20:44 / 27.09.2018
5 067

“Tanlab-tanlab tozisiga uchradim (mi?)”

​"Танлаб-танлаб тозисига учрадим (ми?)"
— Bir necha oy avval elga toʻy berib, oʻgʻlimni uylantirdim. Eshikma-eshik yuraverib kavushimning tagi teshilganida oʻgʻlimning hamkasbi yaxshi qiz borligini aytib qoldi. Sovchilikka bordik, yoshlar birinchi uchrashuvdayoq bir-birlariga maʼqul kelishdi. Oʻrtada ishonchli odam turgani sabab koʻpam surishtirmay fotihani tezlashtirdik. Kelinni tushirgach tengqurlarim qatori yetti qavat koʻrpachada oʻtirib rohatlanarman, deb oʻylagandim.

Chuchvarani xom sanagan koʻrinaman. Birinchi kuniyoq kelinimni oldimga olib “Endi mening qizimsiz, erkaligingizni ota uyingizga tashlab keling, bu yogʻi hayot, yaxshi gap ham, arazu gina ham oʻtishi mumkin. Uydagi gap uyda qolsin. Nimani tushunmasangiz oʻzimdan soʻrayvering” degandim. Lekin qizi tushmagur juda oʻjar, oʻz bilganidan qolmaydigan chiqdi. Qoʻygan har bir qadamini onasiga yetkazib turadi. Chaqimchilik qilib, hammamizni teskari qilib qoʻydi.

Aytaverib, tilim ogʻrigach, oxiri qattiqroq gapirishimga toʻgʻri keldi. Darrov onasini chaqirib, ketamanga tushib qoldi. Qudam esa qizini urishib-urishib tashlab ketdi. U yoqda erkak qudamiz ham qoʻngʻiroq qilib, ayb qizida ekanini aytayapti. Lekin kelin oʻzini bosishni istamaydi. Xullas, qanchalik achchigʻim chiqsa ham bolalarni ajratolmayman. Bu bebosh kelinni qanday tarbiya qilay? Maslahatingizga muhtojman.

Jamila, 54 yosh, Namangan viloyati


Toʻti Yusupova: — Ezgu niyatlar bilan birovning erka qizini qiz qilib olibsiz-da. Ha, baʼzi yoshlar gʻoʻr, shartaki, oʻjar boʻlishadi. Oʻzimiz ham vaqtida ulardek edik. Ogʻir-bosiq qaynonalarimiz bizga sabr qilishgan. Farzandli boʻlib, yaxshi-yomonni koʻrib, asta-sekinlik bilan hovurimizdan tushganmiz. Hayotning oʻzi yaxshi muallim, koʻp qaygʻurmang. Agar bilsangiz, boshqalarning kelini ham shunaqa. Yosh-da, biz kattalarga yoqmagan bir qiligʻi ortiqcha. Nachora, qaynonajon boʻlib yetti qavat koʻrpachada oʻtirish, savlat toʻkib yurish uchun ham kelinposhshalarning feʼliga, noz-firoq qilishlariga chidashimiz kerak.

Bu dunyoda qay bir ish, qay bir vazifa oson, deysiz? Hartugul, ota-onasi qizining feʼlini bilisharkan, shukr qiling, baʼzi birovlar “Qizimda ayb yoʻq, qizim oppoq” deb oyoq tirab turib oladi. Yaxshi, insofli insonlarning farzandi ekan, undan yomonlik chiqmaydi. Maslahatimiz, kelin bilan gap talashmang. Axir u bolangiz tengi bola. Sizday fikrlashi uchun, sizning yoshingizga qadar yashashi, bolali boʻlib, uni ming bir azobda ulgʻaytirishi kerak. Kelinni yaxshi koʻrishga harakat qiling. Eng oson tarbiya yoʻli shu.

Mirabbos Mirzaahmedov: — Ikki oylik kelinchak bilan shuncha muammo yuzaga kelgani biroz tushunarsiz. Toʻgʻri, har bir ayol farzandiga nisbatan aytilgan soʻzlarni koʻngliga juda yaqin oladi. Qolaversa, ikki oy yoshlar bir-birini oʻrganishi uchun juda oz fursat. Buning uchun kamida 1–1,5 yil talab etiladi.

Shunday ekan ularning oʻzlari bir qarorga kelib olishlari uchun imkon yaratishni, bosim oʻtkazmaslikni tavsiya qilaman. Turli cheklovlar va aytganingizni qildirish bilan uni tarbiya qilolmaysiz. Kelin har bir qadamini onasiga yetkazib tursa, demak bu mojarolarda qudangizning ham maʼlum miqdor hissasi bor. Balki u kishi bilan gaplashib, muloqotni cheklashni kelishib olarsizlar.

Oilangizga tinchlik xotirjamlik tilayman!

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Tanlab-tanlab tozisiga uchradim (mi?)”