12:53 / 04.09.2018
4 068

Oziq-ovqat haqida 11 yanglish fikr

Oziq-ovqat haqida 11 yanglish fikr
Amerikalik parhezshunos Kris Ganners oziq-ovqat haqida koʻpchilik hozirgacha ishonib keladigan 11 xato maʼlumotni bir joyga toʻpladi. Ushbu afsonalardan har birini u oʻz tadqiqotlari yordamida inkor qildi.

Kris Gannersning BusinessInsiderʻda chop etilgan maqolasi ayrim qisqartirishlar bilan keltiriladi.

1. Tuxum xolesterin darajasini oshiradi

Taniqli parhezshunoslar bir ishni katta muvaffaqiyat bilan eplaydi — sogʻlom ovqatga tuhmat qilish. Tuxum buning eng yaxshi namunasidir. U goʻyoki ulkan miqdorda xolesteringa ega boʻlib, yurak xastaliklarining kelib chiqish ehtimolini oshirib yuborarmish.

Ammo oxirgi tadqiqotlar ovqatdagi xolesterin qonda xolesterinning oshishiga olib kelmasligini koʻrsatdi. Aksincha, tuxum yurakni kasallantirmaydigan “foydali” xolesteringa egadir.

Bundan tashqari, tuxumda koʻzni himoya qiladigan antioksidantlar koʻp miqdorda mavjud. Tuxumda yogʻ moʻl boʻlishiga qaramay, bugun koʻpgina tadqiqotchilar ertalabga tuxum yeyish vazn tashlashga koʻmak beradi, degan xulosaga kelmoqda.

Xullas, tuxum eng foydali mahsulotlardan biridir.

2. Toʻyingan yogʻlar — zararli

Bir necha oʻn yillar muqaddam yurak xastaliklari epidemiyasi odamlar yogʻli ovqatlarni juda koʻp yeyishidan kelib chiqadi, degan toʻxtamga kelingan edi. Ayniqsa toʻyingan yogʻ zararli hisoblanardi.

2010 yilda bu borada kattakon maqola chop etildi. U jami 345 ming kishini qamrab olgan 21 tadqiqot natijalarini aks ettirardi. Xulosa: yurak xuruji va toʻyingan yogʻlar oʻrtasidagi hech qanday bogʻliqlik yoʻq.

Aksincha, bunday yogʻlar qonda HDL — “yaxshi” xolesterin darajasini oshirib, DHL — “yomon” xolesterinni kamaytiradi.

Shunday ekan, goʻsht, pishloq va yogʻdan qoʻrqishga va voz kechishga asos yoʻq.

3. Donli mahsulotlar yeyish lozim

Parhez faqat donli mahsulotlar asosiga qurilishi kerakligi haqidagi gʻoya u qadar toʻgʻri emas. Agromadaniy inqilob nisbatan yaqinda boʻldi, genom esa jiddiy oʻzgarishlarga uchragani yoʻq. Demak, inson organizmi donli mahsulotlarga yetarli darajada oʻrgangani yoʻq.

Mevalarga nisbatan donli ekinlarda foydali mahsulotlar ancha kam. Shuningdek, ularda oshqozon-ichak traktida foydali minerallar bilan bogʻlanib, ularning oʻzlashtirilishiga toʻsqinlik qiladigan fitin kislotasi koʻp miqdorda uchraydi.

Bugʻdoy koʻplab katta-kichik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Uning tarkibida glyuten ham koʻp. Glyuten ichaklarning shilliq qatlamini zararlab, ogʻriq, qorin dam boʻlishi, ich ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, u bosh miya kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

4. Koʻp miqdordagi oqsil suyak va buyrakka yomon taʼsir koʻrsatadi

Oqsilning meʼyordan oshib ketishi osteoporoz va buyrak xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkinligi koʻp bora taʼkidlangan. Oqsil qisqa istiqbolda darhaqiqat suyaklardan kalsiyni yuvib chiqaradi, uzoq istiqbolda esa buning teskarisini qiladi.

Oqsil suyaklar sogʻligʻini yaxshilash bilan bevosita aloqadordir. Tadqiqotlar buyrak xastaligining oqsil miqdori bilan bogʻliq emasligini koʻrsatdi.

Buyrak kasalliklarining ikki asosiy omili bor — diabet va yuqori qon bosimi.

5. Yogʻsizlantirilgan mahsulotlar — foydali

Aslida bu puxta marketingdan boshqa narsa emas. Butunlay yogʻsiz ovqat taʼm jihatdan qogʻoz parchasidan farqlanmaydi.

Buni bilgan ishlab chiqaruvchilar yogʻning oʻrnini shakar, fruktoza, makkajoʻxori shinnisi yoki aspartam singari sunʼiy qoʻshimchalar bilan toʻldirishga urinadi.

Aslida aynan mana shunday qoʻshimchalar yogʻ bogʻlash, diabet, yurak xastaliklari va depressiyani keltirib chiqaradi.

