date

Akmal Rustamov: «Qizilqum»da omad yetishmadi, mag‘lubiyatga uchradik...

Akmal Rustamov: «Qizilqum»da omad yetishmadi, mag‘lubiyatga uchradik...

Superliganing 23-turidan o‘rin olgan «Navbahor» – «Qizilqum» uchrashuvi Namanganda o‘tkazilib, mezbonlar minimal hisobda – 1:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Akmal Rustamov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Tajribali murabbiyning ta’kidlashicha, bahs vaziyatlarga juda boy bo‘lgan va gol urish imkoniyatlari ham yetarlicha yaratilgan. «Biz «Nasaf»ga qarshi o‘yindan so‘ng ham juda puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Ushbu bahsda qaysi jamoa avval gol ursa, g‘olib chiqishi ehtimoli yuqori edi. Birinchi bo‘limda ikki-uch marta aniq golga tortadigan imkoniyatga ega bo‘ldik, ammo oxirgi zarbada oqsadik. «Navbahor»ning imkoniyatdan unumli foydalanishi esa taqdirning mezbonlar tomonga og‘ishini ta’minladi», – dedi Rustamov.

Jamoa ikkinchi taymda avvalgidek kuch bilan harakat qila olmagani haqidagi savolga u: «Men bu fikrga qo‘shilmayman. Ruhiy jihatdan yigitlarimiz normal holatda edi. Faqat o‘yindan o‘yingacha oraliq vaqt qisqaligi va uzoq yo‘l ta’siri bor. Biz ham g‘alabaga yaqin edik, agar birinchi bo‘limdagi imkoniyatlarni golga aylantira olganimizda, natija mutlaqo boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Omad bizdan yuz o‘girdi», – deb javob berdi.

Shuningdek, murabbiy jarohat olgan futbolchilar sabab yoshlarga imkon berish haqida ham to‘xtaldi. «Nikola Kumburovich va Ilhom Vahobov jarohat oldi. Shu bois U-21 jamoasi tarkibidan bir qator yoshlarga qo‘rqmasdan imkoniyat berdik. Agar ular bu kabi uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsata olsa, kelgusida asosiy tarkibda ham joy olishi mumkin», – deya qo‘shimcha qildi Rustamov.

Legionerlar o‘yini haqida so‘ralganda esa u: «Maydonda uch nafar legionerimiz – Roman Papariga, Jaba Jigauri va Dushan Miyich bor edi. Ikkinchi taym oxirida ularda charchoq alomatlari ko‘rindi, ammo umumiy holatdan qoniqdim. Nafaqat ular, balki barcha futbolchilarga rahmat aytaman», – dedi.

Murabbiy «Navbahor»dagi murabbiy almashinuvi rejalarga ta’sir qilgani haqidagi savolga ham izoh berdi: «Futbolda murabbiy ketsa, o‘rniga boshqasi kelishi tabiiy hol. Bizning rejalarimizga katta ta’sir qilmadi, har holda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz shart edi», – deya ta’kidladi.

Chempionlik masalasiga ham to‘xtalgan Rustamov: «Oldinda hali sakkiz tur bor. Bu haqda aniq gap aytish mushkul. «Nasaf» ikki frontda kurashmoqda, ular uchun og‘irroq bo‘ladi. «Neftchi»da esa bunday qiyinchilik yo‘q. Shunday ekan, barchasini vaqt ko‘rsatadi», – deya xulosa qildi.

Shu tariqa, «Qizilqum» ustozi jamoa harakatida ijobiy jihatlar ko‘p bo‘lganini aytib, ammo omad yetishmagani bois mag‘lubiyatga uchraganini e’tirof etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Akmal Rustamov: «Qizilqum»da omad yetishmadi, mag‘lubiyatga uchradik...