Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Yangi Namangan tumanida barpo etilgan “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilayotgani ma’lum. Namanganda bugungi kunga kelib 1,5 ming gektar maydonda jami 73 ta sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda.
Ana shunday natijalar Yangi Namanganning Sohil mahallasida ham o‘z aksini topgan. Ilgarilari mahalliy tadbirkor va hunarmandlar tor sharoitda uylarda ish yuritgan bo‘lsa, hozirda zamonaviy infratuzilmaga ega yaxlit maydonda faoliyat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
“G‘ijduvon tajribasi” asosida 10 gektar yerda tashkil etilgan mazkur zonada 113 ta yirik va o‘rta quvvatli loyiha joylashtirilgan. Budjet mablag‘lari hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yo‘llar kabi barcha zarur infratuzilma qurilib, ishlab chiqarishga qulaylik yaratilgan.
Natijada yiliga 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Eng muhimi, 4 ming 800 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Qo‘shni mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb qilingani va 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani aholining iqtisodiy faolligini sezilarli oshirmoqda.
Shuningdek, bu yerda tayyor uskunalar va amaliyotdan foydalangan holda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga qayta tayyorlash imkoniyati ham bor. Bu esa ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish, aholining turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Prezident avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlarini ko‘zdan kechirib, mahalliy ustalar bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilyapti. Mashinalar soni oshib bormoqda, ammo servis xizmati hali yetarli emas. Chet el avtomobillari uchun xizmat ko‘rsatish tizimini ham yo‘lga qo‘yish zarur. Bu orqali aholi bandligi va xizmat sifati oshadi, – dedi davlat rahbari.
Shu bois, bunday servis markazlarini boshqa tumanlarda ham tashkil qilish, malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorlayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Yoshlarning tajriba orttirishi, tadbirkorlarning qo‘llab-quvvatlanishi va ish topish imkoniyatlari haqida alohida ko‘rsatmalar berildi.
Majmuada mehnat sharoiti bilan bir qatorda dam olish, xavfsizlik va inson qadrini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu yerda Namanganda shaharsozlik va uy-joy qurilishi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida ham ma’lumot taqdim etildi. Bu ishlar aholi uchun zamonaviy yashash sharoitini yaratish va hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!