Betashvishdek tuyulgan yigirma besh yoshlardagi bu yigitni tahririyatimiz yoʻlagida koʻrib avvaliga eʼtibor bermadim.
— Opa, siz bilan gaplashsam boʻladimi? — deb soʻradi u.
Xonaga taklif qildim.
— Ismim Eldor, tadbirkorman. Anchadan beri meni bir muammo qiynayapti. Shuni gazeta sahifalarida chop etsangiz, deb kelgandim, — dedi yigit.
Eldorning gaplarini tinglarkanman, “Bugunning yoshlari anchayin havoyi, ogʻirning ustida, yengilning ostida yurishadi”, degan gapning mutlaqo aksini koʻrib turardim. Chunki u bugun koʻpchilik ota-onalarni qiynayotgan “dil tubida, til uchida” turgan muammoga yechim topish yoʻllarini izlayotgandi.
ELDORNING HIKOYASI:
— Uyda yolgʻiz oʻgʻilman. Ikkita singlim bor. Ota-onam ziyoli odamlar. Bizga bolaligimizdan halol boʻlishni uqtirishgan. Qimmatbaho kiyimlar, har xil narsalar olib berishmagan boʻlsa ham hayotda oʻz oʻrnimizni topishimizga, mehnatkash boʻlib oʻsishimizga harakat qilishdi. Uch farzand ketma-ket voyaga yetdik. Men hisobchi-iqtisodchilik yoʻnalishi boʻyicha kollejni tamomladim. Singillarim oliy maʼlumotli boʻlishsin, oʻzim keyin ham oʻqiyveraman, degan maqsadda kollejni tamomlagach, biznes reja tuzib, ish boshladim. Ikkala singlim ham ketma-ket institutga kirishdi. Kattasi 2-kursga oʻtganida uyimizga sovchilar kela boshladi. Eng qizigʻi, ularning barchasi: “Oliy maʼlumotli qiz izlayotgandik”, deb eshik qoqishar, singlimning shartnoma asosida oʻqiyotganini eshitgach, qayta qadam bosishmasdi. Sarvinoz 3-kursda oʻqiyotgan payti bir yigit uni yoqtirib qolibdi. Singlim “Ota-onam va akamning ruxsatisiz biror narsa deya olmayman. Niyatingiz jiddiy boʻlsa, ular bilan gaplashing”, deganidan soʻng uning sovchilari uyimizga keldi.
ANDISHASIZ SOVCHI-QUDALAR
— Qizni koʻrdik, bizga maʼqul, — dedi yigitning onasi. — Faqat shu, institutini tugatishiga yana bir yil bor ekan-da. Toʻyni oʻtkazaveramiz, ammo oʻqishining shartnoma pulini keyingi yili ham oʻzingiz toʻlab berasizlar. Oʻgʻlimizni oʻqitib olgunimizcha ona sutimiz ogʻzimizga kelgan. Endi kelinni ham oʻqitamiz, deb qiynalib oʻtirmaylik…
Yigit ota-onamga maʼqul keldi. Oʻzaro maslahatlashib, qudalarning shartiga rozi boʻlishdi. Toʻyni bir oydan keyin oʻtkazishga kelishdik. Yigitning opasi bir kuni men bilan koʻrishib, “Qizni oʻqityapmiz, deb tagʻin mebelning arzon-garovini olib yurmanglar, hammasi koʻngildagidek boʻlishi kerak”, deb tayinlab ketdi. Toʻgʻrisini aytsam, shu gapdan biroz koʻnglim gʻash tortdi. Aytishmasa ham singlim uchun eng yaxshi narsalarni olib berishga qurbim yetardi. Bu haqda ota-onamga indamadim. Toʻyga bir hafta qolganida xolamlar borib, singlim tushadigan uyni bezatib kelishgach, kechki payt yana kuyovning opasi qoʻngʻiroq qilib, “Gilamingizning rangi xonaga tushmabdi, boshqasiga almashtirib beringlar”, desa boʻladimi. Jahlim chiqib ketdi. “Hoziroq borib, fotihani buzaman, bu molparast qudalaringiz hali Sarvinozni ham rosa qiynashadi”, deya ahdlanganimda, onam: “Qoʻyaver, bolam, ilgari «Qizi borning nozi bor”, deyishardi. Endi oʻgʻil tuqqan nima desa shu boʻlyapti-da», deb kulib qoʻydi. Xolam esa: “Jiyan, endi boshlangan ishni toʻxtatolmaysan. Doʻst-dushman orasida «Qizini eplab uzatolmadi”, degan gap chiqmasin», deb yoʻlimni toʻsdi. Xullas, gilamni almashtirib keldik.
