08:10 / 31.05.2017
7 539

Inson tabiatning hukmdori emas!

Inson tabiatning hukmdori emas!
INSON TABIATNING HUKMDORI EMAS
Ko‘pchilik adabiyotshunoslar buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovga nisbatan tabiat kuychisi degan ta’rifni qo‘llashadi. Bunga sabab uning asarlarida inson va tabiat taqdiri birdek hamohanglikda, birdek kuyunchaklik bilan tilga olinishidadir. Ayniqsa, o‘z qadrdon go‘shalaridan ayrilgan yoki ovchilar tomonidan ayovsiz o‘qqa tutilgan hayvonlarning ayanchli taqdiri o‘zgacha mahorat bilan qalamga olinadiki, bu o‘quvchida ularga nisbatan achinish hissini o‘yg‘otadi. Inson tabiatning hukumdori emas, bu zaminda barcha jonivorlarning ham haqi bor, ular ham emin-erkin yashashga haqli, degan tugal xulosaga undaydi. Shu asnoda yozuvchi o‘z o‘quvchisining qalbida ona tabiat, undagi turfa jonivorlar taqdiriga e’tibor, ularga ziyon etkazmaslik hissini tarbiyalaydi.
Quyida Chingiz Aytmatov asarlaridagi insonlarning yovvoyi tabiatga munosabati aks etgan ayrim chizgilar bilan tanishishingiz mumkin.
Orol dengizining yoqasida qamish bosgan ko‘llar ko‘p. Qamishlar orasida esa qo‘llarida qurol bilan berkinib yurgan ovchilar bor. Bahor chog‘i Orolga o‘rdaklar uchib kelishadi. Ular qishni iliq dengizlarda o‘tkazishgan, Orolda muzlar erishi bilanoq kechani kecha, kunduzni kunduz demay orziqib uchib kelishadi, chunki bu erlarni juda sog‘inib qolishgan. Yolg‘iz uchmay, to‘p-to‘p bo‘lib uchishadi, suvda suzib, dumbaloq oshib cho‘milgisi keladi. Dengiz yaqinlashgan sayin pastlab uchadilar. Shu payt qamish ichidan yalt-yult o‘t aralash tutun burqsib chiqadi, tars-turs otilgan miltiq ovozlari eshitiladi. O‘q egan o‘rdaklar chinqirgan ko‘yi suvga qulashadi. Boshqalari esa cho‘chib dengiz o‘rtasiga uchib ketishadi. Dengiz o‘rtasida ular qanday yashashlarini, qaerga yashirinishlarini bilmay, to‘lqinlar ustida chinqirib uchib yurishadi. Axir, o‘rdaklar qirg‘oqqa yaqin yashab o‘rganib qolishgan. Endi qirg‘oqqa yaqinlashishga qo‘rqishadi.
“Asrga tatigulik kun” romanidan
***
O, odamlar, odamlar — odamxudolar! O‘sha odamlar ham azaldan Mo‘yinqum sayg‘oqlarini ovlab keladilar. Avvalda ular otlarga minib, ustilariga teri yopinib, o‘q-yoy otib keldilar, keyin miltiq ko‘tarib varang-varang o‘q qo‘yib ayyuhannos ko‘tardilar, u yoqdan-bu yoqqa halokuning itiday ot qo‘yib chopdilar. Sayg‘oqlar esa to‘da-to‘da bo‘lib dam u yoqqa, dam bu yoqqa qochishar, nihoyat, cheksiz saksovulzorlar ichra g‘oyib bo‘lishar edi. Ana, endi ularni topib ko‘r-chi! Bular ham o‘tib, odamxudolar keyin sayg‘oqlarni mashinalarga minib qira boshlashdi. Xuddi bo‘rilar kabi sayg‘oqlarni avval holdan toydirib, so‘ng miltiqlari bilan qiron solishdi. Undan ham o‘tib, odamxudolar vertolyotlarda uchib kelishdi, keyin sayg‘oqlarni ular o‘tlab yurgan erlardan topishib, belgilangan joylariga haydab, qurshab olib kelishdi, bu payt erda, mashinalarda poylab turgan merganlar tezlikni yuz-yuzdan oshirib ta’qib qilishga tushar, vertolyotlar esa tepadan ularga yo‘l va nishon ko‘rsatib turardilar. Mashinalar, vertolyotlar, tezotar miltiqlar zulmidan Mo‘yin-qumning hayoti ostin-ustun bo‘lib ketdi. Sayg‘oqlar uchun oxirzamon, qiyomat-qoyim boshlandi.