6. Kam va kichik porsiyalar bilan yeyish kerak

Bunday oziqlanish metodi metabolizmni tezlashtiradi degan fikr haqiqatga mos kelmaydi. Qisqa muddatga (ovqat hazm boʻlishi chogʻida) metabolizm darhaqiqat oshadi, lekin sarflangan energiyaning umumiy miqdori ovqat qabul qilishlar soni emas, isteʼmol qilingan ovqatning umumiy hajmi bilan bogʻliqdir.

Bir tadqiqotda odamlar ikki guruhga boʻlindi. Birinchi guruh tez-tez kam porsiyalarda oziqlanar, ikkinchi guruh esa xuddi shu hajmdagi ovqatni bir necha qabul qilishda yer edi. Ikki guruh oʻrtasida mutlaqo hech qanday farq kuzatilmadi.

Yana bir tadqiqotga koʻra, odam 3 marta oʻrniga 6 marta ovqatlansa, u toʻyganini his qilishi qiyin boʻladi.

Bundan tashqari, kuniga 4 marta ovqatlanadigan odamlarda toʻgʻri ichak saratoni xastaligi ehtimoli oshishi kuzatilgan.

7. Kaloriyalarning asosiy qismi uglevodlardan kelishi lozim

Parhez odatda 60 foizga uglevodlardan iborat boʻladi. Aslida esa yogʻ bogʻlagan odam uchun uglevodning bunday miqdori xavflidir. Tadqiqotlar uglevod kam, yogʻ koʻp isteʼmol qilinadigan parhezning foydaliroq ekanligini koʻrsatdi.

8. Omega-6 yogʻlari va oʻsimlik yogʻining foydasi

Politoʻyinmagan yogʻ kislotalari yurak xastaliklari tahdidini kamaytirgani bois sogʻlom ratsionning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ammo toʻyinmagan kislotalarning koʻplab turlari mavjud. Ularning asosiy turlari — Omega-3 va Omega-6 yogʻ kislotalari.

Omega-3 yalligʻlanish bilan bogʻliq xastaliklar ehtimolini tushiradi. Inson Omega-3 va Omega-6 ni teng miqdorda olishi lozim, agar muvozanat Omega-6 tomonga siljisa, sogʻliqda muammolar kelib chiqadi.

Omega-6 ning yaxshi maʼlum manbalari qayta ishlangan urugʻ va sabzavotdir: kungaboqar yogʻi, makkajoʻxori yogʻi va hokazo.

Inson hech qachon bunday miqdorda Omega-6 qabul qilgan emas — bu evolyutsiyaga zid holat. Tadqiqotlar buni tasdiqlamoqda — Omega-6 aslida yurak xastaliklari tahdidini oshirishi eʼtirof etilmoqda.

9. Uglevod darajasi past parhezlar organizmga zarar keltiradi

Ganners buning teskarisini uqtirmoqda. Buning sabablari:
- uglevod kam qoʻllanadigan parhez boshqa parhez turlariga nisbatan teri osti yogʻini samaraliroq yoʻq qiladi;
- qon bosimini tushiradi;
- qonda shakar darajasini kamaytirib, diabet belgilarining oldini olishda yordam beradi;
- “yaxshi” xolesterin darajasini oshiradi;
- triglitseridlar darajasini tushiradi;
- “yomon” xolesterin strukturasini yaxshilaydi;
- nihoyat, bunday parhezga amal qilish oson.

10. Shakar “boʻsh” kaloriyalarga egaligi bois zararlidir

Shakarda kaloriya rostanam koʻp (100 grammga 99 gramm uglevodlar = 400 kaloriya). Lekin bu mahsulotning haqiqiy zarari boshqa jihatda koʻrinadi.

Shakardagi fruktoza jigarda qayta ishlanib, yoqqa aylantiriladi. Bu triglitserid va xolesterin darajasining oshishiga sababchi boʻladi.

Shakar, shuningdek, insulin va leptinga qarshilik koʻrsatib, yogʻ bogʻlash va diabetni keltirib chiqaradi.

11. Yogʻli ovqat semirishga sabab boʻladi

Mantiqan toʻgʻriday. Ovqatda yogʻ bor, teri ostida ham yogʻ bor, demak, bu eʼtirofda haqiqat bor. Lekin Ganners buni ham inkor etmoqda.

Yogʻda uglevod va oqsillarga nisbatan kaloriyalar koʻproq boʻlishiga qaramay, gap yogʻda emas, isteʼmol qilinayotgan kaloriyalar miqdoridadir.

Yaʼni, agar inson sarflaganidan koʻproq kaloriya isteʼmol qilsa semiradi, kamroq isteʼmol qilsa — ozadi. Boz ustiga, tadqiqotlar tarkibida yogʻ koʻp parhezlar vazn tashlashga koʻmak berishini koʻrsatmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oziq-ovqat haqida 11 yanglish fikr