Rossiya Federatsiyasi eng ko‘p o‘zbekistonlik talabalar tahsil oladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ilk bor mamlakatga borgan talabani qanday hayot kutadi? U ham o‘qib, ham ishlab kunini ko‘rib keta oladimi? Musofirchilikning biz ko‘rmagan tomonlari haqida Moskvada o‘qib, hozirda o‘sha yerda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Zarnigor Omonillayeva «Daryo»ga batafsil gapirib berdi. Quyida ushbu suhbat tafsilotlarini Sizning e’tiboringizga havola qilamiz.
Zarnigor Omonillayeva Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. U 25 yoshda. 2016 yilda Xakasiya davlat universitetini tamomlagan. Migratsiya huquqlari bo‘yicha yurist. Hozirda farzand tarbiyasi bilan band.
Rossiyadagi o‘qish haqida
Rossiyaning O‘zbekistondagi ta’lim va madaniyat markazi tomonidan o‘tkazilgan har xil volontyorlik loyihalarida qatnashib, mamlakatdagi universitet va institutlar, talablar hamda sharoitlar haqida avvaldan bilib olganman. O‘zbekistonda o‘qishga kira olmagach Rossiyaga kelganman. Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetida tayyorlov kurslarini o‘tib, Moskva davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirganman. Birinchi bosqichdagina o‘qish uchun shartnoma pulini to‘laganman, xolos. Qolgan ikki yil bepul o‘qidim. Chunki talaba har o‘quv yilining boshida fanlarni o‘zlashtirishidan kelib chiqib, byudjet o‘rinlariga da’vo qilishi mumkin ekanini bilganim, menga foyda bo‘lgan. Turmushga chiqqanim bois, 4-bosqichni boshqa universitetga ko‘chirib o‘qidim. Yangi oliygoh bo‘lgani uchun turmush o‘rtog‘im shartnoma pulini o‘zlari to‘laganlar.
Ilk bor Moskvaga kelganimda...
Rossiyaga birinchi marta kelganimda rus tilim ustida ishlashim kerakligini tushunganman. Avvallari tilni zo‘r bilaman deb o‘ylardim, lekin bu yerda aksentim borligi yaqqol bilinib qolgan. O‘zbekistondagi faol hayotdan keyin juda ham moslashishim qiyin bo‘lgan. Bilsangiz, O‘zbekistonda odamlar kulib, xushchaqchoq yurishadi va gapirganda ham baland ovozda kulib, hazil qilish, gapirish odatiy hol. Bu yerlarda esa unday emasdi. Hamma jiddiy, katta sabab bo‘lmasa, jamoat joylarida kulishmaydi. Shunga ko‘nikishim qiyin bo‘lgan. Yana Farg‘onada mashinalar, odamlar Moskvaga nisbatan juda kam. Odamlar Moskvada ko‘p va doim shoshilib yuradi. Mashinalar ko‘p, tez harakat qilishadi. Piyodalar yo‘lakchasidan boshqa yerda yo‘llar kesib o‘tilmaydi. Mana shularga o‘rganishim vaqt olgan. Chunki Farg‘onadagi hayot tezligi, Moskvaniki oldida judayam sekin edi.
Rossiyadagi ta’limning farqi
O‘qish jarayonini solishtirishim qiyin. Sababi, O‘zbekistonda oliygohda o‘qimaganman. Maktab va litseyda o‘qiganman, xolos. Lekin imkoniyatlar nuqtai nazaridan aytadigan bo‘lsam, Moskvada talabalar uchun juda ham ko‘p xalqaro loyihalar bor va deyarli hammasi pullik. O‘zbekistonda bepul imkoniyatlarga o‘rganib qolganim uchun buni hazm qilib, o‘rganib ketishim oson bo‘lmagan.
Foto: Instagram/@zari_begim
O‘qishda o‘qituvchilar ortiqcha asablarini talabalarga sarflamaydi. O‘zbekistonda esa har bir ustoz jonkuyardek edi. Bu yerda xohlasangiz o‘qing, bo‘lmasa yo‘q. Birov ko‘nglingiz-u, sharoitingizga qarab o‘tirmaydi. Albatta, hamma oliygohlar har xil. Lekin men o‘qigan universitetda shunday edi.
Dedlaynga juda qattiqqo‘l turishadi. Imtihonlarda katta nazorat yo‘q, asosiysi fikringizni asosli va erkin ayta olishingiz kerak.
O‘qish va ishlash haqida
O‘qish davomida eng katta qiyinchilik mustaqil yashash bilan bog‘liq xarajatlar edi. Moskvada talaba bo‘lsangiz ham, ishchi bo‘lsangiz ham har kuningiz uchun xarajatlaringiz bor va bu yerda yashash qimmat. Shuning uchun, imkon qadar ko‘proq pul topib, ishlashga harakat qilardim. Ham o‘qib, ham ishlash qiyin bo‘lgan. Endi ishim yurishganda o‘qishga ulgurmay, baholar pasayib ketardi. Yoki aksi, o‘qishimni maromiga keltirsam, xarajatlarimni qoplay olmay qolardim. Lekin biror marta oyimdan pul so‘ramaganman. Sababi, oyim va uydagilar Moskvada o‘qishimga qarshi bo‘lgan. Yo‘lkiramni ham akam menga tadbirkorlik qilishim uchun bergan pulidan sarflab ketganman. Moskvada opam oilasi bilan va xolam bor edi, shuning uchungina xotirjam kuzatishgan. Lekin shuncha harakat qilmay, birinchi bosqichdaligimda deyarli ishlolmaganim uchun baribir xolamdan 1000 dollar qarz bo‘lib qolganman. Butun o‘qish davomida shu qarzimni to‘lolmadim. Va nihoyat, o‘qishni tamomlab, to‘laqonli ishga kirganimdagina birinchi oyligimdan qarzimni darrov uzdim. Menimcha, o‘sha vaqtdagina o‘qishni bitirganimni haqiqatan his qildim, bitiruv kechasi-yu, diplom taqdimotida ham bunday yengillikni his qilmaganman.