TOʻYDAN KЕYINGI IDDAOLAR
Toʻy oʻtdi. Ham oʻqishni, ham kelinlik vazifalarini eplayotgan, qaynota-qaynonasining xizmatini kiprik qoqmay ado etayotgan singlim bechora kundan-kunga ozib-toʻzib borardi. Biror ishga ulgurolmay qolsa, qaynonasi: “Eplasang oʻqimaysanmi, qoʻlingdan kelmaydigan ishga urinib nima qilarding?” deb uni yerga urarkan. Bunday dakki-dashnomlar Sarvinozni anchayin ezib qoʻygandi. Ota-onamga dardini sezdirmasa ham yolgʻiz qolganimizda yigʻlab yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turardi. Chunki ikki singlimga ham doim oʻzim suyanchiq boʻlgandim-da. Shartnoma pulini, hatto oʻqishga borib-kelishi uchun mayda-chuyda xarajatlarini ham oʻzim koʻtaraman. “Nima kamchiliging boʻlsa, siqilma, menga aytgin”, deyman. Qaynonasi esa stipendiyasini ham hisob-kitob qilib, sanab olarkan. Onam shoʻrlik: “Uzatishga ozgina shoshibman-da”, deb yigʻlaydi. Otamning dardi ichida. Singlimga esa “Yana ozgina sabr qilsang, oʻqishni tamomlab, ishga kirib olasan, bu kunlarni koʻrmagandek boʻlib ketasan”, deb dalda beramiz. Ammo roʻzgʻor ishlaridan ortmaydi. Vaqtida darsga borishga ulgurolmaydi. Oxiri chidolmadim, bir kuni qudamizni yoʻqlab borib: “Hamma xarajatlarini oʻzimiz koʻtaryapmiz, siz uyda dars tayyorlashiga, ertalab oʻqishiga borishiga sharoit yaratib bersangiz boʻldi”, desam, “Oliy maʼlumotli kelin olib, maoshini qarsillatib sanab oʻtirishni niyat qilgandim, agar talabaning turgan-bitgani tashvish ekanini bilganimda oʻla qolsam singlingizni oʻgʻlimga olib bermasdim”, deydi.
QAYNONA HAM ONA-KU!
U yogʻini soʻrasangiz, talabalik paytida turmushga chiqib, qiynalayotgan bir mening singlim emas ekan. Yaqinda shu mavzuda gap ochilganda onasining qistovi bilan talaba qizga uylangan doʻstlarimdan biri: “Oʻtgan yili qaynotam shartnoma pulini toʻladi. Xotinim bu yil oxirgi kursda oʻqiyapti. Endi oʻzimiz harakat qilaylik, desam onam rozi boʻlmayapti. Qaynota-qaynonam: «Diplom olsa, ishlagan pulini sizlarga beradi-ku, hech boʻlmasa, yarmiga yordam qilinglar”, deb iltimos qilishdi. Onam esa: “Uddalab oʻqitolmasangiz, qizim oliy maʼlumotli boʻladi, deb chiranmasligingiz kerak edi. Qizingiz na oʻqishni, na uy ishlarini eplayapti”, deb yozgʻirishini qoʻymaydi. Uyimizda har kuni janjal. Ikki oʻrtada juda qiynalib ketdim. Achchiq ustida xotinimga baqiraman. U esa alamini yigʻidan oladi. Buning ustiga homilador, bu janjallarimiz tugʻilajak bolamizga taʼsir qilmasaydi, deb qoʻrqib ketaman. Shu kunlarda xotinimning oʻqishdan ham koʻngli sovigan. Nima qilarimni bilmay yuribman», deb nolib qoldi.
OʻQIGAN KЕLINNING FAQAT MAOSHI KЕRAKMI?
Koʻnglim ogʻridi. “Oʻqigan qizni kelin qilaman”, deganida onam: “Kelajakda tugʻiladigan nabiralarining taqdirini oʻylaydigan odamlar ekan. Ziyoli onaning farzandlari ham aqlli boʻladi-da, bular qizimizning qadriga yetadigan odamlar”, deb xursand boʻlgandi. Ammo qudamizning niyati boshqacha boʻlib chiqdi. “Ikkita oʻqimagan kelinni olib ogʻzim kuygan. Ertadan kechgacha bekor oʻtirib, bolalarimning topganini yeb-ichishadi. Oliy maʼlumotli qizni tushirsam, har oyda maoshini keltirib bersa, bir yilda ancha-muncha pullik boʻlib qolaman, deb Sarvinozni kelin qilganman”, deydi quda xola andishasizlarcha…
Kuyovimiz: “Aka, sabr qiling, onam insofga kelib qolar”, deyishdan nariga oʻtolmaydi. Oʻqishga vaqtida borib kelolmayotgan singlim ertaga qanday mutaxassis boʻlib yetishadi? Nahotki ota-onamning shuncha yillik mehnati, zahmati chippakka chiqsa?..
TANGANING IKKINCHI TOMONIDAGILAR
Shular haqida sizlar bilan suhbatlashish uchun tahririyatga otlanib yurgan kunlarimda kichik singlim, 3-kursda oʻqiyotgan Shoirani ham sovchilar soʻrab kelishdi. Ular ham institutda oʻqiyotgan qizni kelin qilmoqchi ekan. Onam Shoiraning shartnoma asosida tahsil olayotganini aytdi. Bu gapni eshitib, sovchilar qaytib ketsa kerak, deb oʻylagandik, ammo: “Mayli, shuncha payt sizlar oʻqitibsiz, bu yogʻiga oʻzimiz harakat qilamiz”, deyishganida hayron boʻlib qoldim. Eng qizigʻi, bu odamlar: “Uyimizda hamma narsamiz yetarli, esli-hushli, oʻqimishli qizingizni bizga berishingizning oʻzi katta gap, ortiqcha xarajatlarga urinmang, er-xotin ishlab, orzu-havas qilib uyini toʻldirsa, narsalarning qadriga yetadigan boʻladi”, deyishyapti.
Ogʻzi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi, deganlaridek, ota-onam sovchilarni obdan surishtirishdi. Maʼlum boʻlishicha, yigitning ota-onasi ikkita kelin tushirgan, ikkalasini ham institutda oʻqitib, oliy maʼlumot olishi uchun sharoit yaratib berishgan ekan.
Toʻgʻri, hali ota-onam Shoiraning hayoti borasida bir qarorga kelishmadi, ammo shunday keng feʼlli, mulohazali odamlarning borligidan koʻnglim yorishdi. Iltimos, ushbu soʻzlarimni gazeta sahifalarida chop etsangiz, ajab emas, uni oʻqib, baʼzi odamlar oʻzlari uchun bir ibrat olishsa.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?