00:30 / 15.02.2018
6 633

Baxt formulasi bormi?

Baxt formulasi bormi?
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, insoniyatning 10-15 foizi tushkunlik dardidan azob chekmoqda.

Boshqa manbalardagi ma’lumotlar yanada qayg‘uli: besabab depressiyaga tushib qolgan odamlar soni 700 millionga yaqin!

Bu dalillar zamon shiddatiga mos ravishda geometrik progressiya bo‘yicha oshib, yaqin 30 yil ichida aholining 40-50 foizini o‘z komiga tortib ketishi mumkin ekan! Tabiiyki, sababsiz tushkunlik o‘z joniga qasd qilish, qotillik, narkomaniya, alkogolizm, kashandalik, axloqsizlik kabi illatlar uchun keng yo‘l ochib beradigan og‘ir ijtimoiy holatdir.

Xo‘sh, depressiyaning asosiy sababi nima? Nega dunyo miq­yosida tushkun odamlar soni ko‘payib bormoqda?

To‘rt daqiqa yugurib, sog‘lom bo‘lmaysiz
XIX asr adog‘ida yer yuzida bajariladigan ishlarning 95 foizi jismoniy kuch bilan, faqat 5 foizi mexanizatsiya va elektr yordamida amalga oshirilgan. Oradan bir asr o‘tib, ko‘rsatkich butunlay teskari tus oldi. Oqibatda odamlar kamharakat — gipodinamiya kasalligiga duchor bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, semirib ketish, qandli diabet, surunkali qabziyat, prostatit, xafaqon kabi asosan depressiya bilan kechadigan ko‘plab xastaliklarga yo‘l ochdi.

So‘nggi yillarda to‘la va o‘ta to‘la (semiz) kishilarning ko‘payib borayotgani jahon afkor ommasini tashvishga solayotgani bejiz emas. Bolaligim kechgan qishloqda ikki semiz odam bo‘lardi, qolganlarning hammasi zabardast, chinordek chayir edi. Bugun esa ortiqcha vaznlilar qishloqlarda ham ko‘payib ketayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Demak, depressiyaga olib keluvchi asosiy va birinchi sabab — gipodinamiya. So‘nggi yillarda axborot oqimining kuchayib ketishi, insonning mo‘’jaz ongi buncha ko‘p, ba’zan o‘ta ziddiyatli axborotni hazm qila olmasligi oqibatida ham tushkunlik kayfiyati ortmoqda. Telefonda haddan ortiq ko‘p gaplashish, internetda uzoq ishlash, tobora ko‘payib borayotgan shovqin-suronlar iskanjasida yashash ham depressiya darajasini kuchaytiradi.

Yugurish va jismoniy mehnat insonni ko‘p balolardan, shu jumladan, depressiya dardidan ham xalos qiluvchi samarali usuldir. Ayrim bemorlar fikrimni inkor etib, har kuni 10 daqiqa badantarbiya qilib, 3-5 daqiqa yugursa-da, vazni ortib borayotganini aytishadi. Albatta-da, ikki marta o‘tirib-turish, besh marta chuqur nafas olish va to‘rt daqiqa yugurish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun terlash va soatlab shug‘ullanish lozim.

Behikmat tikon kirmas
«Har qanday holat va hodisadan faqat yaxshi oqibatlarni kutishni o‘rganing», degan edi yunon faylasufi Demokrit. Haqiqatan, har bir voqea va hodisaning tagida muqarrar qonuniyat va Yaratganning hikmati bor. Garchand noxushdek tuyulgan hodisa negizidan ham bir yaxshi manfaat, imdod topsa bo‘ladi. Qadimda bir shohning vaziri har bir masalaga «Buning ham bir hikmati bor», deb fikr bildirar ekan. Bir gapni to‘tiqushdek takrorlashi shohga erish tuyular, ba’zan «Shu vazirimning aqli joyidamikan?» degan xayolga ham borar ekan. Kunlardan bir kuni shoh otdan yiqilib qo‘li shikstlanibdi, tabiblar harchand chora-tadbir qilishsa ham ilojini topolmay, ikkita barmog‘ini kesib tashlashga majbur bo‘libdilar. Shunda undan hol so‘ragani kelgan vaziri: «Shohim, siqilmang, buning ham bir hikmati bor» depti. Shoh qahrlanib: «Men barmoqlarimdan ayrilib o‘lolmay yotsamu buning qanday hikmati bo‘lishi mumkin?» deb vazirni zindonband etibdi.

Oradan bir qancha vaqt o‘tib dengiz safariga chiqqan shoh kemasi adashib, yovvoyi qabila yashaydigan orolga borib qolibdi. Qabilaning allaqanday qurbonlik bayrami bo‘layotgan ekan, ular shohni tutib qurbonlik qilmoqchi bo‘lishibdi, ammo shohning ikkita barmog‘i yo‘qligini ko‘rib uni qo‘yib yuboribdilar. Axir, qurbonlik uchun to‘rt muchasi salomat bo‘lishi lozim ekan-da. Shu tasodif bilan shoh ajaldan qutulib, chindan ham barmoqlari qirqilganida ulug‘ hikmat yotganini his etibdi va vazirni zindondan ozod qilib, katta ehsonlar bergan ekan.

Xulosa: har bir ko‘ngilsizlik negizida yashirinib yotgan hikmatni qidiring, jilla qursa, «Bundan ham battar bo‘lishi mukin edi-ku», deb shunisiga quvoning, bilingki, oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi esa...
Alijon ZOHIDIY,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tibbiyot fanlari nomzodi

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxt formulasi bormi?