09:21 / 03.06.2018
3 720

Keyingi bekat - merovlik bosqichi

Keyingi bekat - merovlik bosqichi
Bilasizmi, nega ijtimoiy tarmoqda (hayotdayam) odamlar islomiy va g‘arb dunyosini taqqoslab tortishaverishadi. Chunki ular o‘z tartib-qoidalariga ega davlat va jamiyat xayolida yashashadi, uni amaliyotga ko‘chirishni, barchaning hayot tarziga aylanishini istashadi.

Kaminaning ham ko‘p qatori azaldan kichik bir orzuchasi bo‘lgan. Shunday jamiyatda yashasakki, qonun degan matah oyog‘imiz ostidan boshimizga ko‘tarilsa, uyushmalar tuzish va saylovlar adolatli o‘tsa, e-e-eng asosiysi, tushovlangan matbuotimiz bor kamchiliklarni fosh etuvchi jamiyat sanitariga aylansa. Mayli, qolgani amalga oshmasayam, uchinchisini ko‘rsak, qaniydi. Chet tilidagi nashrlar va proksi bilan ochiladigan saytlarni o‘qishga berilganligim tufayli “Ommaviy axborot vositalari” emas, “Ommaviy tashviqot vositalari” (Karim Bahriyev iborasi) holiga achinish talabaligimdayoq shakllangan, qolaversa, bizda istalmagan ma’lumotlar dunyoqarashim, aqidam va ma’naviyatimga putur yetkazib ulgurgan edi.

Siz bir tasavvur qiling: o‘sha kun kelsa, hech bir fuqaro majburan ishlatilmaydi; mahbuslar kaltaklanmaydi; kirish imtihonlarida adolat qaror topadi; muhtojlarga ko‘maklashuvchi uyushma tuzsangiz, prokuratura chaqirtirib po‘pisa qilmaydi; uyushma nima bo‘pti, kerak bo‘lsa, o‘z harakatingiz, partiyangizni tuza olasiz; fuqaroning qonini ichayotgan monopolistlarni gubkadagi suvdek siqib tashlaymiz; byudjet tashkilotlarga ajratilayotgan pullar qayoqqa sarflanishini bilish imkoniga ega bo‘lamiz; davlat tuzilmasidan urug‘-aymoqchilar kurab tashlanadi; gazeta-jurnalga fuqaroning ishonchi tiklanadi. Negaki barcha nuqsonni fosh qiluvchi OAV rosmana to‘rtinchi hokimiyatga aylanadi. Jurnalist bu jamiyatning holatini yorituvchi chiroqdir, uning yordamida yuqoridagi qatlam pastki qatlamni ko‘radi, ko‘rgach, tabiiyki, munosabat bildiradi, chora ko‘radi (muhtaram o‘quvchi, ehtimol, siz jurnalistika nazariyasini mendan o‘n barobar yaxshi biluvchi professionaldirsiz, fikrlarimni bir havaskorning jo‘ngina tushunchasi deb qabul qiling). Hokimbuvaning noqonuniy amalini hamma nashrlar urib chiqsa, uzr so‘ramay iloji yo‘q; mahbuslar kaltaklangani hammayoqqa oshkor bo‘lsa (sud tibbiy ekspertizasi erkin, foto va audiodalillar bor) hukumat darhol zo‘ravonlarning dumini tugadi; jurnalistlar “Sariq devni minib”dagi militsioner Hoshimjon Ro‘ziyev kabi sehrli qalpoqchasini kiyib, odam oyog‘i yetmas kabinetlarga kiradi va investorga yo‘l bermayotgan byurokratlaru monopolistlarni fosh qilib tashlaydi; investor tiqilib ketgach, yurtimizda ishsizlik barham topadi. Eh-he, cho‘llar bo‘stonga, dashtlar gulistonga aylanadi... Baribir bu turg‘unlik bosqichi ortda qolib, oshkoralik va izchil taraqqiyot bosqichi boshlanishi muqarrar.

