaxira o‘rindig‘ida ekanini ham his qilmadim. Men zaxira o‘yinchisini yo‘qotgan jamoaga umuman o‘xshamasdim. Mening dadamga bo‘lgan munosabatim tubdan o‘zgardi, men endi "dadam" deganda, o‘sha bir kunimning qandaydir daqiqalarini birga o‘tkazadigan insonni emas, hayotimning muhim bir bo‘lagini tushuna boshladim...
Mana, meni elkalarida ko‘tarib bog‘chaga olib boryapti. Ana, hech qaysi o‘rtog‘imda bo‘lmagan qimmatbaho "tank"ni ko‘tarib keldi. Ana, men birinchi sinfning birinchi darsidaman, o‘qishni bilaman chunki, dadam allaqachon o‘rgatgan. Ana, tashqarida, darsim tugashini kutib, qalin kitob o‘qib o‘tiribdilar. Ana, birga futbolga boryapmiz — u paytlarda stadionlarda anshlag bo‘lardi — yo‘qolib qolmasin, deb qo‘limdan mahkam ushlab olgan. Eh-he, bunday daqiqalarning sanog‘i yo‘qku?!
Nega kecha bu haqida o‘ylamadim? Nega xayotimning har bir muhim daqiqasida yonimda dadam bo‘lganini har doim ham eslab yurmaganman? Nega siz eslab yurmaysiz? Nahotki, bir insonning sizga qanchalik azizligini bilish uchun bitta umrning tugashi shart bo‘lsa? Nahotki, umrning qadriga etishimiz uchun uning aslida qancha daqiqadan iborat ekanini bilishga muhtoj bo‘lsak? Busiz iloji yo‘qmi?
Umrimiz ham, birovning umri ham daqiqalar yig‘indisidan iborat ekan, uni qadrlaylik. Insonga baho berishda, birovning bizning hayotimizdagi o‘rnini aniqlashda aynan hozirgi maqomini emas, umuman u biz uchun kim bo‘lganini ham eslashni o‘rnaylik. Ana o‘shandagina, manfaatlar botqog‘iga botib qolgan bu zamonda insoniy munosabatlarni targ‘ib qilish osonlashadi.
Qahramon Aslanov
Manba: hilol.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Abdusalom Azizovning Xavfsizlik kengashiga o‘tkazilgani tasdiqlanmadi
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi: “Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar”
BAAda isroillik ravvin o‘ldirilishi yuzasidan O‘zbekiston tomoni bayonot berdi
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?