Joriy yilning 22-sentyabr kuni “Barselona”ning yosh iqtidori Lamin Yamal tarixiy natijaga erishdi — u “Kopa Trophy” sovrinini ikkinchi bor qo‘lga kiritdi. Bu mukofot har yili “France Football” tomonidan “Oltin to‘p” marosimida 21 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi futbolchiga taqdim etiladi. Ilk marta 2018-yilda joriy etilgan ushbu sovrin 2024-yildan boshlab ayol futbolchilarga ham berila boshlandi.
Bu safar Yamal 124 ochko to‘plab, raqobatchilarini ortda qoldirdi. PSJ tarkibida Chempionlar Ligasida zafar quchgan Dezire Due 72 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Joau Nevesh va Estevao esa mos ravishda 23 ochkodan to‘plab, uchinchi va to‘rtinchi pog‘onalarni band etishdi.
Mukofot g‘olibi oddiy ovoz berish orqali aniqlanmaydi. “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan futbolchilarning o‘zi yosh iqtidorlarga baho berish huquqiga ega. Ular har biri uchta nomzodni tanlab, besh, uch va bir ball qo‘shadi. Bu tizim Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi mashxur futbolchilar uchun eng yorqin yosh iste’dodlarni e’tirof etish imkonini taqdim etadi.
Lionel Messi o‘z ovozida yana Yamalga ishonch bildirdi — unga eng yuqori besh ballni berdi. Ikkinchi o‘ringa PSJ futbolchisi Dueni, uchinchi o‘ringa esa “La Masiya” tarbiyalanuvchisi Pau Kubarsini qo‘ydi. E’tiborlisi, 2024-yilda ham Messi xuddi shunday tanlov qilgan, faqat o‘shanda Kubarsini ikkinchi, “Manchester Yunayted” vingeri Alexandro Garnachoni uchinchi o‘ringa qo‘ygan edi.
Shu bilan birga, Krishtianu Ronaldu bu safar ovoz berishda ishtirok etmadi. Manbalarga ko‘ra, portugaliyalik yulduz bilan bir qatorda Angliya afsonasi Kevin Kigan va Fransiya futboli ramzi Mishel Platini ham ovoz berishdan voz kechishgan. Bu qaror Ronalduning so‘nggi yillarda bildirgan fikrlari bilan uyg‘un keladi. U individual mukofotlarga ishonchini yo‘qotganini va bunday sovrinlarni endilikda tan olmasligini ochiq aytgan edi.
Shu bilan birga, Ronaldu ham Messi kabi kelajakda “Kopa Trophy” uchun ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatida qoladi.
Ma’lumot uchun, Lamin Yamal “Oltin to‘p” bahslarida ham katta yutuqqa erishgan — u 1059 ochko bilan Usmon Dembeledan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!