14:36 / 13.11.2018
2 712

Qayta tug‘ilish baxti

Qayta tug‘ilish baxti
Oftob charaqlab ketganiga qaramasdan yomg‘ir yog‘a boshladi. Qiziq! Hozir kamalak chiqarmikin?!

Shamol bulutlarni bemanzil makonga haydab ketyapti. Quyosh esa jangda tantana qilgan botirdek g‘olibligini isbotlash uchun o‘tkir nayzalarini ko‘tarib olamga ko‘z-ko‘z qilayotganga o‘xshaydi. Tabiatning bu ajabtovur havosi xuddi mening ko‘nglimda kechayotgan tuyg‘ular kabi besaranjom. Deraza ortidan osmonga qarab, uzoq xayol surib qolaman…

Enamning aytishiga qaraganda, men tug‘ilganimda ham xuddi shunday ajabtovur havo bo‘lgan ekan. Tandirdagi nonlarni uzib olayotgan enam olovning issig‘ida dardini «pishirib qo‘ygan» va men tandirxonada tug‘ilganman. Ancha paytgacha yengsa yoki rapidaning ustida yotgan bo‘lsam kerak. Har gal Sanam momoni ko‘rganimda, «Kindigingni o‘zim kesganman. Men bo‘lmaganimda bu hayotda ko‘rganing faqat uvada rapida bo‘lardi», deydi. Bolaligimda bu gaplarning mag‘zini chaqolmasdim. Nima demoqchiligini keyin bilganman. Mening dunyoga kelishim ana shunday bo‘lgan.

O‘n yetti yoshimda meni o‘n besh yashar g‘o‘r qizchaga uylantirib qo‘yishdi. Hali qo‘g‘irchoq ermak qilib yurgan qizaloq ro‘zg‘or tutumini eplay olmasdi. Xayoli parishon Munisa bilan to‘qqiz yil turmush qildim, ammo farzand bo‘lmadi. Keyingi paytlarda dardman bo‘lib qolgan Munisa bolishlarga ko‘ylak kiydirib, «alla»laydigan odat chiqardi. Kechalari sochlari to‘zg‘igan ko‘yi oyga termilib o‘tirgan savdoyi ayolni ko‘rib, cho‘chib ketardim. Keyin uni ota-onasi olib ketdi. Guldek qizining umrini uvol qilib, shoshib uzatgan ota-onani yomon ko‘rib ketganman o‘shanda. Bunda men yigirma yettida edim. Munisa ketdi va yelkamdan tog‘ ham qulagandek bo‘ldi. Men qayta tug‘ildim, endi hammasini boshidan boshlayman…

o‘aribgina kulbamning eng bebaho boyliklari ham g‘aribdek bo‘lib qolishgandi. Kun o‘tgan sayin ularning umri kuzlashib borayotganini his qilardim. Necha yillar intizor kutgan farzandining baxti kulmaganidan iztirob chekayotgan ota-onamni shod ko‘rish uchun yana uylandim. Qarindoshlarim «Tagi-zotining tayini yo‘q bir yetimchaga uylanib nima baraka toparding, uylanaman desang, o‘zimizning xeshlarda ham qiz ko‘p edi», deb rosa gap qilishdi.

O‘zi g‘aribgina bo‘lsa ham, aqli boy ekan yetim qizning. Qushlardan ham erta uyg‘onadigan yangi kelinchagim hayotimga mazmun kiritgandek edi. O‘zimni birinchi marta uylangan yangi kuyovdek his qila boshladim. Ko‘p o‘tmay ko‘paydik. Cho‘ntaklarimni suyunchiga to‘latib tug‘ruqxona eshigi oldida turarkanman, yana osmonga bulut chiqdi, bir pas o‘tmay quyosh… Qiziq, yomg‘ir yog‘armikin? Ayolim derazadan egizak o‘g‘illarimni ko‘rsatganida yana bir marta tug‘ilgandek bo‘ldim.

Baxtni birga baham ko‘rish nasib etmagan ekan, ayolim og‘ir xastalik tufayli olamdan o‘tdi. Ko‘p o‘tmay ota-onam ham…

Yolg‘izlikda chorasiz qoldik. Hammadan ham hali sutdan ayrilmagan egizaklarimizga qiyin bo‘ldi. Ma’rakalar o‘tgach, uzoq bir qarindoshimiz bolalarga ona kerakligini, ularni erkak kishi uddalay olmasligini, o‘zi enaga topib berishini aytdi. Xuddi xonumoniga o‘t ketgan odamdek garangsib qoldim. Ikki bolamni bag‘rimga bosib, to‘yib-to‘yib hidlayman. Yig‘lashsa, qo‘shilib yig‘layman. Ishga qaytish fursatim yetganida qarindoshim uyga bir ko‘hlik juvonni olib keldi. Garchi enaga ayolning fe’lini yaxshi bilmasam-da, qorako‘zlarimni unga ishonib, ishga chiqishga majbur bo‘ldim.

Kun o‘tgan sari bolalar ulg‘aya boshlashdi. Onasiz katta bo‘layotgan go‘daklarimni ko‘rib, qismati onasidan meros qoldimikin, deb o‘ylab qolaman. Ularga juda rahmim keladi. Bir kuni «Ertaga ishdan ertaroq qaytaman-da, bolalarim bilan maza qilib o‘ynayman», deb dilimga tugib qo‘ygandim. Taassufki, xunuk hodisaning guvohi bo‘lib qoldim. Yetimligi yetmagandek kuni ko‘zi suzuk, so‘zi buzuq enaga xotinga qolganini bilib, ustilari kir, o‘zi aftodahol egizlarimga achinib ketdim. Eshikdan kirishim shang‘illayotgan xotinni ko‘chaga haydab soldim. Tizzalarimni quchib yig‘layotgan norasidalarimga yaxshi ota bo‘lolmayotganim alam qilib ketdi.