***
Urg‘ochi bo‘ri Akbara tepadan qulagan toshlar va qor uyumlaridan cho‘chib o‘zini orqaga oldi, qorong‘i o‘ngir sari tisarildi, elkasidagi yollari tikkayib, ko‘zlari g‘ira-shirada vahshiyona o‘t sochib, qanday balo kelmasin, unga qarshi sapchishga hozirlanib turdi. Lekin u bekorga xavotirlangan edi. Ochiq dasht yomon. Unda tepangda quvalayotgan vertolyotdan hech qaerga qochib qutulolmaysan, u tinmay, orqangdan qolmay, izma-iz ta’qib qilib kelaveradi, vertolyot parraklarining qasirg‘asi, avtomatdan do‘lday yog‘ilgan o‘qlarning chiyillashi yuragingni azob va qo‘rqinch bilan to‘ldiradi, yorug‘ dunyoda vertolyotdan omonlik yo‘q, qochib qutuladigan, sho‘rlik boshingni pana qiladigan teshik-tuynuk ham yo‘q — shunday paytda er ham yorilmaydi, quvib kelayotganlardan joningni qutqarib, erga kirib ketaman desang.
“Qiyomat” romanidan
***
Oy ham chiqdi, men haydalgan erning narigi tomonida sekin jilib kelayotgan ikkita sharpani sezib qoldim. Bu kiyiklar edi. Qayoqqa ketishayotganikin? Ehtimol, suv ichgani kelishayotgandir. Kiyiklar haydalgan erning chekkasiga kelib, neft va temir hidi anqib turgan shudgorga o‘tishga jur’at etolmay, taqqa to‘xtab qolishdi. Ular kumush rang tovlangan oy nurida shu bo‘yicha qimir etmay uzoq turishdi. Shoxlari tarvaqaylab ketgani erkak kiyik, yag‘rini pastrog‘i urg‘ochi kiyik, oydinda ikkalasining ham katta-katta ko‘zlari yaltirab turardi. Engil boshlarini sergaklik bilan yuqori ko‘tarib, bir-birining pinjiga kirib turishardi. Ular shu tarzda uzoq qotib turdilar. Kiyiklarning bu turishi: dashtlikka nima bo‘ldi, eski so‘qmoq yo‘llar qayoqqa yo‘qoldi, qanday kuch bu erlarni ag‘dar-to‘ntar qilib tashladiykin, deyayotganday edi.
Ular haydalgan erdan o‘tishga jur’at etisholmadi. Orqaga qaytishdi, xipcha bellarida oyning kumush shu’lasi xiyol aks etib turardi.
“Bo‘tako‘z” qissasidan
***
Issiqko‘l o‘rmonlarida bug‘ularga qirg‘in keldi. Ularga shafqatsiz bo‘lishdi. Bug‘ular qadam etmagan joylarga qochdi, lekin u erda ham qo‘yishmadi. Ovchilar tozilarni qo‘yib pistirma tomon haydashar, o‘zlari esa pistirmalarda berkinib yotib, yaqinlashgan bug‘ularni bexato otib olishardi. Bug‘ilarni to‘da-to‘dasi bilan qirishdi. Shox butoqlari eng ko‘p bo‘lgan bug‘uni kim otarga garov bog‘lashardi.
