08:33 / 13.05.2018
5 207

Buloq boshidagi tilak

Buloq boshidagi tilak
Nuriniso ikkita bolasi bilan otasinikiga qaytib kelganidan buyon ichiga chiroq yoqsa, yorishmaydi. «Kundoshlik azobiga chidolmayman», deb o‘ylagandi. Ammo chiqqan qizning ota uyiga qaytib kelishidan ko‘ra yomonroq azob yo‘q ekan bu dunyoda. «Bekor qildim, — deydi ba’zan kechalari uyqusi o‘chib. — Hovli katta edi, bir chekkasida men ham yashayversam bo‘lardi. Erim: “Ketma”, degandi-ku. O‘zim qaysarlik qildim». Shunday deydi-yu, erining kundoshiga qilgan mehribonchiliklarini eslagani sayin yuraklari kuyib ketadi.

— Uff…

U chuqur xo‘rsinib, bu yonboshiga ag‘darilishi bilan kichkina qizchasi tolchiviqdek ingichka qo‘lchasi bilan bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi.

— Uxla, qizim, — dedi Nuriniso uning mayin sochlaridan silab.

— Uyqum kelmayapti.

— Nega?

— Dadamni sog‘indim.

Bu gapdan uning qo‘llari titrab ketdi. Vaqt o‘tgani sari bolalari buvisinikiga ko‘nikish o‘rniga battar ichika boshladi. Ayniqsa, kichkina qizining xarxashalari kundan-kun ko‘payib borardi.

— Aya, uyimizga ketaylik, dadamni sog‘indim, — deydi u har kuni dasturxon boshida hiqillab.

— Dadang o‘lib, dadasiz qolgin iloyim, — deya qarg‘ashga tushadi onasi.

Nurinisoning: “Qarg‘amang”, deyishga tili bormaydi. Agar shunday desa, onasidan baloga qolishi aniq.

— Lallaygan onang erni mahkam ushlashni bilganida hozir uylaringda yayrab yashayotgan bo‘lardinglar, — deya nabirasi qolib, qiziga hujumga o‘tadi onasi.

Nuriniso lom-mim demaydi, deyolmaydi. Faqat chuqur-chuqur xo‘rsinib qo‘yadi, xolos. So‘ng yelkasiga ketmonini tashlaydi-da, dalasi tomon yo‘l oladi. Ammo ikki ko‘zi orqasida qoladi. Chunki qizlari… Ukasining bolalari ularni hech chiqishtirmaydi. Ayniqsa, kichkina qizini ko‘p uradi. Biror narsaga qo‘l cho‘zgudek bo‘lsa ham «Tegma, bu bizniki, olma, bu meniki”, deya ayamay yumdalab tashlashadi. Nurinisoning yuraklari sitilib ketadi shunday kezlarda. Ammo yuzi kulib, ichi yig‘lab, jim turadi. Qizi chinqirib yig‘lasa, «Akang-da, seni tergashga haqi bor», deydi zo‘rma-zo‘raki. Ammo shunda ham jiyanlari til tishlab turmaydi.

— Men akasi emasman buning, — deydi o‘shshayib.

So‘ng darvoza tomon chopib keta turib, ortiga shart o‘giriladi-da:

— Yetimcha, yetti kulcha! — deya qichqiradi.

— O‘chir! — deya po‘pisa qiladi onasi shunchaki yo‘liga.

Ammo “Nega bunday deysan?” deya bolasini tergamaydi. «Bu uydagi eng katta yetimcha menman», deya o‘ylaydi Nuriniso o‘ksinib.

— Ona, ayting, jiyanlarim qizlarimni urmasin, — dedi bir kuni u yurak yutib.

— Voy-bo‘, buncha avaylaysan shu yetimchalaringni. Itdan bo‘lgan qurbonlikka yararmidi?

— Meniyam bolam-ku, ona!

— Qiz bola ota-onasiga vafo qilarmidi? Bilsang, o‘ligingning egasi o‘g‘il bola bo‘ladi. Esing bo‘lsa, qizlaringni eringnikiga tashlab kel. O‘zing esa erga teg. Hali yoshsan, tug‘asan. O‘g‘ling bo‘lsa, sal o‘mganing ko‘tariladi.

— Erning beti qursin, ona!

