22:13 / 17.08.2018
4 635

Bu dunyoning mohiyati

Bu dunyoning mohiyati
Banda mazammat qilinayotgan dunyoning o‘zi nimaligini, uning nimasidan chetda bo‘lishi kerag-u, nimasidan chetlanmasa ham joizligini bilmagunicha, uni yomon deb bilishning o‘zi foyda bermaydi.

Aslida dunyo va oxirat ikki holatdan iboratdir. Ulardan yaqin turadigani dunyo bo‘lib, u o‘limdan muqaddam turadi. Keyingi o‘rinda turadigani oxirat deb ataladi va u o‘limdan so‘ng keladi.

O‘limdan oldingi nasiba, g‘araz, shahvat, lazzat bor holat dunyodir. Har bir mayl, nasiba va hissa bor narsa yomon bo‘lavermaydi. Bunday narsalar uch qismga taqsimlanadi.

Birinchi qism – banda bilan birga oxiratga ham boradigan, o‘limdan keyin ham samarasi qoladigan narsalar. Ular ilm va amaldir.

“Ilm” deganda Alloh taoloni, Uning sifatlari, farishtalari, kitoblari, rasullari, yeridagi va osmonidagi mulklari va Nabiysining shariati haqidagi ilm anglanadi.

“Amal” deganda esa Alloh taoloning roziligi uchun ixlos bilan qilinadigan ibodat tushuniladi.

Gohida olim kishi uchun ilm bu dunyodagi eng lazzatli narsaga aylanib qoladi. Shuning uchun u ilm lazzati deb taomdan, uyqudan va nikohdan voz kechishi mumkin. Chunki ilm uning uchun mazkur narsalardan ko‘ra lazzatliroqdir.

Ba’zi obidlar ibodat lazzatiga shunchalar beriladiki, agar uni bu narsadan man qilinsa, bu uning uchun eng qattiq azobga aylanib qoladi. Chunki uning uchun ibodat bu dunyodagi eng lazzatli narsaga aylangan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Men uchun bu dunyoingizdan uch narsa mahbub qilindi: ayollar, xushbo‘y narsalar va namoz ko‘zimning qorachig‘i qilindi”, dedilar».

Nasoiy va Hokim rivoyat qilishgan.

Bu hadisi sharifda namoz bu dunyoning lazzatlaridan hisoblanmoqda. Shunga o‘xshash bir qancha narsalar bor. Ular bu dunyoning narsalari bo‘lib, ko‘zimiz bilan ko‘rib turamiz.

Ikkinchi qism – banda bilan birga oxiratga bormaydigan, o‘limdan keyin samarasi u bilan birga qolmaydigan narsalar. Ularga ma’siyatlar, ehtiyojdan ziyoda bo‘lgan muboh narsalar, keragidan ortiq jamlangan mol-dunyo, behuda hoyi-havas va shunga o‘xshash boshqa narsalar kiradi.

Uchinchi qism – yuqorida zikr qilingan ikki qismning o‘rtasidagi narsalardir. Oxirat amallari uchun yordam beradigan bu dunyoning narsalari ushbu uchinchi qismni tashkil qiladi.

Misol uchun, kerakli oziq-ovqat va kiyim-kechak. Sog‘-salomat yashab yurish, ilm va amalga erishish uchun zarur bo‘lgan narsalar ham shunga doxil bo‘ladi. Bular birinchi qismdagi narsalarga o‘xshab dunyo narsalari emas, ammo o‘sha birinchi qismga yordam beruvchi vositalardir. Banda ilm va amalga yetishish uchun ularni har qancha tanovul qilgan bo‘lsa ham, bu dunyo uchun bo‘lmaydi.

Agar o‘sha narsalarni ilm va amal uchun emas, oniy lazzat uchun tanovul qilgan bo‘lsa, bu dunyo uchun bo‘ladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
“Ruhiy tarbiya” kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bu dunyoning mohiyati