10:13 / 04.03.2018
4 479

“Fikrsizlik fojeasi...”

“Fikrsizlik fojeasi...”
Aql — Allohning yer yuzidagi tarozisidir. “Avval aql, keyin din” deyiladi hadislarda. Ya’ni, aqli yo‘qning dini yo‘q. Mavlono Jaloliddin Rumiy demishlarki:

Aql yuz ochsa jahon ko‘zgusida,
Tiyra tortgay kun uning o‘trusida...


Aql harakatidan fikr maydonga keladi, fikr harakatidan — faoliyat, faoliyat esa insonni ravnaq-rivoj, taraqqiyotga yetaklaydi. Demak, taraqqiyot bo‘lmagan joyda aql karaxt, fikr sust, faoliyat zaifdir.

Yana bir nuqtani alohida ta’kidlash lozim. Yaratgan bor aqliy salohiyatni bir kishiga jamlab, xatlab bermagan, xalq, millat ustiga sochib tashlagan. Har kimga bir ulush tekkan. Ana shu ulushlar jamlanib, millatning aqliy boyligi, zehniy potensialini tashkil etadi. Bir shaxs qanchalar daho bo‘lmasin, uning aqliy quvvati millatning aqliy qudrati o‘rnini bosolmaydi. “Ko‘pchilik — daryo” deb bekorga aytishmagan, axir. Dunyoda taraqqiy etgan mamlakat borki, uning siyosiy elitasi faqatgina o‘z xalqining aqliy quvvatlarini ishga solib, shu jarayonda boshqalardan ham o‘rganib bir natijaga erishgan. Buning teskarisini qilganlar alal-oqibat teshik tog‘ora bilan qolgani o‘z tajribamizdan ma’lum.

Mustaqillik arafasi va uning dastlabki yillarida O‘zbekiston o‘z ilmiy-iqtisodiy potensiali ko‘lami bilan Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda edi. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Qayoqqa ketdi o‘sha imkoniyatlar?

Sir emas, yashirishning hojati yo‘q, so‘nggi yigirma besh yil davomida bir kimsaning majlisda o‘rnidan turib yoki minbarga chiqib, “menda taklif bor, agar qabul qilinsa, xalqimiz davlatimiz uchun yanada yaxshiroq bo‘ladi” deganini hech eshitmadik. Bu ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan gap bo‘lardi. Chunki fikr aytish, taklif kiritish, tashabbus ko‘rsatish huquqi bir kishining monopoliyasi bo‘lib, boshqalar bunga daxl etolmas, ularga gulduros qarsaklar chalish huquqi berilgan edi, xolos.

Natijani ko‘rib turibsiz. Milliy pulimiz joriy etilganda bir dollar olti so‘mga barobar edi. Endi-chi?..

Yangi Prezident jon kuydirib, aqlni ishga soling, fikr yuriting, taklif kiriting, tashabbus ko‘rsating deb qanchalar da’vat etmasin, amaldorlarimiz shok holatida: boshini egib olib, nuqul bir nimalarni daftariga yozgani-yozgan. Na yuzini ko‘rasiz ularning, na ko‘zini... Chunki ularda fikr yo‘q. Ular fikrlashga emas, buyruqni bajarishga o‘rgangan. Buning ustiga qo‘rquv bor: “mabodo fikr bildirsam yoki savol bersam, kattakonga yoqmay qolsa-chi? Unda nima qilaman?..”.

Men ularni ayblamoqchi emasman, ular shunday shakllangan, shunday tarbiya topgan. Endi o‘sha eski qobiqdan chiqish qiyin bo‘layapti.

Xo‘sh, nima qilish kerak?

Shu haqda o‘ylab, buning javobini topgandek bo‘ldim. Menimcha, birinchi galda katta amaldorlarning kichik amaldorlar ustidan bosimini kamaytirish kerak. Toki katta amaldor o‘zini xon, ko‘lankasini maydon deb bilmasin. Kichik amaldorni odam o‘rnida ko‘rsin. “Sen kim bo‘psanki, taklif kirtasan? Men turganda fikr aytishni kim qo‘yibdi senga?”, — demasin. Bu — kechagi gap, kechagi siyosat. Bundan voz kechish darkor. Har kichik odamda ham bir qimmatli fikr bo‘lishi mumkin. Qatra-qatra yig‘ilib, daryo bo‘lur...

Ikkinchi navbatda xalqqa ibrat ko‘rsatish lozim. Xorijlarda o‘qib, ta’lim olgan, faqat buyruqni bajarib, fikrlashdan mahrum qolgan byurokratiya illatlaridan yiroq yosh kadrlarni davlat boshqaruviga, siyosatga ko‘proq tortish, ular yordamida erkin tanqid, fikrlar kurashi, do‘stona bahsu munozara muhitini yaratish darkor. Toki matbuot, radio, televideniye tafakkur maydoniga aylansin. Shunda hozirgi vaziyatda biroz garangsib qolgan amaldorlarni ham harakatga keltirish mumkin bo‘ladi.

