19:31 / 02.08.2018
5 297

Qasos ortidagi baxtsizlik

Qasos ortidagi baxtsizlik
Ruhiy kasalliklar shifoxonasi.

Osmonga termilib o‘tirgan ayolga zimdan nazar tashlayman. Qachonlardir bu ayol ham baxt og‘ushidan sarmast edi…

Saodat kambag‘al oilada dunyoga kelgan, maktabni bitirgach, uni amakisining o‘g‘liga unashtirishgandi. Adham o‘qimishli yigit bo‘lib, oilada to‘ng‘ich farzand edi. Undan keyin ukasi Ahmad bo‘lib, shaharda o‘qirdi.

To‘y bo‘ldi.

Saodat hamma qizlar orzu qilgan oq libosda ota uyini tark etdi. Ular bir-biriga juda munosib edi. Adham Saodatni yeru ko‘kra ishonmas, uni asrab-avaylardi. Qaynona-qaynotasi Saodatni juda yaxshi ko‘rishar, qizim-qizim deb mehribonlik qilishardi.

Oradan oylar, yillar o‘tdi.

Saodat va Adham zimdan qaraganda baxtli hayot kechirayotgandek ko‘rinsa-da, ammo baxtlari kemtik edi. Bu oilada chaqaloq ovozi eshitilmas, Saodat kechalari bilan yig‘lab o‘kinar, og‘rinardi.

Bu orada Ahmad ham o‘qishni tamomladi. Uni o‘zi yoqtirgan qiz — Hilolaga uylantirishdi. Saodat to‘yda yelib-yugurib xizmatda bo‘ldi. Hilola Saodatga qaraganda ancha ayyor va gapga chechan edi.

Oradan oylar o‘tdi. Nihoyat, chaqaloq yig‘isi eshitiladigan kunlar tobora yaqinlashmoqda edi…

Ahmad Hilolani asrab-avaylar, barcha erkaligini indamasdan bajarardi. Hilola ham ayyorlik qilar, kun bo‘yi xonasidan chiqmas, eri kelishiga o‘zini ish qilganday ko‘rsatardi.

* * *
Saodat ro‘zg‘or ishlarini tamomlab endi xonasiga kirgan edi hamki, qaynisi Ahmadning do‘rillagan ovozidan cho‘chib, hovliga otilib chiqdi. Hilola ikki chelak suvni ko‘tarib turgan ekan. Ahmad:

— Nega yangam qolib, sen bu og‘ir ishlarni qilyapsan?! Ana, qisir sigir qilsin bu ishlarni! — deb chelaklarni Saodat tomonga tepib yubordi.

Saodatning tanasi muzlab ketdi. Hilola esa «Ajab qildim», degandek kulimsiradi. Qaynotasi shovqindan ayvonli xonadan yugurib chiqdi:

— Nima bo‘ldi?

Saodat:

— Hilolaxonga suv kerak bo‘lgan ekan, og‘ir chelaklarni ko‘tarib olibdi. “Menga bering, men ko‘taray desam”, Ahmadjon “Men ko‘taraman, sizlar ayol kishisiz”, deb qo‘ymayaptilar. Talashib, suv chelaklarini to‘kib yubordik, — dedi.

Qaynotasi «tushunarli», degandek bosh irg‘adi. Saodat Ahmad va Hilolaga bir og‘iz gapirmay, chelaklarni oldi-da, oshxonaga kirib ketdi. Ahmad esa joyida mulzam bo‘lganicha qoldi.

Ana shu payt Hilolaning dilida bir kun qasos olish istagi paydo bo‘ldi. Eshikni tarsillatib yopgancha xonasiga kirib ketdi.

Nihoyat, oilaga quvonch bag‘ishlaydigan ovoz — chaqaloq yig‘isi eshitildi. Qarindosh-urug‘, to‘y-tomosha. Saodat xuddi o‘zi tuqqanday baxtiyor holda beshikning yoniga kelib yopinchig‘ini asta ko‘tardi. Jajjigina qizaloq… Shu payt Hilola kelib, Saodatning qo‘llarini beshikdan olib tashladi-da:

— Befarzand ayolning chillali bolaga teginishi xosiyatsiz! Opa, iltimos, chiqib keting! — dedi.

Saodat yig‘lagancha xonasiga kirib ketdi. O‘zini bosa olmas, yig‘i butun vujudidan chiqardi. Xudoga tinmay nola qilar, unga ham farzand berishini so‘rardi. Adham kelib, Saodatning ko‘z yoshlarini artdi-da, bag‘riga bosdi.

