Superliganing 22-turidan o‘rin olgan «Navbahor» – «Qizilqum» uchrashuvi (1:0)dan so‘ng Namangan klubining yangi ustozi Sherzod Jo‘rayev matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tajribali murabbiyning aytishicha, u jamoani qabul qilib olganiga ikki kungina bo‘lgan va shu qisqa vaqt mobaynida ham futbolchilar bilan suhbatlar o‘tkazgan, ularning dardini tinglagan, kayfiyat va ichki holatini o‘rgangan. «Men ularning nimalarga qodirligini bilardim, ammo yaqindan yaxshi tanishmagan edim. Shuning uchun suhbatlashib, ruhiy qo‘llab-quvvatladim. Yigitlar maydonda bor kuchini berdi. Shuning uchun ham g‘alaba qozondik. Muxlislarga alohida minnatdorlik bildiraman», – dedi Jo‘rayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Qizilqum» kuchli va individual jihatdan yaxshi futbolchilarga ega jamoa bo‘lib, ularga qarshi kurashish oson bo‘lmagan. «Futbol ikki bo‘limdan iborat. Birinchi taymda bizga qiyin to‘g‘ri keldi, ikkinchi taymda esa vaziyatlar ko‘paya boshladi. Omad esa har doim kuchli jamoa tomoniga o‘tib, ularga kulib boqadi», – deb ta’kidladi murabbiy.
Jamoani nega ikki hujumchi bilan o‘ynatmagani haqidagi savolga u: «Bizda bir xil uslubda harakat qiladigan ikki hujumchi yo‘q. Agar bo‘lganida, bu taktikani sinab ko‘rgan bo‘lardim. Bu mening Superligadagi ilk tajribam va salohiyatni asta-sekin to‘liq ochib boramiz», – deb javob berdi.
Sherzod Jo‘rayev ayrim futbolchilar tarkibda ko‘rinmaganiga ham izoh berdi. «Zabihillo va Umid Ergashev mikrojarohat olgan. Sezar va Gedesh esa mening qarorim bilan tarkibga kiritilmadi. Chunki yoshlarga imkoniyat berishni maqsadga muvofiq deb bildik. Agar mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsata olishsa, albatta, ularga ham maydonda imkoniyat beriladi», – dedi u.
«Navbahor»ning U-21 jamoasi haqida ham fikr bildirgan Jo‘rayev, Namanganda doim iqtidorli yoshlar yetishib chiqishini va ularni asosiy tarkibga asta-sekin jalb qilish niyatida ekanini ta’kidladi.
«Men namanganlikman, shu bois jamoani qiyin vaziyatda ham qabul qilishdan ikkilanmadim. Agar qo‘rqqanimda, bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim. "Navbahor"da o‘ynaganman va bu kun bir kuni kelishi aniq edi», – dedi murabbiy.
Shu tariqa, Sherzod Jo‘rayev qisqa muddat ichida jamoa ruhiyatini tiklab, muxlislarni quvontirdi va debyuti g‘alaba bilan boshlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!