12:26 / 03.11.2018
10 210

Bir kechalik kelinchak… (17-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (17-qism. Birinchi fasl)
Nasiba do‘koniga kelib endi Noilaning hisoblarini tinglab, zarur topshiriqlar berib bo‘lgandi. Negadir ko‘ngli ayniy boshladi. Xavotiri ortib bir necha marotaba vannaxonaga ham kirib chiqishga ulgurdi. Hadeganda ko‘ngil aynishi pasanda bo‘lavermagach, saqich chaynab ko‘rdi. Sal yordam bergandek tuyuldi. Shu payt eshik ohista taqillab, ichkariga tog‘asi Normat polvon kirdi. Uning qovoqlari uyilgan, tushkun kayfiyatda edi.

— Assalomu alaykum, tog‘ajon! — Nasiba dast o‘rnidan turib tog‘asi bilan ko‘rishdi-da, o‘tirishga taklif etdi. — Nega kayfiyatingiz buzuq, tog‘a? Tinchlikmi?

— Tinchlik, tinchlik, — dedi Normat polvon uf tortib. — Xaloskoring ko‘rinmaydi?

— Tog‘a, haliyam shubhalanaverasiz-a Biloldan! U yaxshi inson. Nega ishonmaysiz unga?

— Bilmadim, nimagadir o‘shaningni ko‘rsam, asabim buzilaveradi. Bunga asosim ham bor.

— Nima asos? Qanaqa asos? Nima ayb qildiki, xunob bo‘lyapsiz?

— Jiyanim, sen menga o‘z qizimdaysan. Buni bilasan. Opam ham yaxshi biladi. Sen qiynalsang, senga azob berishsa, mening jonim og‘riydi.

— Bilaman, — dedi kulimsirab Nasiba. — Menga yomonlik qilmayapti-ku Bilol! O‘qishini o‘qiydi, kelib menga yordamlashadi. Buning nimasi yomon?

— Sen pulgayam o‘shani aralashtirib qo‘yganmishsanmi? Nega? Axir, bu pul-ku!

— Voy, tog‘a, bo‘ldi-da endi! Bir oilamiz, ba’zilarga o‘xshagan narkoman, piyonista yo o‘g‘ri bo‘lsaykan, ishonmasam! Tuppa-tuzuk odam bo‘lsa…

— Ochig‘i, senga bu gapni aytmoqchimasiydim. Mana shu tobdagi soddaliging majbur qildi. Endi aytaman.

— Nimani aytasiz?

— Kecha Bilol uyga soat nechada keldi?

— Kecha adashmasam… Kechasi o‘n ikkilarga yaqin keldi. Nimaydi?

— Sen qayerda yurganini surishtirdingmi?

— Qayerda yurardi? Do‘konda bo‘lgan. Noilaga yordam bergan. Buni aniq bilaman.

— Noiladan so‘radingmi do‘kondan soat nechada chiqib ketganini?

— Yo‘q, nega so‘rashim kerak?

— Mana shuni bekor qipsan. So‘rashing kerak edi.

— Nima bo‘ldi o‘zi? Tushuntiribroq gapirsangiz-chi! O‘zi shundog‘am ertalabdan beri ko‘nglim aynib turibdi. Ayting, tog‘a!

— Kecha Biloling Furqatminan birga restoranda o‘tirgandi, — dedi Normat polvon aftini bujmaytirib. — U dushmaningga do‘st bo‘lib yuribdi. Sen bo‘lsang, ko‘rmayapsan, eshitmayapsan. Munday orqasidan odam qo‘ysangam ziyon qilmasdi. Xo‘sh, nega Furqatminan topishdi? Muddaosi nima?

Nasiba bunday xabarni sira kutmagandi. Darrov rangi o‘zgarib, qo‘liga telefonini oldi-da, Bilolga qo‘ng‘iroq qilishga tushdi.

* * *
Qayg‘u va quvonch yonma-yon yuradi deb behuda aytishmas ekan eskilar. Nasibaning ko‘ngli tog‘asi chiqib ketgandan keyin battar g‘ashlandi. Shu g‘ashlik iskanjasida yo‘lning narigi yuzidagi poliiklinikaga kirib ko‘ngli aynish sababini bilishga oshiqdi. Tanish vrach ayol unga bir qaradi-yu, zudlik bilan ginekolog qabuliga olib kirdi…

Nasiba homilador ekan.

Bu rostakam baxt edi.