Millatning fikrlashdan mahrum bo‘lishi — fojia, mahrum etilishi – gunohi azim. Ana shu mahrumiyat orqasida mustaqillik yillarida yurtimizda bitta ham atoqli olim, bitta ham mashhur san’atkor, bitta ham zabardast ulamo yetishib chiqmadi (zabardast ulamo deganda men kamida rus patriarxi Kirillning panjasiga panja uradigan siymoni nazarda tutaman). Yetishib chiqqanlari o‘rtamiyona yoki o‘rtamiyonadan ham past.

O‘tgan asrning yetmishinchi, saksoninchi yillarini eslang. Habib Abdullayev, Obid Sodiqov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Muhammad O‘razboyev, Po‘lat Habibullayev, Sa’dixon Sirojiddinov, Yolqin To‘raqulov, Rajab Islombekov, Shavkat Vohidov, Ibrohim Mo‘minov, Izzat Sulton, Yunus Rajabiy kabi o‘nlab akademik, jahonga mashhur olimu allomalar. Ularni bir safga tizsang, cho‘qqilari bir-biriga tutashib ketgan ulkan tog‘ silsilasiga o‘xshaydi... San’at maydonida: Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqov, Mukarrama Turg‘unboyeva, Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Muxtor Ashrafiy, Abbos Bakirov, Mutal Burhonov, Sulaymon Yudakov, Nabi Rahimov, Botir Zokirov kabi o‘nlab buyuk san’atkorlar... Mustaqillik yillarida ularga izdosh bo‘lgudek kim yetishdi? Dilnura Qodirjonova chiqqan edi, umri qisqa ekan, kuydirdi-ketdi. Bugungi yosh o‘zbek xonandalari aytayotgan “modern” qo‘shiqlarni eshitib, astag‘firulloh deb yoqangizni ushlaysiz. Ashula yo‘q, hammayoqni xirgoyi bosib ketdi... Bularning hammasi fikrsizlik oqibati, fikrsizlik esa saviyaning pastlashib ketishiga sabab bo‘ladi.

Toshkent islom universitetida til bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘inda talabalardan so‘radim:

“Bolalarim, sizda o‘zbek tili, adabiyoti o‘qitiladimi?”.

“Yo‘q”, — deb javob berishdi talabalar.

“Navoiy o‘qitiladimi?”.

“Yo‘q”.

“Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Mashrab, So‘fi Olloyor o‘qitiladimi?”.

“Yo‘q”.

Rektorga yuzlandim:

“Domla, bular ertaga diniy targ‘ibotchilar bo‘lib yetishadi. O‘zbek tili, adabiyotini puxta egallamasdan bu vazifani qanday ado etishadi?”.

“Bunga soat ajratilmagan”, — dedi rektor.

“Tepaga chiqib, soat talab qilmaysizmi?”.

Savolim javobsiz qoldi. Mana sizga saviya!

2015 yilda o‘zbekistonlik besh yuz yigit-qiz internet orqali imtihon topshirib, AQSH universitetlariga o‘qishga kiribdi... “Qandingni ur, O‘zbekiston!” deb beixtiyor chapak chalib yubordim... Ammo navbatdagi xabar meni o‘ylantirib qo‘ydi. Qozog‘iston davlati hisobidan Amerika universitetlarida ta’lim olayotgan talabalar soni besh mingdan ortiq ekan... Qiyoslab qarang, besh yuz qayda-yu, besh ming qayda! Mana bizning saviya!

Yana shunday o‘nlab misollar keltirishim mumkin. Ammo shu yerda gapni qisqa qilib bir xursandchiligimni aytmoqchiman. Yangi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan yaxshi tadbirlar ertangi kunimizga katta umid uyg‘otdi. Birdaniga o‘nta ilmiy-tadqiqot institutining tiklanishi sillasi qurib borayotgan O‘zbekiston fanlar akademiyasiga yangi hayot bag‘ishladi. Bu chindanam bag‘oyat xayrli, dadil qadam!

Mavlono Rumiy yana demishlarki:
Qirqni etgan birni ham aylar ado,
Jonni ul qirq birga etgaymiz fido...


Aytmoqchimanki, o‘sha o‘ntaga safbasta qilib, o‘n birinchi — Falsafa ilmiy-tadqiqot institutini ham tiklash kerak. Nega? Yer yuzida falsafa ilmining ikkita asil vatani bor. Biri Yunoniston bo‘lsa, biri o‘zimizning Turonzamin. Falsafaning ustozi avvali, birinchi muallim Aristotel Yunonistonda yashagan bo‘lsa, ustozi soniy, ikkinchi muallim Abu Nasr Forobiy bizda yetishgan. Ularning an’analarini davom ettirish, islom falsafasi bo‘lmish tasavvuf ta’limotini yangi sharoitlarda keng va teran tadqiq etish — fanimiz uchun sharafli vazifa.