Biz yana yolg‘izlik azobini torta boshladik. Ishdan bo‘shay desam, bolalarni kim boqadi? Ishlay desam, hali yettiga yetmagan o‘g‘illarim qarovsiz qoladi… Endi boshqa tug‘ilmasam kerak. Har soniyada hasratlardan o‘lib boryapman.

Bolalarni dam qo‘shni kampirga, dam qorovul cholga qoldirib ishimni davom ettirdim. Qirovli qish eshik qoqib, qahratonni boshlab kelgan kunlar… Azonlab eshik taqilladi. Yupungina kiyingan, sovuqdan dildirayotgan qiz bir bo‘lak non so‘rab turibdi. Hali tong ham otib ulgurmagan, bu qiz qachon uyg‘ongan ekan? Uning nochorligini ko‘rib, bolalarim ko‘z oldimga keldi va darrov ichkariga boshladim. Choy tayyorlab berdim. Yutoqib nonushta qilayotgan qiz mening chiqib ketayotganimni ham payqamadi. Negadir ichki xotirjamlik paydo bo‘ldi menda. Bolalarni daydi qizga ishonib, ishga ketdim. O‘sha kuni uyga juda kech qaytdim. Yarim tun bo‘lishiga qaramasdan hovli chiroqlari yoniq, darvoza ochiq ekan.

Ko‘nglimga turli shubha oraladi, lekin uyga kirishim bilan bekali xonadonning pok isi ufurgandek bo‘lib ketdi. Hovlidagi dor yuvilgan kiyim-kechaklar bilan to‘la. Kuzda to‘kilgan barglar qishda yoqqan qor bilan qorishib, muz bilan qoplanib qolgan yo‘laklar oynadek yaltirab turibdi. Xolavachchalarim keldimikin, degan o‘y keldi. Menga peshvoz chiqib kelayotgan qizil chit ko‘ylakdagi ayol xuddi Risolatga o‘xshar ekan. Xayolimga birinchi kelgan gap shu bo‘ldi. Jingalak sochlaridan tortib, ozg‘ingina gavdasi ham rahmatli ayolimni eslatib yubordi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, nahorda eshik qoqqan ro‘dapo qiz qarshimda oydekkina bo‘lib jilmayib turardi.

Men unda Risolatni ko‘rdim va shu soniyalarda yana qayta tug‘ilgandek bo‘ldim. Uni menga Xudoning o‘zi yetkazdi. Nigohi qayg‘uga to‘la bu qiz shu uyda qolishni istayotganini harakatlari aytib turardi. Men uni birinchi ko‘rganimda ko‘zlarimga yosh kelgandi, u esa bolalarimni ko‘rganida to‘yib-to‘yib yig‘lagan emish. Balki, bu gaplarni uni haydamasligim uchun aytgandir… Lekin shu qiz xonadonimga kelgach, bolalarimning rangi ko‘rinib, beti qizarib qoldi. Shundan bildimki, baribir, ayolning ro‘zg‘ordagi o‘rni bo‘lak bo‘larkan.

Anora bolalarimga onalik qilmoqchiligini aytganida, o‘zimni oynaga solib ko‘rdim. Yelkalari bukilgan, soch-soqoliga oq oralagan, siniq chehrasiga ajinlar in qurgan, yuzi qatqaloq yerga o‘xshaydigan, qirq qirdan oshgan bir kishi ma’nisiz qarab turardi. Anoraning kundan-kunga to‘lishib borayotgan oydek husni meni rom qilgani rost, ammo mendek burishiq bir odamning unga yoqishi haqiqatdan biroz yiroqdek. Uning gaplaridan boshpanasiz qolishdan hadiksirayotgani bilinib turardi.

Lekin men boshqa oila qilishni istamadim. Unga bolalarimga opa, menga singil bo‘lishini taklif qildim. Qiz gaplarimdan duv-duv yig‘ladi. Bilsam, u ham sag‘irlikda katta bo‘lgan, yoshi o‘n sakkizga to‘lgach mehribonlik uyini tark etib, umri xorlikda qolgan ekan. Osmondan tushgan opasining pinjiga tiqilib turgan Hasan-Husanlarimga qarab, ko‘ngli yarim to‘rt bandani bir taqdirga tizib qo‘ygan qodir Egamning ishlaridan hayron qoldim. Hech qaysimizning bir-birimizdan boshqa yaqinimiz yo‘q edi bu olamda. Allohdan yaqinlarimdan boshqa ayirmasligini yolvorib so‘radim. Chunki bu men uchun haqiqiy o‘lim bo‘ladi. Men esa hali yashashni istayman.

Har yoqlarga uchib ketgan daydi xayollarni momaqaldiroqning ovozi bo‘lib yubordi. Hammamiz deraza yoniga yugurdik. Oftob charaqlab turibdi-yu, yomg‘ir yog‘a boshladi. Qiziq! Hozir kamalak chiqarmikin?!
ABDUMALIK

Manba: Hordiq.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Qayta tug‘ilish baxti