...Ikki yil burun yoz oxirlayotganda Rio-de Janeyroda bokschilarimizning zarbasi orqasidan bir qancha ring tojdorlari va yana bir tojdor quladi. 32 mln aholi quvonchning orqasidan qayg‘uga botdi. Yashirmayman, xafa bo‘lganim yo‘q, buni umidbaxsh xabar deb qabul qildim. Nihoyat, bizning davlat va jamiyatda qon almashadi, aks holda aynigan qon tanani ishdan chiqarishi, tomirga tiqilib yotgan shlaklar insult yoki infarktga yetaklashi hech gapmas edi. Ana endi OAVni ko‘ramiz, davring keldi jurnalistika.

Haqiqatan ham so‘nggi yillarda jurnalistikaning tushovi yechilib, uchishga urina boshladi. To‘g‘ri, u astoydil uchsa, kimlarning boshini cho‘qishi tayin bo‘lgani uchun jilovni tortib turishibdi, biroq bugungi holatni uch yil oldin orzu qilardim. O‘sha kunlar kelishini kutyapman, ammo jurnalistika prizmasidan qaraganda taraqqiyot bosqichigacha yana bir oraliq bekat borligini hisobga olmagan ekanman.

Endi holatni ko‘ring. Tanqid ham bor, tahlil ham bor, hamma kamchiliklarni urib yotibdi. Jurnalistlar bunisi hokim, unisi vazir, deb istihola qilish bosqichidan o‘tdi. Ammo uni eshitadiganlar “ko‘z - ko‘r, quloq - kar” rejimini yoqib olib, bamaylixotir ishlashmoqda. Bugun hokimbuva “O‘qituvchi va do‘xtirning paxtaga chiqishi – jinoyat”, deb otashin ohangda ta’kidlaydi. Biroq ertaga ayni o‘shalar “qalb amri bilan” paxtaga jo‘naydi. Tergovda qiynoq qo‘llash mumkin emas, ammo “ichkari”dan kaltak yeb chiqsa, “yiqilib tushgan”, deb xulosa yasaladi. O‘qituvchi o‘lgach, majburiy mehnat qonun bilan batamom tugatilgani qayta-qayta tilga olinadi, biroq izlar bosilgach, marhumaning hamkasblari yana “o‘z xohishi bilan” ko‘cha tozalashga chiqadi. Portalga biror tashkilotning bir quchoq muammosini yozasan, “o‘rganib chiqib, tegishlicha chora ko‘rilsin”, degan shtamp javob qaytadi va arz-hol bumerangdek uchib yana tashkilotning o‘ziga tushadi. Dehqonlarning piyozi kasod bo‘libdimi – yordam beramiz, 400 so‘mdan sotib olamiz, ko‘nmasangiz, o‘zingiz bilasiz, biz yordam berdik. Masjid va bolalar masalasimi – biz bajonidil xalq istagini tinglaymiz, biroq g‘o‘r bolalar masjidda to‘polon qilib kattalarni chalg‘itsa, muqaddas maskanni ifloslab qo‘ysa, gunoh yozilmaydimi? Falon amaldor falon million pulni o‘zlashtirib yuboribdi – vayy, yomon bo‘libdi-da, mayli, bir safar kechiramiz, boshqa qilmasin. Ha, bemalol fosh qilavering, yozing, aslo qo‘rqmang, biroq natijani kafolatlamaymiz. O‘ylab qarasam, bu ham hisoblashishga arzigulik bir “perexodnoy” bosqich ekan. Merovlik bosqichi, beyuzlik, karlik, garanglik, bilib bilmaslikka olish bosqichi...

Agar bu bosqichdan ham o‘tib olsak, keyingi bekat ijobiy bo‘lishi tayin. Munosib kadrlar keladi, professionalizm yutib chiqadi. Ha, agar, o‘tib olsak. Hamma o‘tgan, biz ham o‘tamiz. Bu kun kechagisidan yaxshiroq, ammo bunaqasini orzu qilmaganmiz, ertaga bundan yaxshiroq bo‘ladi, yaxshiroq bo‘lishi shart.
Shukurjon Islomov

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Keyingi bekat - merovlik bosqichi