El Pais nashrining yozishicha, Ispaniya hukumati Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli kema va samolyotlarning mamlakatdagi harbiy bazalari orqali Isroilga qurol olib o‘tishini man etdi.
Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, so‘z Rota (Kadis viloyati) va Moron-de-la-Frontera (Sevilya viloyati) bazalari haqida ketmoqda. Yangi qarorga binoan, taqiq nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga yo‘l olgan kema va samolyotlarga, balki boshqa davlatlarda oraliq to‘xtovdan so‘ng oxirgi manzili Isroil bo‘lganlariga ham taalluqli.
Shu bilan birga, qirollik hozircha AQSHning Ispaniyada to‘xtagan harbiy samolyot va kemalarini tekshirishni amalga oshirmaydi. Biroq tahlilchilar ta’kidlashicha, Pentagon yuk mazmunini oshkor qilmasligi mumkin. Shunday holatda esa ittifoqchilar o‘rtasida ishonchga putur yetishi ehtimoli borligi qayd etilmoqda.
Ispaniya oxirgi paytlarda G‘azo mintaqasidagi vaziyat tufayli Isroilga nisbatan keskinroq siyosat olib bormoqda. Mamlakat hukumati allaqachon Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatgan edi.
Hozirgi vaqtda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches yana bir qator qat’iy choralarni ilgari surmoqda. Jumladan, qurol yetkazib berishga to‘liq embargo joriy qilish, harbiy jinoyatlarda gumon qilinayotgan Isroil amaldorlarining mamlakatga kirishini taqiqlash, harbiy hamkorlikni bekor qilish hamda falastinliklarga insonparvarlik yordamini kengaytirish taklif qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!