Kunlar oylarga, oylar esa yillarga ulandi. Adham va Saodat bir-biriga suyanib yashashda davom etishar, qaynona va qaynotasi ham avvalgidek «Qachon nabirali bo‘lamiz?» deya so‘rashni bas qilishgandi.

* * *
Saodat ishlarini qilib yurganida, to‘satdan ko‘zi tindi. Charchabman, shekilli, deb xonasiga kirdi. Biroz cho‘zilmoqchi bo‘lib, yostiqqa boshini qo‘ydi. Ammo holsizlik, ko‘ngil aynishi keyingi kunlar ham davom etdi. Adham shifokorga uchrashishini talab qildi. Shifokor Saodatning yuziga kulimsirab qaradi-da:

— Tabriklayman, yaqinda ona bo‘lasiz, homila 3-4 haftalik, — dedi.

Saodat quloqlariga ishonmasdi. Shifokor xonasidan uchib chiqdimi, yurib chiqdimi, bilolmay qoldi. Uning xayolida faqat shifokorning so‘zlari aylanar, xushxabarni eriga yetkazish uchun uchib borardi…

Sakkiz oydan so‘ng jajji qizaloq yig‘isi olamni tutdi. Qizaloqqa Shodiya deb ism qo‘yishdi. Shodiya ismiga munosib qizaloq bo‘lib, oilaga yana ham fayz olib keldi.

Adhamning ishlari yurishgandan-yurisha boshlagani, katta bir korxonaning direktoriga aylangani, ayniqsa, ovsinining baxtli yashayotganini ko‘ra olmagan Hilola Saodatdan qasd olish rejasini tuzdi. O‘ylab-o‘ylab topgani yengiltabiatroq kursdosh dugonasi Gulnoza bo‘ldi va axiyri unga qo‘ng‘iroq qildi. Ko‘ziga yosh olib, hayoti og‘irligini, erining ishsizligiyu ovsini Saodatning unga kun bermayotganini yig‘i aralash so‘zladi. Gap orasida qaynog‘asi Adhamning katta korxonada direktor ekanini qistirib o‘tdi. Gulnozaning puldor erkaklarni laqillatib yurishini yaxshi bilgan Hilola unga qaynog‘asi Adhamni yo‘ldan urishni iltimos qildi. Hilolaning bu taklifi yengil hayotga o‘rgangan Gulnoza uchun ayni muddao edi. Dugonasidan Adhamning barcha boradigan joylarini surishtirdi. Ishning bunday silliq ko‘chganidan xursand Hilola «Bopladim!» degancha go‘shakni qo‘ydi.

O‘sha kundan so‘ng Adham qayerga borsa, Gulnoza o‘sha yerda paydo bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Ayolning shum niyati oxiri amalga oshdi…

Adham do‘sti orqali Gulnozaga gullar jo‘natadigan bo‘ldi…

Gulnoza Hilolaga telefon qilib, bo‘layotgan ishlarni aytib maqtanar, ketayotgan vaqti va amallariga sha’ma qilar, Hilola esa uning gaplaridan quvonib, pichinglarini tushunar, har oy kelishilgan pulni berib turardi.

Gulnozaning ketmoni uchdi. Bir yoqdan toparmon-tutarmon, obro‘li «erkak»ni ilintirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Hilolaning pullarini simira boshlagandi…

Kunlar o‘taverdi. Adham Gulnozani tinch qo‘ymas, sovg‘alaru gullar bilan xayolini o‘g‘irlardi. Gulnoza ham bora-bora Adhamga ko‘ngil qo‘ydi. Hilolaning rejasi tobora murakkablashib boraverdi. Adham esa oilasini unutib, xayoli faqat Gulnozada bo‘lib qoldi. Ularning munosabati qalinlashgan, Gulnoza Adhamning ma’shuqasiga aylangandi. Shunday kunlarning birida Hilola Adhamning Saodatdan ajrashishini talab qilishini Gulnozadan so‘radi. Gulnoza ham Adhamni ayolidan tezroq ajratib olishni ko‘zlardi. Oxiri Gulnoza qat’iy talabni qo‘ydi: Saodat bilan ajrashasiz! Adham esa Gulnozadan ayrilishni xohlamas, lekin qizini tirik yetim qilishga ham ko‘zi qiymas edi. Gulnoza qat’iy talab qo‘yavergach, oila a’zolari kechki ovqatga o‘tirishgach, Adham qarorini e’lon qildi. Ota-onasi:

— Agar Saodat bilan ajrashib, qizingni tirik yetim qilsang, seni oq qilamiz! Saodat esa hech qayoqqa ketmaydi! — deyishdi.

