Inson har tong yangi kunni qarshi olar ekan, uning ixtiyoriga 24 soat lik fursat beriladi. Oʻtayotgan vaqtimiz haqida oʻylab koʻradigan boʻlsak, soat millarining “chiq-chiqʼʼlari aslida aziz umrimizning toʻxtovsiz parchalanib ketayotgan onlari ekanini his etamiz. Ushbu onlar bizning yaxshi va yomon amallarimizga guvoh boʻlib ketmoqda.
Qurʼoni Karimdagi suralarning juda koʻpi vaqtga qasam ichish ila boshlanadi. Alloh azza va jalla qiymati va hikmati ulugʻ narsalar bilan qasam ichadi. Goʻyo, “Koʻzingni och bandam, mendek Zot nima bilan qasam ichyapman, aqlingni ishlat” deydi. Yaratgan Rabbimiz vaqtning har turi bilan qasam ichadi: “Qasamyod etaman qoplab kelayotgan tun bilan, yorishib kelayotgan kun bilan”(“Layl” surasi, 1-2 oyatlar); “Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan” (“Zuho” surasi, 1-oyat); “Qasamyod etaman tong bilan, oʻn kecha bilan” (“Fajr” 1-2 oyatlar); “Qasamyod etaman quyosh va uning ziyosi bilan” (“Shams” surasi, 1-oyat); “Asr bilan qasamyod etaman” (“Asr” surasi, 1-oyat) degan oyatlarda Rabbimiz goʻyo “Yaxshilab qara ey bandam, men nima bilan qasam ichyapman. Men bergan narsalarning eng qiymatlisi bu vaqtdir” deb xitob qiladi.
Mutaqqaddim musulmonlar, vaqtga eʼtibori kuchliligidan birinchi kashf qilgan narsalari ham soat boʻlgan. Soatni musulmonlar ixtiro qilib, hammaning koʻzi tushadigan yerlarda oʻrnatishga koʻrsatma bergan. Shunday yoʻl bilan boʻlsada, musulmonlarga vaqtning tez oʻtib borayotganini eslatib turishgan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vassalam marhamat qiladilar: “Odam bolasining oyogʻi qiyomat kuni joyidan qimirlamaydi, toinki 4 narsadan soʻralmagunicha: umringni nimaga oʻtkazgansan, yoshligingni nimaga sarflagansan, molingni qayerdan topib qayerga ishlatgansan, bilgan narsalaringning qanchasiga amal qilgansan?”
Bu savollarning javobi qanday ogʻir boʻlishini tasavvur qiling! Umrimizdan va uni nimaga sarflaganimizdan soʻralamiz. Shuningdek, yoshlik, yigitlik, shijoatga toʻla boʻlgan davrlarimizdan soʻralamiz. Ummati Muhammadning bugungi ahvolini qarang! Hisob-kitobning nozikligiga diqqat qiling! Alloh hammamizni har bir nafasimizdan soʻroqqa tutadi. Hazrat Bahouddin Naqshband qoddasollohu sirrahul aziz oʻzlarining zikr rahshalarining birinchi qadami ham “Hush dar dam”dir. Yaʼni, banda har bir nafas olib chiqarganida xushyor boʻlishiga chaqirilgan. Qiyomatda har bir vaqtdan soʻralganida, behuda soʻzlovchilarning noma sandigʻida ne boʻladiyu, olimning, obidning, zohidning sandigʻida qanday amallar boʻladi…
Bir faraz qiling, daryo boʻyida bir kishi tangalarini bittalab suvga otyapti. Buni koʻrgan kishi nima deydi? Tabiiy, aqlli banda koʻrsa, u jinni boʻlibdi, deydi. Vaholanki, sizu bizga vaqt deb atalmish qoʻldan chiqsa, qaytib kelmaydigan neʼmat berilgan. Buning qadri yoʻqmi? Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadi: “Har tong otganida, Quyosh chiqqanida, Ey odam farzandi, men yangi kunman, seni amalingga shohidman, guvohman, meni gʻanimat bil!. Mendan oxiratingga zahira olgin! Chunki men ketsam, qiyomatgacha boshqa kelmayman”, deydi.
Bugungi holatga nazar tashlasak, musulmonlarning ahvoli ayanchli. Bugungi yigitlar allamahalgacha tentirab tunni kech qilib peshingacha uxlashadi. Yana uxlashdan oldin, “Oyijon uygʻotmang, oʻzim turaman, chunki ertaga qiladigan ishim yoʻq”, deydi. Oʻzi oʻtayatgan umr shumi, buni qiladigan ishi yoʻq ekan…Yana bir misollardan universitet yoki kollejlarda darsga qatnash oʻrniga dars vaqtida koʻngil yozish uchun taomxonalarda, oʻyingohlarda yoki boʻlmasam doʻkon aylanishdek bekorchi ishlar bilan vaqtini oʻtkazishadi. Odamlar shunaqangi haddidan oshdiki, bir-birini chaqirib: “Yur vaqtni oʻtkazib kelamiz”, deydi. Vaqt oʻtkazib yuriladigan narsa edimi? Butun ummat fitna va xatardayu, bular bemalol vaqt oʻtkazishmoqchi! U vaqtni oʻtkazish bilan aslida oʻzini oʻtkarayotganini, umrini zoye qilayotganini bilsalar edi!
Hozirgi zamonda tuzukroq kitob yozilmayotganini sababi ham shundaki, hozirga kelib tuzukroq asar oʻqiydigan kitobxon qolmadi. Faqat ijtimoiy tarmoqlarda sanʼat yulduzlariyu, sport ustalarini hayoti va kiyinishini oʻrganish boʻlib qoldi. Qurʼon va xatmi Qurʼon faqat janozalarda oʻqiladigan, hadislar esa odobga doir kitoblarda uchraydigan boʻlib qoldi.
Yer yuzida juda oz yashab, koʻp ishlar qilib ketganlar bor. Ularni nomlari tarixda qiyomatgacha muhrlanib qoladi. Bizday insonlar esa, oʻlamizu nomimiz oʻchadi. Umrning qiymati, insonning yer yuzida qilgan ishlari bilan oʻlchanadi, qancha yashagani bilan emas.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh 40 yil yashab 500 ta kitob yozgan, yiqilmagunicha ovqatlanmagan ekan. Shunday darajda vaqtlarini qizgʻangan.
Yaqin tarixda, Hindiston diyorida yashab oʻtgan Hakimul ummat Ashraf Ali Tahanoviydek zot 1500 mingta kitob yozgan, millionlab shogirdlar chiqargan, vaqtni oʻz foydalariga ishlata bilgan.
Diyorimizda bir necha yil oldin Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek buyuk zot yashab oʻtdi. Qisqagina 63 yillik umrlari davomida 100 dan ziyod taʼlifotlar, tasnifotlar, ovozli kitoblar va 200000 dan ziyod internet orqali kelgan savollarga juda aniq va daqiq javoblar berdi. Bu insonning yashagan umrlarini, qilgan ishlarini har qanday insonlarning hayoti davomida qilishi, ulgurishi juda mushkuldir. Bugunga kelib, biz ummatning holi tayyor asarlardan munosib foyda olishga ham ojiz boʻlib qoldi. Qani bizda vaqtga eʼtibor, ilmga muhabbat, gʻayrat, shijoat? Bularning hammasi qaysidir afsona yoki rivoyatlarda qolib ketgandek, goʻyo? Alloh barchamizni vaqt deb atalmish aziz neʼmatdan munosib foydalanmoqlik baxtini nasib aylasin!!!
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”