Foto: «OLX.uz»
Bir paytlar mana bu qo‘shiq rosa avj olgan edi:
Sochimdan ko‘p oshig‘im,
Sen bo‘lmasang boshqasi.
Bugun ana shu qo‘shiqni kuyovchaklar sal o‘zgartirib bemalol aytsa bo‘ladi:
Sochimdan ko‘p sarpolarim,
Biri bo‘lmasa, boshqasi.
Aslida biz tanqid ostiga olayotgan, malomat qilayotgan bu xunuk odat — kuyovchaklik («kuyovchak» — «kuyov» va «kelin» so‘zlaridan yasalgan kinoyaomuz yasama so‘z, erlik g‘ururidan mosuvo, xotiniga qaram kimsalarga nisbatan ishlatiladi) birdaniga yoki o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Yillar osha uni o‘zimiz «sayqalladik», ko‘pirtirib-toshirib, me’yoridan oshirib alal-oqibat ayanchli o‘ta xunuk holatga olib keldik. Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur deganlaridek, bo‘lar-bo‘lmas to‘qima va yasama «urf-odatlar»ni yo‘q joydan yasayverib, endi o‘zimiz boshi berk ko‘chaga kirib qoldik.
Bundan 25-30 yil ilgari bo‘lgan voqea hech esimdan chiqmaydi. Tohir tog‘am qo‘shni qishloqda yashaydigan sinfdoshi Nazokat opani jonu dilidan yaxshi ko‘rar edi. Nazokat opa ham befarq bo‘lmagani bois ular ahdu paymon qilishdi. Hamma muammo yigit tomon sovchilari qiz tomonga borib kelgandan so‘ng paydo bo‘ldi. Ya’ni Nazokat opa yakkayu yolg‘iz farzand bo‘lgani uchun ota-onasi agar yigit ichkuyov bo‘lishga ko‘nsa qizlarini berishga rozi bo‘lisharkan. Bu gaplarni eshitib uydagilarning hammasi rosa tutaqdi. Eng so‘nggi gapni tog‘am aytdi: «Bir kamim ichkuyov bo‘lib, do‘stu dushman oldida yuzim shuvit bo‘lishi qoldi. El-yurt oldida qanday bosh ko‘tarib yuraman, axir? Qaddimni bukadigan, g‘ururimni sindiradigan bunday muhabbatdan kechdim», dedi.
Tog‘am oriyatni hamma narsadan ustun qo‘ydi. Boshqa qizga uylandi. Nazokat opaning ota-onasi har bir sovchiga yuqoridagi shartni qo‘ygani tufayli anchagacha turmush qurmadi.
Bundan 20 yil ilgari sodir bo‘lgan yana bir voqea esa uning aksi. O‘qishni tamomlagach uch kursdosh qiz bir hovlida ijarada xonadon egalari bilan birga yashay boshladik. Ko‘chib borganimizning uchinchi haftasi edi. Dam olish kunidan bir kun oldin Muborak opa: «Ertaga qizim Madina nabiralarim bilan mehmonga keladi. Ul-bul ishlarda ko‘maklashib yuboringlar», — deya iltimos qildi. Mahmud amaki shu kuni 5-6 marta bozorga qatnadi. Katta tadorik boshlandi. Somsa, lag‘mon, manti tayyorladik. Keltirilgan xarajatlaru qilinayotgan ovqatlarga qarab 15-20 kishi mehmonga kelsa kerak, deb o‘yladik. Erta tongdan yana tayyorgarlik davom etdi. Bir tomonda sho‘rva qaynayapti. Boshqa qozonda oshning zirvagi tayyor.
Tushga yaqin darvoza oldida mashina to‘xtadi. Muborak opa va Mahmud amaki yugurib chiqib, Madina opani qizalog‘i va o‘g‘li bilan boshlab kirishdi. Kuyovning shoshilinch «ishi» bor ekan. Ko‘chadan qaytib ketibdi. Ota-ona kun bo‘yi qizi va nevaralariga rosa parvona bo‘ldi. Kechga tomon er-xotin yana tipirchilab qolishdi. Chunki kuyov keladigan vaqt yaqinlashib qolgan ekan. Vaqti «tig‘iz» kuyov kunduzgidek yana uyga kirmadi. Biz esa darvozaga o‘ngirilgan holda orqa kapoti ochib qo‘yilgan mashinaga bir tog‘orada osh, yana birida somsa, boshqasida tovuq, shashlik tugilgan dasturxonlarni tashidik. Qutilardagi meva-cheva, shirinligu pishiriqlar ham joylashtirildi. Xayr-xo‘sh qilib mehmonlarni kuzatib uyga kirayotganimizda shaddodgina Laylo: «Xola, qizingizning tug‘ilgan kunimi yoki kuyovingiznikimi?» deya so‘radi. «Yo‘q, tug‘ilgan kun emas, taomil shunaqa», dedi xola siniq jilmayib. O‘sha shunchaki odat har bir yarim yoki ikki oyda, ya’ni Madina opa mehmonga keladigan kun, albatta, hech bir xatosiz va kamchiliklarsiz ado etildi. Faqat nafaqaga kun ko‘radigan bu ikki qariyaning tejab-tergab yiqqan pullari evaziga keladigan yeguliklarni kuyov tomon qanday hazm qilishini sira tasavvur qilolmasdik. Garchi avvalida rosa hayron qolgan bo‘lsak-da, biz ham bora-bora bu «odat»ga ko‘nikdik.
