23:48 / 23.12.2018
6 263

Go‘r azobi… (2-qism) (mistika)

Go‘r azobi… (2-qism) (mistika)
Odam o‘lgandan keyin toshga aylanishini bir paytlar tirikligimda o‘zim takrorlab charchamasdim. Choyxonalar, nufuzli restoranlarda kerilib o‘tirgancha, manaman deganning gapini kesardim. Xudo ko‘rsatmasin, gapimga qarshi chiqqanni sezsam, juda bo‘lmaganda yuziga ichkilik sepib yuborardim. O‘sha joyning o‘zida sharmandasini chiqarardim. Mana, hozir vaqt asrdan oshganda o‘zim bilgan o‘sha yo‘l bo‘ylab ketib boryapman-u, yuragimni g‘ashlik zabtiga olyapti. Qiziq, shu turishimda menda na yurak, na oyoq-qo‘l, na boshqa a’zo bor. Yo‘q, men ularni vujudimda his etaman, sezaman. Lekin bu a’zolardan foydalanishga haqsizman. Yurib borishim ham qandaydir g‘alati. Qadamlarim go‘yo barakalidek. Bir necha qadam tashlasam, ancha joyga borib qolyapman…

Bilmadim… Bilmadim…

Ammo men, Daminboy desa ot hurkadigan boyvachcha ortga chekinmasligim kerak. O‘sha meni tez kunda quvib solishlari kerak bo‘lgan dunyosidayam haqiqat yo‘qligiga shubha qilmayman. Men hech kimga so‘zimni berib qo‘ymasligim, hammasidan zo‘r kelishim, har bir gapimning tasdig‘ini oladigan darajada kiroyi bo‘lishim lozim. Aks holda meni duch kelgan yalangoyoq tepkilab, ezg‘ilab o‘taveradi, mensimay qo‘yadi. It yalog‘iga o‘xshagan ko‘rimsiz, darz ketgan idishdan suv ichib yurganlar mendek Damin boyvachchani ko‘rganda ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yishi, mendan qo‘rqishi shart. Ha, men o‘sha boqiy dunyosidayam gapimni berib qo‘ymayman!.. Axir, o‘sha yerdayam o‘zimizga o‘xshagan ko‘cha ko‘rgan, muomala qilsa bo‘ladigan, kiroyilar bordir!?.

Shunday o‘ylar iskanjasida qabristonga yaqinlashib kelganimni sezmabman. Atrofga shosha-pisha ko‘z yugurtirdim-u, hov naridagi beton devor ostida o‘tirgan tanish basharaga ko‘zim tushdi. Taqqa to‘xtab unga uzoqdan yaxshilab razm soldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u olis viloyatdagi kompaniyamni boshqargan so‘xtasi sovuq Umarali edi. Axir… U nima qilib o‘tiribdi bu yerda? Nega ishdamas? Nima uchun yerga yastanib o‘tirvoldi? Nima sababdan oldiga eski do‘ppi qo‘yvoldi? Osmonga qarab nima deyapti? Kim bilan gaplashyapti?..

Hayratim oshib, ko‘nglim battar g‘ash tortib unga yaqinroq bordim. Oramizdagi masofa taxminan uch-to‘rt metrlar qolganda, to‘satdan Umaralining oldini qora matoga o‘xshash parda to‘sib qoldi…

Iye, kim tortdi pardani? Nega mendan so‘ramay ish tutishadi? Axir, bu bachchag‘ar mening qo‘l ostimdagi yugurdaklardan biri-ku! Nuqul bergan pulimdan nolirdi. Qachon qarasam, qovog‘idan qor yog‘ardi. Aytganman, «Erkakmisan o‘zi? Seni shunday yog‘li ishga qo‘ydim. Tirikchiligingni qil! Menga xiyonat qilmasdan, mening haqimni yemasdan ishlayvermaysanmi?», deyaverib charchaganman. U bo‘lsa, halol pul topishni xush ko‘rarmish. Qizitaloq, bu dunyoda halol pulni qayerdan toparding? Bir burda nonga zor bo‘lasan. Bolalaring ko‘chada tushib qolgan chirik mevaga zor bo‘ladi. Uvoq terib umring o‘tadi, xunasa!..

Essiz, shuncha harakatlarim zoye ketdi. Mana, uyam qabristonga kelvolibdi. «Qazisan, qartasan, asl zotingga tortasan», deganlari shu-da! Qabristondayam tilanib o‘tiribdi…

— Ha, Umar, it quvdimi? — savol tashladim unga jig‘ibiyronim chiqib. — Shu yerdayam tilanyapsanmi deyman? Vey, bachchag‘ar, anavi pardani olib tashlasang-chi! Basharangni ko‘ray-chi!

— Bu parda olinmaydi, — dedi Umar samodan ko‘z uzmay. — Sendaqalar bilan faqat shu parda ortidan turib gaplashish mumkin xolos. Aks holda xudoning g‘azabi keladi.

