Yaponiya ilm-fan dunyosida tarixiy voqea yuz berdi: bugunga qadar biror mamlakat amalga oshirmagan ishga qo‘l urildi. Kioto universiteti olimlari tomonidan yaratilgan, tish o‘sishini rag‘batlantiruvchi ilk dori vositasining klinik sinovlari boshlandi. Bu jarayon tibbiyotda mutlaqo yangi sahifa ochishi mumkin, deb yozdi mahalliy nashrlar.
Sinovlarning yangi bosqichi 2024-yilda boshlangan tadqiqotning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bu gal 30 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan 30 nafar erkak ishtirok etmoqda. Olingan natijalar kelajakda nafaqat stomatologiya sohasini, balki butun tibbiyotdagi yondashuvlarni o‘zgartirishi ehtimol qilinmoqda.
Yangi ishlanmaning asosida yillar davomida olib borilgan izlanishlar yotadi. Olimlar USAG-1 deb nomlangan maxsus antitanani o‘rganib chiqdilar. Ma’lum bo‘lishicha, aynan shu antitana sutemizuvchilarda tishning o‘sishini cheklab qo‘yadi. Kioto universiteti mutaxassislari USAG-1 bilan suyak morfogenetik oqsili (BMP) o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni bloklash yo‘lini topdi. Bu jarayon tish to‘qimalarining yana tiklanishiga, ya’ni yangi tishlarning o‘sishiga zamin yaratadi.
Texnologiyaning asosi esa tibbiyotda allaqachon sinovdan o‘tgan va xavfsizligi tasdiqlangan usul – monoklonal antitanachalardan foydalanishdir. Bugungacha bu usul asosan onkologiyada, ya’ni xavfli o‘smalarga qarshi kurashda keng qo‘llanib kelingan edi.
Yangi dori vositasi qon tomiri orqali tanaga yuboriladi. Olimlar hayvonlar ustidan o‘tkazilgan tajribalarda uning xavfsizligini isbotlab berganlar. Shu bois klinik sinovlarni insonlarda boshlash uchun huquqiy va tibbiy asos yaratilgan.
Kitano shifoxonasining stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi mudiri, professor Katsu Takahashi shunday dedi:
«USAG-1 blokirovkasi tish chiqishiga turtki berishini avvaldan bilardik. Endilikda eng muhim savol — bu jarayon to‘liq regeneratsiyaga, ya’ni yangi tishlarning to‘liq shakllanishiga olib keladimi-yo‘qmi. Biz endi qo‘limizdan nima kelishini amalda ko‘rsatishimiz mumkin».
Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, 2026-yildan boshlab olimlar tug‘ma adentiyadan — ya’ni to‘rtta va undan ko‘p tishi bo‘lmagan bolalarni davolashni rejalashtirmoqda. Bu esa stomatologiyada inqilobiy qadam bo‘lishi mumkin.
Pirovard maqsad esa yanada ulkan: 2030-yilga qadar keng omma uchun hammaning foydalanishi mumkin bo‘lgan tish qayta chiqishiga yordam beruvchi dori vositasini ishlab chiqish. Agar bu maqsad amalga oshsa, tibbiyot tarixida mutlaqo yangi davr boshlanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!