Qiziq. Ilgari o‘g‘il uylantirish qiyin bo‘lgan ekan, endi esa qiz chiqarish — katta muammo. Ota-ona oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan qizining sep-sarpolarini to‘la-to‘kis qilib beradi-yu, keyin kuyovning boshqa kemtiklarni to‘ldirishga umrini, bisotini sovuradi. Ularning yemay-ichmay bor-budini qizini tinch-xotirjam yashashi uchun sarflashi hech bir aqlga sig‘maydigan gap.
Menimcha, orsiz, g‘urursiz yigitlar kelin tomonidan kelgan parqu to‘shaklarda yonboshlab mana bunday xayol surishsa kerak: «Eh, qanday yaxshi-ya? Ko‘zingni bir yumib ochsang hamma narsa osmondan tushgandek muhayyo. G‘am-g‘ussaga ne hojat, mehnat qilib pul topishga ne rag‘bat? — deganlari shu bo‘lsa kerak».
Ming afsus, ming attang. Nahotki muhabbatga bo‘ysunmagan g‘ururlar bugun mol-dunyoga, boylikka tobe bo‘lib qoldi? Essiz g‘urur, essiz oriyat.
Yaqinda bir hamkasbim qishloqqa ota-onasining holidan xabar olishga borib jig‘ibiyron bo‘lib keldi. Ota-onasi hovlilari yonboshidan 4 sotix yerni katta o‘g‘il ulg‘aysa uy-joy qurib beramiz, deya yaxshi niyat bilan olib qo‘yishgan ekan. Ular orada biroz muddat Toshkentga kelib yashadi. Shu vaqt ichida «uddaburon» «kuyovparvar» qo‘shni o‘sha bo‘sh yerga uy tiklab qizi va kuyovini ko‘chirib keltiribdi. Gulmiraning otasi Samad tog‘a avvaliga bu holatdan juda hayron bo‘libdi, keyin sudlashib yurishni o‘ziga ep ko‘rmay: «E, ha, mayli bir parcha yer uchun qo‘shni bilan janjallashib yuramanmi?» deya qo‘l siltabdi.
Bunga Gulmira juda asabiylashardi. «Otam andisha qilib yer talashishni istamayapti. Bo‘lmasa qonun biz tomonda. Qo‘shni endi kuyoviga mashina olib berish harakatida yurgan emish. Kuyov to‘ra esa betimning qalini jonimning huzuri, deb o‘tiribdi. Bezbetlarcha qaynona-qaynotaning peshonasiga kelib baqrayib yashayotganiga nima deysiz? Otamga ham hayronman. «Indama. Yosh bolasi bilan qayerga boradi?» deydi. Kuyov hamma narsaga osonlik bilan hech qanday mehnatsiz erishayotganidan dimog‘i chog‘. Qo‘l-oyog‘i bus-butun bu yigitning hech qayerda ishlamay uyda o‘tirgani-chi? E, o‘rgildim, bunday boqimanda kuyovdan».
Ha, jahl kelganda aql ketadi, degan gap bejiz aytilmagan. Lekin jahl kelganda ba’zan achchiq haqiqatu ochiq gaplar ham tildan chiqib ketadi. To‘g‘rimi, g‘urursiz kuyovchaklar?
Hidoyat Jo‘rayeva
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Singapurda jahon shaxmat toji uchun bahs boshlandi
"Yirtqich" ovga chiqdi...
Namanganda olib qochilgan avtomobil «Qamchiq» dovonida to‘xtatildi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Xitoy Yaponiya va sakkizta davlat fuqarolariga vizasiz rejimni joriy etadi
Ro‘ziqul Berdiyev: "12 ta mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandik, hozir esa ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyat"
Peskov AQSHning amaldagi ma’muriyatini Ukrainadagi vaziyatni keskinlashtirishda aybladi