Foto: Instagram/@zari_begim
Talabalarga maslahatlar
Moskvada o‘qiyotgan talabalarga tavsiyam xarajatlarni qoplash yuzasidan bo‘ladi. Albatta, transport uchun chegirma kartochkalari rasmiylashtiring. Ish izlayotgan bo‘lsangiz, masofaviy vakansiyalarni tanlang. Eng yaxshisi, Photoshop yoki Coral dasturlarini o‘zlashtiring. Ular bilan yaxshi maoshli ish topish oson va masofaviy qilsa bo‘ladi. Ayniqsa, hozir SMM (Social Media Marketing) yo‘nalishida ishlar ko‘p. Mana shunday yo‘nalishdagi vakansiyalar talabalar uchun qulaydir.
Rossiya «bordi-keldi»si yo‘q mamlakat
Bilsangiz bizda mahallalarda katta jamoa bo‘lib, yashashadi, O‘zaro muloqot, bordi-keldilar bor. Masalan, ko‘ngil uchun uyga o‘tinglar deymiz. Bu yerda esa aksincha ko‘ngil uchun mehmonga keling deyilmaydi. Agar taklif qilingan bo‘lsangiz, demak rostan ham sizni kutishyapti.
Qo‘shnilar bir-birlarini tanimasliklari mumkin va bu odatiy hol. Qarindosh, urug‘-aymog‘ bu yerdagilarda ko‘p emas. Nari borsa uch-to‘rtta oila. Undan ko‘p qarindoshli oilani kam uchratasiz. Bu yerdagilar uylariga, kiyim-kechaklariga bizchalik e’tibor qilishmaydi.
Biz to‘ylarni yaxshi o‘tkazish maqsadida tinmasak, ruslar sayohat deb yashaydi. Bizda katta va kichiklarning qiziqish, niyat, harakat va dunyoqarashlarida o‘xshashlik bor. Bu yerda esa avlodlar va kattalar o‘rtasida o‘xshashlik umuman yo‘q. Yoshi katta odamlar dala hovli desa, o‘rta yoshlilar ish deydi. Yoshlar esa, sayohat tarafdori. Xullas, har bir avlod keskin farq qiladi.
Faoliyatim haqida ham ikki og‘iz
O‘qishni tamomlashdan oldin migrantlar uchun foydali ma’lumot va maqolalar yozib turardim. Migratsiya huquqini o‘zimning yuristlik faoliyatim uchun tanlaganman. Diplom ishimni ham «Rossiyada chet davlat fuqarolarining ijtimoiy huquqlari kafolati» mavzusida yoqladim. Shu ilmiy ish davomida migratsiya yo‘nalishi menga yaqinligini tushundim. O‘zimizning odamlar va Rossiyaga kelgan chet elliklar bilan ishlash qiziq. Shuning uchun, bola parvarishi (dekret)ga chiqishimdan avval ham yurist sifatida migrantlarga yordam berib kelganman, hozir ham ko‘mak berishga harakat qilayapman.
Foto: Instagram/@zari_begim
Musofirlikning men ilg‘agan tomonlari…
Musofir bo‘lgan odam, agar mulohaza qilishdan erinmasa, juda ko‘p hikmat toparkan. Men ham musofir bo‘lib, yangidan tug‘ilib, ulg‘aygandekman. Tafakkurim ham, dunyoqarashim ham o‘sib, kengaydi.
Masalan, avval biror nima yoki biror kim yoqmasa, nega unday, nega bunday deb, vaqt o‘tkazar ekanman. Hozir esa menga biror nima yoqmasa, mana shu narsani o‘zgartirish uchun qo‘limdan kelganini qilishni o‘rgandim. Misol uchun, farzandli bo‘lganimdan keyin bizdan keyingi avlodga qanday meros qolishi jiddiy o‘ylantira boshladi. Shuning uchun hatto chiqindilarni ham saralaydigan bo‘ldim. Iloji boricha ekologiyaga zarar qilmaydigan narsalarni sotib olyapman. Hattoki, bolalar tagliklarini ham. Daxldorlik deyman buni. Bu fikrimni tushuntirish uchun oddiy bir misol, xolos.
Musofirlikda odam yangi jamiyatga tushib qoladi. O‘zbekistonda insonning jamiyat oldidagi majburiyatlari ko‘p. Jamiyatning o‘ziga yarasha shaxs ustidan nazorati bor. Musofirlikda esa unday emas. Bularni Rossiya misolida aytyapman. Mana shu hisobiga, o‘ziga yarasha kengroq erkinlik paydo bo‘ladi. Mazkur erkinlikdan foydalana olmay, musofirlar o‘z qo‘llari bilan o‘ziga zarar qilib qo‘yishlari meni ranjitadi.
Manba: Daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”