Bugun xalqimiz tinchligi, uning bemalol madaniy hordiq chiqarishi uchun istirohat bog‘lari obod etilib, yangidan-yangi dam olish maskanlari yaratilmoqda. Bog‘lardagi sharoitlarni ko‘rib insonning dili quvnaydi. Ammo dilni xira tortishga majbur qiladigan shunday holatlar borki, ularni bartaraf etish uchun, avvalo, insonlarning o‘zi hushyor va ogoh bo‘lishlari talab etiladi. Qaysi istirohat bog‘iga yoki bozorga bormaylik ortimizdan sadaqa so‘rab ergashadiganlarga ko‘nikib qolganmiz. Ayniqsa, bu holat sotuvchilarning ham anchagina asabini taranglatishi turgan gap.
Yaqinda “O‘rikzor savdo majmuasi”ga xarid uchun borgandim. Ayollar kiyimi bilan savdo qiluvchi bir do‘kondan o‘zimga kerakli liboslarni ko‘rayotganimda, yoshi chamasi 23-24 larda bo‘lgan yigit sadaqa so‘rab kelib qoldi. Sotuvchi ayolning “hali savdo qilmadim, keyinroq kelarsan”, degan gapiga sadaqa so‘rovchi “boya kelganimdayam haliroq kelarsan degansiz”, deya javob berdi. Sotuvchi noiloj kassasidan 500 so‘mlik pul olib, gadoyga uzatdi. Orqasidan esa “E xudo, bulardan qutulib bo‘larmikan o‘zi? Bermasang, eshigingdan ketmaydi, bersang, kunda qaytib keladi. Yana bunaqalar bitta bo‘lsayam mayliydi. Bir kunda 4-5 tasi tilanib keladi. Yana hammasi bilagida kuchi bor, yoshi 40 dan oshmagan ayol va erkaklar”, deya norozi ohangda g‘udranib ketdi.
Bu voqea bir bo‘ldiyu, yana bir kuni ish yuzasidan 2-Toshkent tibbiyot akademiyasiga borishimga to‘g‘ri keldi. Aslida bu erga ish bilan tez-tez kelib turaman. Uzun yo‘l bo‘ylab turnaqator bo‘lib tizilib olgan tilanchilarga ham ko‘p bora duch kelganman. Har gal ularga qarasam, ichimda bir g‘ashlik paydo bo‘lardiyu, imkon boricha tilanishlariga ahamiyat bermay o‘tib ketishga harakat qilardim. Va nihoyat bir holat “portlashim”ga sabab bo‘ldi.
Uzoq viloyatdan tug‘ma nogiron farzandini navbatdagi davolash kursiga olib kelgan ayol bilan tanishib qoldim. Farzand azobi yomon deb to‘g‘ri aytishgan ekan. Bechora ayolning yuzlari dard va xavotirdan nursizlangan, ko‘zlari ichiga kirib ketgan bir ahvolda edi. Shifokor nevropatolog bir qog‘ozning ikki tomoniga to‘ldirib, kerakli dorilar reseptini yozib berdi va ayol men bilan birga dorixonalar tomonga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay ayol bilan suhbatlashdik. Aytishicha, qizi epilepsiya xastaligi bilan tug‘ilgan, so‘nggi paytlar kasallik xuruji ko‘payib, bir kunda 3-4 martagacha tutqanoq qilar ekan. Ayol shu gaplarni aytganidan so‘ng bir xo‘rsinib qo‘ydi-da, jim bo‘lib qoldi. Ochig‘i, unga dalda bera oladigan, dardini biroz unutishiga yordam ko‘rsatadigan birorta so‘z topolmayotganimdan o‘zimni yomon ko‘rib ketdim.
“Har doim bulbulday sayraydigan tiling endi bir og‘iz gap topolmayotgan bo‘lsa, yig‘ishtir so‘zbilgiligingni, yana jurnalistman deb ko‘krak kerishingga o‘laymi?!”, derdim ichimda o‘zimga o‘zim. Xullas, ayol o‘z tashvishi, men esa noshudligimdan nolib borarkanmiz, yo‘limizni qo‘llarini sadaqa uchun tutgan lo‘libachcha to‘sdi. Shu paytgacha unchalik ham e’tibor bermay kelayotganim bu “talonchilar” ko‘zimga shunaqangi xunuk ko‘rinib ketdiki... “E bor-e, kasali bor odamdan ham pul so‘raysanmi, topib turgan joyingni qara, bu erga o‘z dardi o‘ziga og‘irlik qilgan odamlar kelsa, tilanishingga balo bormi”, dedim jahl bilan. Tilanchi bo‘lsa: “E-be, o‘l qurumsoq bo‘lmay, 500 so‘m bersang, kamayib qolasanmi, ber hay endi”, deb ayolga yopisha boshladi.
O‘ylanib qoldim, bularni tilanchi deyishga odatlanib qolganmiz, lekin ularning qilig‘i ko‘proq kuppa-kunduz kungi talonchilikka o‘xshaydi. Ko‘ngilochar joylarda-ku shundog‘am odamlarga tinchlik bermaydigan bu “talonchilar” endi shifoxonalardan ham daromad izlashlariga nima deysiz? Bilmadim-ku, ishqilib jamiyatimizni bunday “begona o‘tlar”dan tozalamasak, ertaga ular sekin-astalik bilan ma’naviyatimizga ham bostirib kirmasligiga, bolalarimizni dangasalik, tilanchilik va talonchilikka o‘rgatmacligiga kim kafolat beradi?! Mana shu o‘y-fikrlar sizni ham biroz mulohazaga tortsa ajab emas.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi