Elit Osiyo Chempionlar ligasining 2-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Al-Hilol” uchrashuvidan so‘ng Qarshi klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ustoz uchrashuv haqidagi dastlabki fikrlarini baham ko‘rar ekan, raqibning saviyasi va tajribasi g‘alabada hal qiluvchi omil bo‘lganini qayd etdi:
— Hammadan avval, barchaga xayrli kech. Bugun saviya o‘z so‘zini aytdi. Bizdan kuchli jamoaga yutqazdik. Ammo yigitlarning maydondagi astoydil harakatlariga minnatdorchilik bildiraman. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ba’zi holatlarda o‘zgartirish qilish imkonimiz bor edi. Agar safimizda Alibek Davronov va Murodbek Rahmatov bo‘lganida, ehtimol o‘yinimiz yanada kuchliroq ko‘ringan bo‘lardi.
Jurnalistlar “Nasaf”ning turli jihatlarda shakllanib borayotgani, ayniqsa, ikkita bahsda ko‘rsatgan o‘yini jamoa uchun katta maktab bo‘layotgani haqida fikr bildirishdi. Berdiyev esa buni tasdiqlab, kelgusi bosqichlar uchun to‘g‘ri xulosalar chiqarish zarurligini ta’kidladi:
— Bunday bahslar biz uchun juda katta saboq. Agar muntazam Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etmoqchi bo‘lsak, bu bellashuvlardan xulosa olishimiz shart. Shuningdek, bizga kuchli va saviyali o‘yinchilar ham kerak. Javohir Sidiqovni majburiy ravishda zaxiraga olishga to‘g‘ri keldi.
Legionerlar haqida berilgan savolga javoban murabbiy moliyaviy imkoniyatlar hamda futbolchilarning shaxsiy xohishi katta rol o‘ynashiga e’tibor qaratdi:
— Bu yo‘nalishda katta mablag‘lar yo‘q. Har bir klub moliyaviy qiyinchilikka duch keladi. Shu bilan birga, legionerlarning o‘zi ham qaysi shaharda va qaysi chempionatda o‘ynashni tanlaydi. Ayrimlari ko‘p savol beradi: qayerda jamoa, qanday shart-sharoit, qaysi chempionat? Shuning uchun ham hamma narsa faqat pul bilan hal bo‘lmaydi.
Oldindagi bahslar haqida gap ketar ekan, Ro‘ziqul Berdiyev Elit Chempionlar ligasida oson o‘yin yo‘qligini qayd etdi:
— Har bir bahs o‘zicha og‘ir. Biz Saudiyaning eng kuchli uchta klubidan ikkitasiga qarshi maydonga tushdik, hali “Al-Ittihod”ga qarshi ham uchrashuv bor. Mag‘lubiyatlar bo‘lsa-da, biz tajriba orttiryapmiz. Keyinchalik daraja jihatidan bizga yaqin jamoalar bilan bemalol kurasha olamiz. Eron, BAA va Iroq klublariga qarshi uchrashuvlarda imkoniyatlarimiz ancha yuqori bo‘ladi, deb ishonaman.
Shu tariqa, “Nasaf” navbatdagi yirik sinovlardan o‘tib, har bir bahsdan muhim saboqlar chiqarishga harakat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!