— Ha, ichingdagini yog‘ deb o‘ylayapsan hali. Mendan davr o‘tsin, bu uyda bir soat sig‘armikinsan? Ayol kishining boshi katta bo‘ladi bilsang. Erinikidan boshqa joyga sig‘maydi.

Nuriniso onasiga qarab turib, «Nahotki men ham shu rahmsiz ayolning farzandi bo‘lsam?!» deya hayron qoladi. So‘ng dalaga ketiladigan yo‘ldagi buloq yoniga borib yum-yum yig‘laydi. Shoxlariga latta-putta ilib tashlangan bir tup qayrag‘ochga termilib, niyat qiladi. So‘ng ro‘molidan ip olib, uning shoxiga ilib qo‘yadi.

Bir safar chidolmaganidan qizlarini o‘zi bilan dalaga olib ketdi. Qaytishda o‘sha chashma bo‘yiga o‘tirib, yana niyat qildi.

— Nega qayrag‘och shoxiga ip ildingiz? — dedi katta qizi hayron bo‘lib.

— Niyatlarimiz amalga oshishi uchun.

— Nimani niyat qildingiz, aya?

— Sizlarning baxtli bo‘lishingizni.

— Unda men ham niyat qilaman.

— Mayli.

Katta qizi ham ro‘molidan uzun bir ip oldi-da, qayrag‘och shoxiga ilib qo‘ydi.

— Nimani niyat qilding, qizim? — dedi Nuriniso qiziqib.

Qizi uyaldi. Aytgisi kelmay, yuzini chetga burdi. Nuriniso xayol surgancha ikki qizining qo‘lidan tutib, uyi tomon yo‘l oldi.

— Aya, chindan ham chashma bo‘yida aytilgan hamma niyat amalga oshadimi? — dedi qizi keta turib.

— Ha.

— Eng qiyini hammi?

— Eng qiyini ham.

Qizining yuzlarida quvonch jilva qildi. Go‘yo ayt­gan tilagi hoziroq amalga oshadigandek tuproq yo‘lni changitgancha yugurib ketdi. Uyga kelsa, kelini qovoq-tumshuq qilib o‘tirgan ekan.

— Tinchlikmi, nima gap? — dedi ishdan qaytgan ukasi unga mehribonchilik bilan.

— Charchadim, — ters javob berdi kelini.

— Uyda o‘tirib ham charchaysanmi?

— Iy, nega charchamay? Yetim-yesirlarning ham ovqatini pishirish menga qolgan bo‘lsa…

Kelinining bu gapi Nurinisoning yuragiga nash­tardek botdi. Qizlarini yetakladi-yu, ovqat ham yemay, uyga kirib ketdi. To‘yib-to‘yib yig‘ladi. Deraza yonida mo‘ltirab turgan katta qizining ko‘zidagi boyagi shodlikdan asar ham qolmagandi.

— Aya, non, — dedi kichik qizi etagiga tarmashib.

— Non yeguncha toshni ye! — bor kuchi bilan qizining yuziga shapaloq tortdi Nuriniso.

Tarsaki zarbidan qizi burchakka uchib ketdi. Burnidan sharillab qon oqdi. Katta qizi bunga chidolmay, yugurib uydan chiqdi-da, chorpoya ustida o‘rog‘lik turgan dasturxondan bir burda non olib kelib, singlisiga berdi.

— Mana non! — dedi u ham yig‘lamsirab.

Kichkina qizi “Yemasam, ayam yana uradi!” deb o‘yladimi, shosha-pisha nonni tishlab yeya boshladi. Burnidan chakillab oqayotgan qon nonga tomchilar, qizaloq esa parvo qilmay, uni og‘ziga paydar-pay tiqardi.

Nurinso shu tun Xudoga nola qilib chiqdi:

— Ey, Xudo! Tinch-totuv kunlarimni qaytar, erimga insof ber! Uyimga qaytay!

Ertasi kuni yana buloq boshiga bordi. Unga astoydil niyalarini aytdi. «Yanagi yil yoningga o‘g‘limni ham yetaklab kelay», dedi astoydil.

U dalaga o‘tganida ham, qaytganida ham shu buloq boshida to‘xtar, soatlab unga termilib o‘tirar, ko‘m-ko‘k mavjlariga tikilgani sayin ko‘ngli ham poklanib, yuksalib borayotgandek tuyulardi.