— Iye, tiling chiqib qoptimi? — qichqirdim turgan yerimda. — Mening kimligimni bilasanmi o‘zi? Shuncha yil seni boqdim-ku, xunasa! Bergan tuzimga rahmating shumi? Yurarding chorig‘ingni zo‘rg‘a sudrab! Yangi etikli qip qo‘ydimmi? Yog‘li-yog‘li, sergo‘sht ovqatlarim og‘irlik qilyaptimi sapchiysan?.. Qaranglar-a, yalog‘imni yalab kun ko‘rgan bachchag‘ar bu yerga kelib odam bo‘p qopti!..

— Tuzingam, yalog‘ingam boshingda qolsa yaxshiydi. Afsus, senga qo‘shilib, iymonimni boy bergan ekanman! Mana, endi har kuni ko‘kka boqib xudoyimdan iymonimni qaytarishini so‘rayapman! Xudoyo sendaylarning oxirati kuysin, haromilar!..

Bilmadim… Agar tirikligimdagi davrim bo‘lsa, bu mishiqining terisini shilvolardim. Hozir esa Umarga qarshi bir og‘iz so‘z aytishga-da ojiz qoldim. Ayniqsa, oxirgi gapidan keyin beixtiyor jonim xuddi birov igna sanchayotgan kabi chimillab og‘riy boshladi. Bu og‘riqqa chidashning o‘zi dahshat edi. Noma’lum kuch meni o‘sha og‘riqlar iskanjasida qabriston ichkarisiga yetakladi. Ha, men qo‘l ostimda itday ishlab, kerak bo‘lganda, yalog‘imdan ovqat yegan bir yalangoyoqqa qarshi harakatlar sodir eta olmadim. Ojiz qoldim, ojiz!..

Qabriston ichkarisi ham Umar kabilarga liq to‘la ekan. Voajab, birinchi kun tanamni bu yerga olib kelishganda zog‘ uchmagandi. Demak, tunda paydo bo‘larkan-da bular! Unda nega meni his etishmayapti? Nima uchun mendan martabasi pastligini tan olishni xohlashmayapti? Ko‘rinib turibdi-ku oramizdagi farq!..

— Ey, boqimandalar, — kutilmaganda qichqirdim jazavaga tushib. — Kelmaysanlarmi buyoqqa? Akang tashrif buyurdi! Saroylardek hashamatli uyidan xabar olib yana sen itvachchalarning davrasiga qaytdi! Kelib salomlashmaysanlarmi? Tavob qilmaysanlarmi izimni?.. O‘pmaysanlarmi qo‘limni?..

Bu hayqirig‘im qabriston bo‘ylab jarangladi. Chetdagi ulkan daraxtlarga qo‘ngan qushlar chamasi hayqirig‘imning zalvoriga dosh bera olmay gurillagancha osmon-u falakka ko‘tarildi. Lekin anavilar miq etishmasdi. Birovlari yer ostidan menga mensimay qarab qo‘yish bilan cheklanar, boshqalari esa nafratini sir tuta olmagan ko‘yi yanada nariroq ketish harakatida edi.

— Sen ko‘pam chiranaverma, — degan ovoz keldi nihoyat olomon orasidan. Ammo kim baqirganini anglashning sira imkoni yo‘q edi. Olomon ovoz sohibini to‘sib qolgandi. Shunda ham u keksalardan biri ekanini darrov ilg‘adim. — Hali so‘roq-savol degan amallar turibdi. O‘zing-cha bu yerdagilarni yerga urma! Sening davring o‘tdi! Suf senday haromilarga! Qani, xaloyiq, toshbo‘ron qil uni! Ayab o‘tirma! Toki qilmishlariga tavba qilmaguncha otaver tosh!..

Men bundan-da battarroq dahshatni Azroilga jonimni berayotib ham ko‘rmagandim. Undan-da qo‘rqinchliroq, shiddatliroq, shafqatsizroq lahzalarga ro‘baro‘ bo‘ldim. Olomon otayotgan toshlar menga kelib tegar, og‘riqlar shunchaki og‘riqmas, go‘yo olovda kuyayotgan pallani eslatardi. Ingrana-ingrana, dod sola-sola qocha boshladim. Toshlar yomg‘iri esa baribir menga yetib olar, it azobini berishdan tiyilmasdi.

Shu qochish asnosida qaysidir ochiq go‘rga tushib ketdim va darrov ko‘z o‘ngimni zulmat qopladi.

Tovushlar, qichqiriqlar, haqoratlar, toshlar yomg‘iri tindi.

Aniq his etdim.

Meni noma’lum, ko‘rinmas qudrat egasi sudraklagancha zulmat qa’riga, yanada ichkariroqqa olib ketdi…
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Go‘r azobi… (2-qism) (mistika)