00:53 / 09.05.2019
3 853

Niyatga yarasha ajr...

Niyatga yarasha ajr...
Ramazon oyi boshlanishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda ro‘zadorlar uchun iftorlik-saharlik aksiyalari, xayr-saxovat ishlari haqida o‘qiy boshladik. Bir guruh savob umididagi yurtdoshlarimiz ehtiyojmand, saharlik va iftorlik qilish uchun imkoni bo‘lmagan kishilarga taomlar yetkazib berishni yo‘lga qo‘yganlari haqida o‘qigandik. Bu xabardan mamnun bo‘lib, sahifalarimizda boshqa foydalanuvchilar uchun ham manfaatli bo‘lsin degan umidda bo‘lishdik.

Ramazonning ilk kunlari saxovatpesha insonlar saharlik va iftorlik xizmati uchun buyurtma berganlarning aksariyati o‘ziga to‘q, muruvvatga ehtiyoji bo‘lmagan kishilar ekanligi, faqat birgina ayol kasalxonada betob eriga qarayotganini istihola bilan aytib saharlikka buyurtma berganini eshitib hayratdan o‘zimizga kelolmadik. Maqolani tayyorlash jarayonida saxovatli yigitlar bilan bog‘lanishga harakat qildik.

– Shunday bo‘ldi,- dedi ism-nasabini oshkor qilmasligimizni so‘ragan inson. – Lekin yo‘lga tushirib oldik, Allohga shukr. Biz savob umidida bu ishga kirishganmiz, hamma narsasi risoladagidek bo‘la turib, o‘zini muhtojlar o‘rniga qo‘yib yordam tilanganlarni ham, bizni ham Alloh ko‘rib turibdi,O‘zi qaysi bandasiga ajr,qaysi bandasiga gunoh yozishni biladi.

Muborak kunlarda “Korzinka.uz” tarmoqli do‘konlarida yo‘lga qo‘yilgan saxovat aksiyalari barcha musulmonlarni mamnun etdi. Bu do‘konlarda ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxonlari tashkil qilish bilan birga, bir quti Ramazon xurmosi xarid qilgan xaridorga bir litr “Nestle” ichimlik suvi sovg‘a qilinyapti. Ro‘zadorlarga, Ramazonga bo‘lgan hurmat va muhabbatni boshqa do‘kon sohiblari va sotuvchilar “Korzinka.uz”chilardan o‘rgansalar, bo‘lar edi...

“Mazasini tatib ko‘ring...”

Bozorlarimizdagi yana bir holat ko‘ngilni xira qiladi: Ramazon kunlari xarid qilmoqchi bo‘lgan mahsulotning narxini so‘raganda “Mana, yeb ko‘ring, juda mazali, ta’mini tating,” deguvchilar “Ramazon hurmati” degan ibora ma’nisini mulohaza qilsalar bo‘lardi. Ramazon oyida hatto “Ro‘za bo‘lmasangiz yeb ko‘ring!” deyish ham joiz emas. Chunki, bu oyda ro‘za farz qilingan! Demak, o‘zini musulmon hisoblagan inson ro‘za tutishi kerak. Bizningcha, buni anglash uchun odam olim yoxud avliyo bo‘lishi shart emas.

Nima demoqchi edik?

“Chaqani chaqaga qo‘shib hisobladim, bir chaqa ekan dunyo qiymati”, degan ekan donishlardan biri. (Alloh nazdida pashshaning qanotichalik qiymati yo‘q bu dunyoning...) Bir chaqaga arzimas dunyo deb, boqiy saodatdan mahrum bo‘lishlik gumrohlikdir. Mo‘minlar mudom yaxshilikda ibrat bo‘lishga intilganlar. Biz haqimizda “sotuvchi” yoki “odam” deb emas, MUSULMON degan nisbat bilan gapiradilar. O‘rni kelganda bir o‘zimiz butun musulmonlar qiyofasini aks ettiramiz. Shunday ekan, amalimiz ham musulmonga xos bo‘lsinki, boshqa din vakillari go‘zal dinimiz Islomni va biz musulmonlarni hurmat bilan e’tirof qilsinlar. Bizga havas qilsinlar, bizdan o‘rgansinlar, bizga intilsinlar...

Ma’lumot uchun:
Go‘sht: (bir kilogramm) 47- 50 ming so‘m.
Tuxum: (donasi) 450-650 so‘m.
Uy tuxumi: (donasi) 800-1000 so‘m
Ko‘katlar: (bog‘i) 500 so‘m
Novvot: (bir kilogramm) 10 ming so‘m
Qulupnay: (bir kilogramm) 6 mingdan boshlangan, 15 minggacha bor.
Bodiring: (bir kilogram) 2 mingdan boshlangan, 5 minggacha bor.
Pomidor (bir kilogrami) 13-16 ming.
Umida ADIZOVA tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Niyatga yarasha ajr...