Ammo Adhamning ko‘zi ochilmadi, yelkasiga kostyumini tashlagancha, Gulnozaning yoniga ketdi. Hamma narsadan xabardor Hilola o‘zicha qaynona-qaynotasi oldida Saodatni yupatgan bo‘ldi. Saodat erining xiyonatidan o‘zini anchagacha o‘nglay ololmadi. Shodiyaning otasini tinmasdan so‘rashi, kechalari bilan yig‘lab chiqishi bag‘rini pora qilardi. Qaynota va qaynonasining Saodatga achinib qarashi uning bag‘rini battar ezardi. Adhamning Saodatni tashlab ketganini Hilola butun mahallaga yoyib chiqdi. Qizining ahvolini eshitgan Saodatning ota-onasi uni olib ketamizga tushishdi. Ammo qaynota va qaynonasining «Ketmang, bizni nabiramizdan ajratmang!» deb yolvorishlari sabab uyda qoldi.

Kunlar shu zaylda o‘tar, ovsini har ko‘rganida «Yaxshi bo‘lganingizda eringiz sizni tashlab, begonaga ketmagan bo‘lardi», deya kesatar, Shodiyani «Tirik yetim», deb masxara qilardi.

Saodat Hilolaning bu gaplaridan ichi zil ketsa-da, o‘zini e’tibor bermaganday tutardi. Bu esa Hilolaning battar jahlini chiqarardi.

Adham Gulnozaga uylandi. Ichkuyov bo‘lib, xotinining uyida yashay boshladi. Boshida chiroyli ko‘ringan hayot asta-sekin aslini ko‘rsatdi. Korxonasi uchun bankdan yirik kredit oldi. Bozorda o‘z o‘rnini topa olmagan mahsulotlar sotilmay, rastalarda qolib ketdi. Bank kreditini yil oxirida ham yopolmadi. Korxona yopildi.

Kuyovining ishlari orqaga ketayotganini sezgan qaynona va qaynota uni rosmana turtkilay boshlashdi. O‘zining turmush ko‘rmagan qizini ajrashgan erkakka berishganini har gapda qistirib o‘tishardi. Gulnoza esa dugonalari bilan maishatdan beri kelmas, vaqtini qimmat restoranlarda vaqtichog‘lik qilish uchun sarflardi. Adham ichkilikka mukkasidan ketdi. Mast bo‘lgan paytlari Saodatni ko‘p eslar «Uning uvoliga qoldim», deya yig‘lardi.

Bir kuni xotinining sobiq jazmanlari haqida bilib qolgach, bo‘kib ichdi va mashinani boshqarib borarkan, uzoqdan ota hovlisi ko‘zga tashlanganida, mashinaning rulini keskin burib yuborganini o‘zi bilmay qoldi. Shu onda mashinaning chiyilaganiyu ayolning qichqirig‘i butun ko‘chani larzaga keltirdi…

Mashina oldida yosh bolaning qonga belangan tanasini ko‘rdi. Adham nima qilganini bilmas, muk tushgancha qotib o‘tirardi… Hushiga kelgach, mashinadan tusharkan, yerda yotgan bola tanasini ko‘rdi. Bu Shodiya edi.

Shodiyani zudlik bilan kasalxonaga olib ketishdi. Adham o‘z qizi, yolg‘iz jigargo‘shasi — Shodiyaning o‘limiga sabab bo‘lganini Saodat ko‘tarolmadi. Aqldan ozdi.

* * *
Men esa sizlarga bu hikoyani so‘zlab berayotgan o‘sha ayol — Gulnozaman… Ha, bir farishtadek ayolning oilasini buzgan o‘sha Gulnoza. Farzandini tirik yetim qilgan o‘sha Gulnoza…

Taqdir meni ham jazoladi. Uy-joyim kul bo‘ldi. Yong‘indan ota-onamni biz hech qachon mensimagan insonlar — qo‘shnilarimiz qutqarib qolishdi. Hozir ijarama-ijara sarsonmiz.

Ruhiy kasalliklar shifoxonasida shifokorman. Har safar Saodatga qaraganimda vijdon azobi meni bir umr azoblab kelishini ich-ichimdan his qilaman…
Barno YoRQIN qizi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qasos ortidagi baxtsizlik