Esimda bor, mustaqillikning dastlabki yillarida xalqaro ekspertlar O‘zbekiston yaqin o‘n-o‘n besh yil ichida iqtisodiy rivojlanish yo‘lida Markaziy Osiyoning yo‘lbarsiga aylanadi deb bashorat etishgan edi. Oradan yigirma besh yil kechdi. Boshqalar yo‘lbars bo‘ldi. Biz nima bo‘ldik, bilmadim, har holda yo‘lbars bo‘lolmadik. Xudbinlik, amalparastlik yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘ldi. Fikrsizlik, millatning aqliy salohiyatiga suyanmaslik, faqat men bilimdon, boshqalar avom degan aqida oyoqdan chaldi. Buning oqibatida xalq fikrlashdan to‘xtadi, fikrlamay qo‘ydi...

Endi ana shu illatdan qutulmog‘imiz darkor. Inshoolloh, qutulamiz! Noumid shayton. Kecha yo‘lbars bo‘lolmagan O‘zbekiston ertaga arslonga aylansa ne ajab! Bunga Prezident tomonidan qabul qilinayotgan umidbaxsh qarorlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar garovdir. Yaqinda xalqaro miqyosda obro‘-e’tiborga molik mashhur iqtisodchi yigit Rauf Salohxo‘jayevga Toshkent markazidan dang‘illama uy tortiq etilgani hammamizni quvontirdi. Endi u vatanga xizmat qiladi, xorijga ketmaydi. Bu kabi oltin boshlar izlasa, xorijlarda va mamlakatimizda yana topiladi. Ulardan ayrimlarining ishsiz qolib, xorijlarga chiqib ishlashga majbur bo‘layotganidan xabarim bor. Tasavvur qiling, har yili Moskva, Tokio, Seul, Parij universitetlariga borib, talabalarga jahon falsafasi va siyosatshunosligi fanidan rus va ingliz tillarida ma’ruzalar o‘qish uchun qanchalar bilim, tajriba, donishmandlik kerak.

Oylar, yillar o‘tayapti, vaqt g‘animat, shunday insonlardan foydalanib qolish kerak. Ularni davlat va jamiyat ishlariga jalb etib, mas’uliyat yuklab, qadru qimmati o‘rniga qo‘yilsa, ayni muddao bo‘lur edi.

Xudoga shukurki, xalqimiz orasida zehni uyg‘oq, qalbi qaynoq insonlar oz emas. Ular bahor nafasi tufayli tuproq ostidan gurkirab bosh ko‘targan maysa-giyohlar kabi kun sayin ko‘payib, yangi-yangi takliflar, loyihalar bilan maydongan chiqishayapti.

“Biz Rog‘un GESi suvlarini yangi o‘zandan O‘zbekistonga oqizish loyihasini taniqli irrigator olim Dilshod Bozorov bilan hamkorlikda ishlab chiqdik, — deydi Xalqaro ekologiya xavfsizligi fanlar akademiyasi a’zosi Anvarmirzo Husainov, — bu ikki tomon uchun ham foydali yechim. Tojikiston hukumati Rog‘un GESidan chiqadigan energetik oqava suvlarni qayoqqa oqizish tashvishidan qutuladi. Amalda bu O‘zbekistonning Rog‘un loyihasiga investitsiyasi deyish mumkin. Bundan O‘zbekiston ham katta manfaat ko‘radi, har yili qo‘shimcha to‘rt milliard kub metr suvga ega bo‘ladi. Amudaryo suvi O‘zbekistonga yangi o‘zandan oqizilib, eskirib qolgan Amu– Qarshi nasos stansiyalari xizmatiga deyarli ehtiyoj qolmaydi. Qo‘shni Tojikiston bilan suv masalasida necha yillardan buyon davom etib kelayotgan bahsu munozaraga nuqta qo‘yiladi”.

Bunday loyihalar Anvarmirzo Xusainov bisotida ancha-muncha. U bamisoli g‘oyalar generatori, boshida har kuni yangi bir reja, taklif, loyiha tug‘iladi desam, ishoning. Faqat ularni paysalga solmay, o‘z vaqtida eshitish, o‘rganish, amaliyotga tatbiq etish darkor.

Aql va adab yakka bir shaxs taqdirida birlashib, insoniy ma’rifatni yuzaga chiqaradi. Ilm va adolat jamiyat taqdirida birlashib, ijtimoiy ma’rifatni maydonga keltiradi. Ma’rifat qanot yozgan yurtda fikrsizlik yo‘qolib, fikriy faollik kuchayadi va, tabiiyki, taraqqiyotga yo‘l ochiladi.

Iloho, shundoq bo‘lsin, O‘zbekistonimizga har jabhada taraqqiyot nasib etsin! Omiyn, yo Rabbul olamiyn!..
Jamol Kamol
O‘zbekiston xalq shoiri

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Fikrsizlik fojeasi...”