Nasiba bir muddat bo‘lsin Normat polvonning gaplarini ham unutib bu xushxabarni tezroq kim bilandir baham ko‘rgisi keldi. Ammo Bilolga aytishni xohlamasdi. U ko‘z o‘ngida gavdalandi deguncha Furqat bilan chaqchaqlashib o‘tirgandagi holati g‘oyibona xayolida charx ura boshladi.

— Hozir kelsin, — dedi kabinetiga kirib kursiga cho‘karkan. — Dushmanim bilan chaqchaqlashishni ko‘rsatib qo‘yaman unga! Yaramas, ha, rostdanam… Muddaosi nima o‘zi? Meni bankrot qilib qochishmi?.. Yo‘g‘-e, ja unchalikmasdir. Tasodifan ko‘rishsa ko‘rishgandir o‘щa marazminan. Yo atayin men bilan yashayotganini aytib maqtanish uchun o‘zi chaqirgandir?!. Ha, men Bilolga ishonaman. Hali kelsin, hammasi ravshan bo‘ladi…

Shu ko‘yi yarim soatcha qimirlamay o‘tirdi. Quvonchli xabarni Noila bilan baham ko‘rgisi ham keldi. Lekin fikridan qaytdi. Bu xabarni birinchi bo‘lib Bilol eshitishini istadi.

Nihoyat kabinet eshigi yo‘liga bir-ikki taqilladi-yu, ichkariga Bilol kirdi.

Nasiba ataylab qovog‘ini uyib oldi. Shu yo‘l bilan erining yuz tuzilishidagi o‘zgarishni aniqlab olmoqchi bo‘ldi.

— Nima bo‘ldi? — kela solib Nasibaning ikki yelkasidan tutdi Bilol. — Nega ranging oqaribdi? Tinchlikmi?

Nasiba oldiniga Bilolga jiddiy, sirli tikilib qaradi. Ko‘zlari o‘sha-o‘sha samimiy, sirlilik, aldov, firib va sovuqqonlikdan asar ham ko‘rinmaydi. Shu narsa Nasibaning ko‘ngliga taskin berib jilmaydi.

— Xotiningizning ko‘ngli aynib o‘lay desayam munday xabarlashay demaysiz-a, — o‘pkalangan bo‘ldi erkalanib. — Ertalabdan beri vannaxonaga qatnayverib tinkam quridi-ku!

— Xudo asrasin, — uning sochlarini silab peshonasiga peshona tiradi Bilol. — Do‘xtirga chiqmadingmi? Ana, ro‘paramizda-ku do‘xtir!

— Chiqdim o‘sha do‘xtiringizga!

— Xo‘sh, nima dedi? Dori yozib berdimi?

— Yo‘q.

— Iye, nimaga?

— Dori ichish mumkinmasakan.

— Obbo, do‘xtirlarning shu gapiga ishonib o‘tiribsanmi? Yur, biror professorga borib tekshirtiramiz!

— Bormayman.

— Nega bormaysan?

— Xohlamayman.

— Uf-f… Ja qaysarsan-da o‘zingam! Biror yering og‘riyotgan bo‘lsa, bu taxlit o‘tirishing yaxshimas, Nasi!..

Nasiba erining bu qadar kuyinchakligidan, o‘zi haqida qayg‘urayotganidan behad mamnun bo‘lib ketdi.

Ortiq chidab o‘tira olmasdi.

Aytdi.

— Men homilador ekanman.

— Nima?..

Bilol kutilmagan xabarni eshitgandanoq beixtiyor o‘rnidan turib ketdi.

— Nima deding? — takror so‘radi ko‘zlari chaqnab. — Yana bir marta qaytargin!

— Siz ota bo‘lasiz. Tushuntira oldimmi?

— Rostdanmi? — o‘zi bilmagan holda baqirib yubordi Bilol. — Ayt, seni hozir ko‘tarib olib do‘kon ichkarisini aylantirsam hech nima qilmasmikan?

— Jinni bo‘lmang, — dedi Nasiba bosh chayqab. — Ko‘z tegadi. Hozircha hech kimga bildirmaymiz. Qo‘rqaman. Baxtimizga ko‘z tegishidan qo‘rqaman!

— Mayli, sen aytgancha bo‘la qolsin! U holda hech bo‘lmasa, oyijonimizga aytishimiz kerak.