Bir kuni qosh qorayganda daladan horib-charchab qaytar ekan, katta qizi uni xushnud qarshi oldi.

— Ayajon, suyunchi bering! — dedi hovliqib.

— Suyunchi sendan aylansin, qizim, nima gap?

— Bugun dadam keldi.

— Dadang keldi?

— Ha, buloq boshida aytgan tilagim amalga oshdi.

— Buloq boshida shuni niyat qilganmiding, qizim?

— Ha, dadam kelsin, bizni uyga olib ketsin, — degandim.

Nurinisoning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Yerga cho‘kkalab, qizini mahkam bag‘riga bosdi.

— Ammo dadang bizni uyga olib ketmaydi, — dedi so‘ng ohista pichirlab.

— Yo‘q, unday emas, — qizi bag‘ridan yulqinib chiqdi-da, uning ko‘zlariga tikildi.

— Dadam bizni yaqinda olib ketar ekan, — dedi so‘ng ishonch bilan. — Ozgina chidanglar, so‘ng hammamiz yana birga yashaymiz, dedi. Men dadamga ishonaman…

— Qizing aytgandir, ering keldi yuziga eshakning terisini qoplab, — dedi onasi darvozadan kirishi bilan.

Nuriniso indamadi.

— Nega kelibdi, deb so‘ramaysanmi?

— Xo‘sh, nega kelibdi? — onasining gapidan g‘ashi keldi Nurinisoning.

— Tilla tumor xotinining javobini beribdi. Yana sen bilan yashamoqchi emish.

— Siz nima dedingiz?

— Nima derdim, toshingni ter! — dedim.

«Tavba, — deya o‘yladi Nuriniso ichida. — Onamning o‘zi bizdan bezoru, yana balanddan kelganiga o‘laymi?

— Qizlaring ketamiz, deb chirqillagandi, tog‘asi baqirib berdi. Baribir, tomirida o‘sha itning qoni bor-da bularingning. Tog‘alari puf-puflab o‘tirgan bo‘lsa ham yana o‘sha oqibatsiz otasini deydi…

Oradan kunlar o‘tdi. Nuriniso har kuni onasiga sezdirmay, yo‘l qaray boshladi. Ammo qizlariga «Tez kunda sizlarni olib ketishga kelaman», degan eridan hamon dom-darak yo‘q edi. Dadasi kelib ketgach, katta qizi har kuni vaqt-bemahal buloq boshiga yuguradigan bo‘lib qoldi. U buvisi yoki yangasining ko‘zini shamg‘alat qilardi-yu, buloq boshiga borib, soatlab cho‘kka tushib o‘tirardi. Ko‘zmunchoq taqilgan nimjon qo‘llarini duoga ochib, o‘zicha nimalardir deb pichirlar, so‘ng kaftini yuziga surtardi.

Nihoyat, Nurinso orziqib kutgan kun keldi.

— Sizlarni olib ketgani keldim, — dedi bir kuni eri darvozadan bosh egib kirib kelarkan. — Meni kechir, Nuri, sening qadringni bilmagan ekanman.

Nurinisoning ko‘zidan duvillab yosh quyildi. Yig‘lab-yig‘lab narasalarini yig‘ishtirdi. Hatto «Shu tuturiqsiz ering bilan yashamaysan!» deya chirqillagan onasiga ham parvo qilmadi. Eri kichik qizini yelkasiga mindirib yo‘l boshladi. Nuriniso bir qo‘lida tugun, ikkinchi qo‘li bilan katta qizining jajji kaftini changallagancha uning ortidan ergashdi.

— Niyatimiz amalga oshdi, aya! — derdi qizi yo‘lma-yo‘l quvonchdan irg‘ishlab ketarkan.

«Ha, amalga oshdi, qizim, — derdi Nuriniso ichida pichirlab. — Yaxshi niyat Xudoyimga yetmay qolmas ekan». U ortiga o‘girilib qararkan, ancha orqada qolib ketgan, xuddi xayrlashayotgandek jimir-jimir qilib mavjlanayotgan buloqqa ich-ichidan tashakkur aytdi.

— Xudoyim, mo‘’jizangdan o‘rgilay, — dedi so‘ng ovoz chiqarib.
Gulruh YoRMATOVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Buloq boshidagi tilak