Bug‘ular g‘oyib bo‘ldi. Tog‘larni tark etdi. Na tunda, na tongda bug‘u ovozi eshitilardi. Na o‘rmonda, na yaylovda uning qanday irg‘ishlab, qanday sapchishlarini, shoxlarini elkasi ustiga tashlab, parvozdagi qushday jarliklardan qanday sakrab o‘tishlarini endi hech kim ko‘rmasdi. Butun umri bo‘yi bug‘u nima ekanligini ko‘rmagan yangi insonlar tug‘ildi. Faqat u haqidagi ertaklarni eshitib, qabrlar ustidagi shoxlarni ko‘rishdi, xolos.
“Oq kema” qissasidan
***
U erkin edi. Birdan qil sirtmoq uning boshidan sirg‘alib tushib, bo‘ynida osilib qoldi. Sirtmoq uni qo‘rqitib yubormaguncha, Gulsari nima gapligini tushunmasdan tuz yalashda davom etaverdi. Boshqa otlar bo‘yinlariga ukruk tashlanganida o‘zlarini har yoqqa tashlardilar, oyoqlarini ko‘tarib sapchirdilar, Gulsari bo‘lsa qimir etmadi. Lekin daryoga chopib borib suv ichgisi kelib qoldi. Bo‘ynidagi sirtmoq esa tortilib, uni to‘xtatib qo‘ydi. Bunaqasi sira bo‘lmagandi. Gulsari sapchib o‘zini orqaga tashladi, ko‘zlari ola-kula bo‘lib xirillay boshladi, so‘ng shiddat bilan old oyoqlarini osmonga tikka ko‘tardi. Atrofdagi otlar birpasda tumtaraqay qochib ketishdi, shunda u o‘zini qil arqonda ushlab turgan odamlar o‘rtasida ko‘rdi.
… O‘tov ortida esa tun qorong‘iligida bepoyon cho‘l, ko‘z ilg‘amas cho‘l yastanib yotardi.
Shu paytda Gulsari otxonada to‘s-to‘polon qilayotgan, otboqarlarga uyqu bermayotgan edi. U otxonaga — otlar qamoqxonasiga birinchi tushishi edi.
“Alvido, Gulsari” qissasidan
***
Bu cheksiz bo‘shliqqa faqat burgutlargina hukmron edi. Ular bu hokimlikka monand harakat qilganday vazmin va osoyishta uchishardi. Tog‘u toshlar ham, qorlar ham, daryolar ham uning keng qanoti ostiga jo bo‘lgan. Ular Er yuzida bo‘layotgan jamiki narsalarni, hatto mayda zarrachalarga qadar ravshan ko‘rib turadilar.
Mana, tog‘ oralig‘ida allaqanday qo‘g‘irchoq kattaligidagi maxluq paydo bo‘ldi.
“…Odam! Qara, odam-ku!” – qag‘illab tovush berdi burgutlardan biri. “Ko‘ryapman, bu odam!” qisqagina javob qildi ikkinchisi.
“Baydamtol sohillarida” hikoyasidan
***
Qushlar kuz kelishini ham kutmasdan bu o‘lkalarni birinchi bo‘lib tark eta boshladilar. Ular jazirama yozning avj pallasida gala-gala bo‘lib yoki alohida-alohida, kechasi ham, kunduzi ham uchib ketayotgandilar, hali bola ochib chiqmagan tuxumlarini ham tashlab borardilar, qotib ulgurmagan bo‘yinlarini zo‘rg‘a cho‘zib yolvorayotgan, chumdukdan ovqatlanadigan polaponlariga ham qaramay uchib ketayotgan edilar. Hammadan keyin hatto botqoqlik ukkilari ham gumdon bo‘lishdi, tunlari ularning quv-quvlashi eshitilmay qoldi…
Jonivorlar tum-taraqay bo‘ldi…
“Hayot-mamot” hikoyasidan
***
Kechiringlar, o‘tar qushlar! Bo‘lib o‘tgan vahshiylik uchun kechiringlar, bo‘lajak vahshiyliklar uchun kechiringlar.
… Qushlar, keting bu erdan, bu mudhish joydan uzoq-uzoqlarga uchib keting.
“O‘tar qush nolasi” hikoyasidan

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Inson tabiatning hukmdori emas!