Zamonaviy psixologiya insonni baxtli qilish, baxtsizligini yengish borasida ish bermaganini endi g‘arbliklar ham tan olishga majbur. Hapdori vositasida unuttirish-uxlatish uslubi bilan yana qayergacha borishadi, buni bilmayman. Universitetda o‘qib yurgan kezlarimda Eronda tug‘ilgan, Germaniyada yashagan Shveysiya va Amerikada tahsil olgan nevropotolog va psixiatr olim Noosrat Pesechkian qalamiga mansub “Sharq hikoyalari yordamida ruhiyatni davolash” kitobi qo‘limga tushgandi. Olim ruhiy muolaja uchun dori-darmonlardan emas, hikoyat va rivoyatlar bilan bemorlarni muolaja qilardi. Ammo qiziqarli jihati faqatgina shu emas. Meni muolaja uchun tanlagan hikoyatlari juda ta’sirlantirdi.
Psixoterapevt bemorlarni davolash uchun faqat sharq hikoyatlaridan foydalanar ekan. Sharq hikoyatlari ham bizga notanish emas. Hammamiz bilganimiz va bilishimiz kerak bo‘lgan hikoyatlar. Noosrat Pesechkian Mavlono Rumiyning “Masnaviy”sidan, Sa’diy Sheroziyning “Bo‘ston va Guliston”idan tanlagan hikoyatlari bilan bemorlarini davolar ekan. Muallif kitobidan hikoyatlar eng achchiq saboqni ham tatimli va qiziqarli qiladigan bir qoshiq asal kabi ta’siri bo‘lishini ta’kidlab, hikoyatlar bilan muolaja qilish qulay va foydali ekani xususida mulohaza yuritadi.
Otasidan qolgan kompaniyada ishlar ko‘pligidan bo‘g‘ilgan, oilasi va bolalariga vaqt ajratolmagani uchun oilaviy munosabatlarda ziddiyatlarga borgan bir tadbirkor, muolaja olish uchun yoniga borganida uni tinchlantirish uchun darrov dori yozib bermaydi. Avval uni uzoq eshitadi, so‘ng ish va shaxsiy hayoti orasidagi muvozanatni mutanosib holatga keltirish bilan barcha muammolaridan xalos bo‘lishi mumkinligini aytadi. Bu yo‘lni unga ko‘rsatish uchun har-xil hikoyatlarni misol qilib keltiradi. Bu hikoyalardan birini misol keltiraman.
Qoziqni qalbga urmang.
Maqsadi nafs tarbiyasi, umidi jannat bo‘lgan bir donishmand boyligi oshib-toshib yotgan bir shahzodani uchratib qolibdi. Shahzoda chodirda yotib dam olish uchun shahar tashqarisiga chiqqan ekan. Uning chodiri juda qimmatbaho matodan ekan. Hatto chodirni yerga qadagan qoziqlar ham oltindan ekan. Oddiy va hashamatsiz hayotni ma’qullaydigan donishmand, shahzodaga "dunyo molining, chodirning oltin qoziqlarining hech ma’nisi yo‘qligini, inson harakatlari va istaklarining oxiri yo‘qligi", haqida gapiribdi. Shuningdek, "ilohiy maskanlarning naqadar rohatbaxsh va ko‘rkamligini", gapiribdi. "Qo‘lidan kelganicha harakat qilib, so‘ng kutish dunyodagi eng go‘zal baxt ekanligini",ta’kidlabdi.
Shahzoda jiddiy turib uning gaplarini eshitibdi. Donishmandning qo‘lini tutib shunday debdi: «Bu gaplaring men uchun yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ldi. Do‘stim, kel men bilan ilohiy maskanlar sayriga hamroh bo‘l”. Shunday debdida, shahzoda ortiga ham qaramay, o‘zi bilan hech narsa olmay yo‘lga tushibdi. Donishmand bu holatdan hayron bo‘libdi va shahzodaning orqasidan yugurib, baland ovozda shunday debdi:
– Shahzodam, chindan muqaddas makonlarga bormoqchimisiz? Agar jiddiy bo‘lsangiz, borib o‘zimga zarur ashyolarimni olib kelgunimcha meni kutib turing.” Shahzoda tabassum bilan shunday debdi:
– Men boyligim, otlarim,oltinlarim, chodirim, bolalarim va qo‘ldimda nima bo‘lsa hammasini tashlab chiqdim. Sen ikki-uch kiyiming uchun orqaga qaytasanmi?! Donishmand hayrat ichida so‘rabdi:
– Shahzodam, qanday qilib butun mol-dunyongizni tashlab keta olasiz?
Shahzoda past ammo juda tushunarli ohangda shunday debdi:
– Biz chodirning oltin qoziqlarini tuproqqa urganmiz, qalbimizga emas!
Bobolarimiz, momolarimizdan ko‘p rivoyatlar, ertak-hikoyatlar eshitganmiz. Avvallari oilaviy hayotimizda bo‘lgan, bugun negadir butkul yo‘qolib ketgan “hikoya va ertaklar aytish qadriyati” naqadar ahamiyatli ekanini tushunib yetishim uchun bu kitob vasila bo‘ldi. Tunlari sandal atrofida o‘tirib bolalariga yoki nabiralariga rivoyatlar aytib berish madaniyatidan mahrum bo‘lganimiz badalini juda og‘ir to‘layapmiz. Kecha sandal yoki xontaxta atrofida o‘tirib kitobxonlik qilgan, bolalariga ertak, rivoyatlar aytib berganlar o‘rnini bugun TV qarshisida serial tomosha qilayotganlar egalladi. Bu tufayli yuzaga kelayotgan oqibatlarni dorilar bilan davolashga urinyapmiz. Ammo afsuski, kundan-kunga ahvol yomonlashib boryapti. Hikoyat va ertaklar ruhga malham bo‘lishini, bu malhamni ota-onalar bolalariga o‘z qo‘li bilan ichirsa ta’siri yanada kuchayishini anglashimiz kerak. Har oqshom uyda serial tomosha qilmay, bolalariga Mavlono Rumiydan qissalar va bu qissalardan chiqadigan hissalarni aytib beradigan ma’rifatli otalar ko‘pasin, deb qolamiz.
"Stress va iymon" kitobidan Umida ADIZOVA tayyorladi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)