— Ulguramiz…

Nasiba Biloldan xuddi shunday holatni kutgandi. Agar homiladorligini eshitgach, ba’zi birovlar kabi qovog‘i uyilsa, kechira olmasdi. Shukr qildi. Bilolga yana bir karra ishonchi ortdi. Biroq Normat polvonning gapi ham xayolida aylanishdan to‘xtamayotgandi. Esiga tushdi-yu, qaytadan qovog‘i uyilib, Bilolni kursiga o‘tirishga chorladi.

— Endi sizga yana bir xabarni aytaman, — dedi Bilolning ko‘zlariga tik boqib. — Ayting, kecha Furqatminan nega uchrashdingiz-u, nimaning munosabati bilan chaqchaqlashdingiz?

Bilol bu gapni eshitdi-yu, mulzam tortdi. Barmoqlaridan lablarigacha asabiy titray boshladi. Asta Nasibaning qarshisidagi kursiga cho‘kdi-da, bosh egdi.

— Ha, siringiz ochilib qoldimi? Bilib qoldimmi pana-pastqamda qilib yurgan ishlaringizni?

— Sen… — Bilol beixtiyor o‘rnidan turdi-yu, Nasibaning boshini kaftlari orasiga oldi. — Senga hozir asabiylashish umuman mumkin emas. Bolamizga ziyon yetishi mumkin.

— Unda sizam asabimga o‘ynamang! Nima yetmaydi o‘zi sizga? Uyimga ro‘yxatga kiritib qo‘ygan bo‘lsam, kontraktingiz to‘langan bo‘lsa, to‘yniyam o‘zim qilsam, yana nima qilay siz xursand bo‘lishingiz, pana-panada nomardlik qilmasligingiz uchun?

— Bilardim, — dedi Bilol lab tishlab. — Sezardim. Ayollarning tana qilishi haqida ko‘p o‘qigandim. Lekin hayotda ko‘rmovdim. Mana, endi hayotdayam ko‘rib turibman. Demak, yozuvchilar to‘g‘ri yozisharkan.

— Bas qiling diydiyongizni! — Nasiba sal ovoz ko‘targan holda Bilolni jerkib berdi. — Gapni aylantirmang! Savolimga javob bering! Furqat kimingiz bo‘ladi? Nimaga u bilan uchrashib yuribsiz? Niyatingiz nima o‘zi?

— Tog‘ang diydiyo qildimi yana? — so‘radi Bilol chopib borib kabinet eshigini tambalab kelgach. — U aldabdi seni. Men hech kim bilan uchrashganim yo‘q, hech qanaqangi Furqat bilan chaqchaqlashayotganim yo‘q. Ishon!

— Tog‘am osmondan olib gapirmasa kerak har holda? Qolaversa, o‘tgan gal o‘zim ham guvoh bo‘lganman Furqat bilan tanishligingizga. Aytavering, joningizni olmayman. Balki xato qilgandirsiz!?. Ayting!

— Mening boshqa gapim yo‘q, — dedi Bilol toqatsizlanib. — Mayli, yoqmayotgan bo‘lsam, keta qolaman. O‘zingga boshqasini toparsan! Seni aldamaydiganini, Furqatga o‘xshaganlar bilan gaplashmaydiganini…

Shunday deb Bilol kabinetni tark etishga tutindi. Lekin Nasiba yo‘lini to‘sdi.

— Qayoqqa? — dedi u ikki qo‘li bilan kabinet eshigini to‘sib. — Gap ko‘tarmaydigan bo‘p qoldilarmi? Imi-jimida o‘yindan chiqmoqchilarmi? Bola-chi? Bu sho‘rlik nima qiladi?

— Nima qilay unda? Tinchlik bermayapsan-ku!

— Siz shunga majbur qilmang unda! Xo‘sh, aytasizmi?

— Tuhmat bu! Men Furqat bilan oxirgi marta o‘zingning yoningda ko‘rishganman! Buni bilasan.

— Nimaga unda tog‘am unaqa deyapti? Osmondan olib gapiribdi-da!

— Tog‘angni yaxshi bilmaysan shekilli hali-a?

— Nega? Judayam yaxshi bilaman.

— U holda nega siquvga olmayapsan?

— Nima uchun siquvga olishim kerak?

— Buni o‘zidan so‘raysan!

— Yo‘q, siz aytasiz!

— Aytmayman.

— Aytmaguningizcha shu yerdan chiqmaymiz.

— Mayli.

Bilol zarda bilan kursiga o‘tirdi-da, oyoqlarini chalishtirib, boshini orqaga tashlab yubordi va ko‘zlarini yumdi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (17-qism. Birinchi fasl)