18:57 / 14.06.2018
5 899

Ramazon eslatmasi: Hayit bayramida erkaklarimiz nimalar qiladilar?

Ramazon eslatmasi: Hayit bayramida erkaklarimiz nimalar qiladilar?
Hayit bayramlarida yoshu qari, boyu kambag‘al barchalari shodu xurram bo‘lib, bir-birlariga xursandchilik izhor qilishadi. Bu ulug‘ bayram Ramazon va Qurbon hayiti kunlari nishonlanadi. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib, u sababli banda ko‘plab ajru savoblarga ega bo‘ladi. Jumladan:

Ezgu niyat.
Hayit namoziga chiqilar ekan, zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qiladi. Payg‘ambarimiz Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqadi. Silai rahm, ya’ni qavmu qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qiladi.

G‘usl qilish va xushbo‘ylanish.
Yuvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqish ham bu kunning odoblaridan sanaladi.

Yaxshi kiyimlar kiyish.
Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab bo‘ladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu xurramligini namoyon qilish hamdir.

Qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa yemaslik.
Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozi ado etilgunicha taomlanmaslik, balki so‘ygan qurbonligining go‘shtidan yeyishi sunnatdir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar (Termiziy rivoyati).

Hayit namoziga erta borish.

Barro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning xutba qilayotib bunday deganlarini eshitganman: “Ushbu kunda birinchi qilinadigan ish bayram namozini o‘qishdir, so‘ngra qurbonlik qilishdir. Kimki shunday qilgan bo‘lsa, albatta bizning sunnatimizga ergashibdi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Masjidga piyoda yurib borish.
Agar yo‘l uzoqlik qilmasa, qoru-yomg‘ir yog‘mayotgan bo‘lsa yoki kasal bo‘lmasa hayit kuni namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi.

Masjidga borgunicha ovozini chiqarib tahlil va takbir aytib borish.

Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” larni aytib borish ham sunnat hisoblanadi. Ushbu sunnatni ado etish Islom shiorini izhor qilish va hayit bayrami kelganidan shodlanish ifodasi, hamda ushbu kunning oldingi va keyingi kunlardan farqli kun ekanini barcha insonlarga bildirish hisoblanadi.

Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o‘qimaslik.
Hayit namoziga yetib borganidan so‘ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o‘qimasdan tahlil va takbirlar aytib zikr qilib o‘tirish sunnatdir.

Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) I’yddan oldin hech narsa o‘qimas edilar, qachon manzillariga qaytsalar ikki rakaat namoz o‘qirdilar” (Ibn Moja rivoyati).

Bir-birlari bilan ko‘rishib, hayit bilan muborakbod etish.
Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Ya’ni “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.

Masjiddan uyiga qaytishda boshqa yo‘ldan qaytish.
Hayit kuni namozdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnatdir.

Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qachon I’yd kuni bo‘lsa, yo‘lni farqli qilardilar” (Imom Buxoriy rivoyati). Hayit kuni o‘ziga yaqin bo‘lgan masjidga piyoda yurib borilsa, namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari adadicha savoblari ham ko‘payadi. Shuningdek, yo‘ldagi tirbandliklarning oldi olinadi.

Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish.
Qavmu qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifa, hayit kunlarida bu vazifa yanada ta’kidlangan.

Qo‘ni-qo‘shnilarni bayram bilan tabriklash.

Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashib, ularni ziyorat qilinsa, xursandchiliklar yanada ziyoda bo‘ladi.

Turli isrofgarchiliklardan tiyilish.

Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlardan tiyilish lozim. Chunki bu kunda qilingan xayrli ishlarning savobi ulug‘ bo‘lganidek, noshar’iy ishlarning ham gunohi kattadir. Go‘yo “hayitda ruxsat” degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘lish yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirish yaramaydi. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma’siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.

Yosh bolalarni xursand qilish.

Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonlik belgilaridan biridir. Zero har bir voqea yosh bolaning ongida toshga o‘yilgan naqsh kabi saqlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ramazon eslatmasi: Hayit bayramida erkaklarimiz nimalar qiladilar?