date

Netanyahu Qatarga zarba uchun kechirim so‘rashga majbur bo‘ldi

Netanyahu Qatarga zarba uchun kechirim so‘rashga majbur bo‘ldi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 28-sentyabr kuni Qatar hukumati rahbari Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatlashdi. Unda Isroilning Doha hududiga 9-sentyabr kuni bergan zarbasi natijasida Qatar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda amerikalik nashr Axios Isroildagi uch nafar yuqori martabali rasmiy manbaga asoslanib xabar tarqatdi.

Qizig‘i shundaki, na Isroil, na Qatar hukumatlari ushbu voqea haqida ommaga rasman bayonot bermagan. Shu bois mazkur xabar ortiqcha shov-shuv va turli taxminlarga sabab bo‘ldi.

Axiosning yozishicha, aynan «uzr so‘rash» Qatarning vositachilik jarayoniga qaytishi uchun asosiy shart sifatida qo‘yilgan. Ma’lumki, Doha hukumati G‘azoda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvni to‘xtatish hamda garovda ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda asosiy arab vositachisi hisoblanadi.

Netanyahuning qo‘ng‘irog‘i uning Vashingtonga rasmiy tashrifi davomida amalga oshirilgan. AQSH rasmiylari va Isroil manbalari fikricha, Qatarning vositachiligi qayta tiklanmasa, kelishuvga erishish imkoniyatlari juda past bo‘ladi. Shu bois kechirim so‘rash qadami diplomatik jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 9-sentyabr kuni berilgan zarba asosan HAMAS yetakchilariga qaratilgan edi. Biroq natijada quyi darajadagi amaldorlar halok bo‘ldi, shu jumladan Qatar xavfsizlik xizmati vakili ham qurbonlar orasida bo‘ldi. Isroil tomoni hujum «yuqori martabali terrorchilarga» qarshi amalga oshirilganini aytib himoya qilmoqda. Biroq urush siyosati bilan birga bu harakat diplomatik maydonda jiddiy inqiroz keltirib chiqarganini ham tan olishga majbur.

Bir qator arab davlatlari Isroilning ushbu amaliyotini qattiq tanqid qildi va uni xalqaro me’yorlarni buzish deb baholadi. Mazkur voqea mintaqadagi aloqalarni yanada murakkablashtirgani ayni paytda barcha tomonlar uchun oshkor bo‘lib turibdi.

Netanyahuning AQSHdagi tashrifi va prezident Donald Tramp bilan uchrashuvi ortidan muzokaralarga yanada ko‘proq ahamiyat berilmoqda. Oq uy o‘zi ham yaqin kunlarda urushni to‘xtatish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvni e’lon qilishga intilayotgani aytiladi. Tramp esa ommaga bu haqda so‘nggi xabardorlikni e’lon qilishdan umidvor ekanini bildirgan.

Shu ma’noda, Isroilning Qatardan kechirim so‘rashi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yumshatishga, balki hozirgi keskin diplomatik holatni yumshatish va muzokaralar uchun yo‘l ochishga xizmat qilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Netanyahu Qatarga zarba uchun kechirim so‘rashga majbur bo‘ldi