Ilustratsiya: «Daryo» / Dilzoda Hamidjonova
«Daryo» «Muhojirlar hayoti» loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etib 1996 yildan boshlab Rossiyada mehnat qilib keladigan buxorolik muhojir bilan suhbat uyushtirdi. Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi oshkor etilmadi.
Sargardonlikka boshlagan ma’ruza
1969 yilda Buxoroda tug‘ilganman. 1986 yil Buxoro muhandislik-texnologiya instituti (avvalgi Buxoro yengil sanoat texnologiya instituti) ga o‘qishga kirdim. Otam bolaligimda vafot etgan. Talabalik paytlarimda onamga ko‘mak bo‘lsin uchun qurilish tashkilotlaridan birida g‘isht tashuvchi bo‘lib ishladim. 1992 yilda oliygohni tugatib, diplomni qo‘limga oldim. Qurilish ishlariga qiziqishim sabab shu sohadan ish qidirdim. Ammo yaqin tanishlarimdan biri yetarlicha bilim va intilishlarim borligini aytib, meni nufuzli davlat tashkilotlaridan biriga ishga kirishimga turtki bo‘ldi.
Chamasi, shu ishda uch yilcha ishladim. Har kuni sahar ishga otlanib, kechasi qaytardim. Bir kunda bir nechta manzillarga borib, ma’ruzalar o‘qirdim. Hali yoshlar, hali aholi, hali turli xorij davlatlarida mehnat qilib qaytgan muhojirlar bilan uchrashuvlarni tashkil qilish, undan tashqari, ishga oid boshqa qo‘shimcha topshiriqlar... Bu orada uylanib, oilali va ikki nafar farzandli ham bo‘ldim. Biroq hech birim ikki bo‘lmas, maoshlar kechikar, ba’zan ikki-uch oylab ish haqi ololmay, qarzlarim oshib ketardi.
1995 yil. Migrantlar bilan uchrashuvda qanday ma’ruza qilishim shartligi borasida topshiriq berildi. Lekin men ma’ruza matnini mutlaqo boshqa ko‘rinishda tayyorladim. Ma’ruzam matnida o‘zbek yigitlarining turli xorij davlatlarida sarson-sargardon yurishlarida ishsizlik, sharoitsizlik va ishlab turgan joyidan to‘lanadigan maosh na ro‘zg‘orga, na yashash sharoitini yaxshilashga yetayotgani va gohida maoshning oylab berilmayotgani sabab ekanini misollar orqali keltirgan edim.
Ertasiga esa ayni uchrashuv boshlanishiga oz vaqt qolganda, tayyorlagan ma’ruzamni o‘qib, boshlig‘imning tepa sochi tikka bo‘ldi — baqirdi-chaqirdi. Agar tuni bilan yozib chiqqan ma’ruzamni o‘qib bersam, ishdan bo‘shashimni po‘pisa qildi. Ko‘p o‘tmay esa, qo‘limga balandparvoz so‘zlar yozilgan boshqa ma’ruzani tutqazishdi. Uni o‘qib berishga majbur edim. Axir, bu ish-da! Biroq bu mening minbarda turib, oxirgi marotaba o‘qiyotgan ma’ruzam edi. Ma’ruzaning har so‘zini haligacha yoddan eslayman:
- Yuragida e’tiqod olovi yonmagan, mashaqqatli mehnatlar oldida o‘zini ojiz sezgan, jasoratdan yiroq ayrim zamondoshlarimiz «kambag‘alliklari» uchun zamonni ayblaydi va «nonlarining yarim»ligidan nolib ham qo‘yadi. Bundaylarni hatto oliy ma’lumotlilar orasida ham uchratish mumkin. Ular xorijga borib, falon pul ishlab kelish ilinjiga tushadi. Va yaxshigina ishlab turgan joylaridan bo‘shab, ishsizlik to‘rvaxaltasini yelkaga tashlagancha, mehnattalab davlatlarga yo‘l olishadi.
Xo‘sh, o‘zida qo‘shimcha kuch-quvvat tug‘ilishiga ishongan bunday yigitlar qo‘shni davlatlarga borib, nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lisharkin?! Ularni oyoqlari tagida eng so‘nggi rusumdagi avtomashina, «yeganing oldinda, yemaganing ortingda» degan shohona hayot kutib olarmidi?! To‘g‘ri, ayrimlari zo‘r ishlari evaziga boyib ham qaytishadi. Ammo qadr-qimmat, millat obro‘yi-chi?!
Xorijdan kelgan sayohatchilardan biri yurtimizni ko‘rib, «Shunday millat, birodar xalqingiz bor ekan-u, ammo biz ko‘pchilik yigitlaringizni o‘zimizning mansabdor va puldor odamlarimiz xizmatida ko‘ramiz», — deyishdi. Biz esa o‘ng‘aysiz holga tushib, nafasimizni ichga yutishdan boshqa chora topolmadik. Bu masalaning oyog‘ini osmondan qilib ko‘rsatish emas. Gapning po‘st kallasini aytganda, ayrim migrantlar fikrlaridagi qashshoqlik o‘zlarining turmush darajasining pastligiga olib keladi.
«Bankrot» bo‘lib yoxud begona yurtlarga o‘z oyog‘i bilan ketib, temir tobutda qaytayotgan yigitlarimiz qancha?! Hech kimga bu kulfatni yetkazmasin. Boy bo‘lib, o‘zimga xon, o‘zimga bek bo‘lib yashayman, deyishning oqibati bu. Ular bilaklaridagi shuncha kuchni Rossiyaning it va cho‘chqalarini boqquncha, o‘z yurtining tadbirkorlari orasida yoki dalalariga sarflashsa, uyat emas!
Bu savolga «O‘zimizda mehnatga yarasha haq olmaysan!» degan javobni olamiz. Ammo xorijsevar do‘stlarimizdan «Endi kolxozda ishlarmidik, kolxozchi bo‘lib» degan qo‘pol javobni eshitamiz. O‘z yurtining qishloq dalalarida xizmat qilishdan uyalgan bunday yurtdoshlarimiz xorijga borib, o‘risning tovug‘i yoki sigirini boqish va ularning tappisini tozalashni or, deb bilishmaydi. Qani yigitlikning g‘ururi, obro‘si?! O‘z yurtimizda ishlang va shu yerdan rizqingizni qidiring!»
Ma’ruza shunday edi. Uni o‘qib berayotgan chog‘imdayoq, boshimdan sovuq ter chiqib, tizzalarim uvishib, oyoq-qo‘lim holsizlandi. Axir bu ma’ruza boshdan-oyoq migrantlarga haqorat yoki ilojsizlikdan xorijga ketib, afsuski, jasadi qaytgan bir yurtdoshlarimiz ruhini ayblash emasmidi?!
Orada tinglovchilar o‘rtasida shovqin ko‘tarildi: «Ish topib ber!», «Qaysi kolxozing yoki tashkiloting mehnatimiz evaziga haq to‘lashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘y!», «Oqbilagoyimga o‘xshab u yoqdan bu yoqqa qog‘oz ko‘tarib yurishdan boshqasiga yaramaysan!» degan gaplar yangradi. Biroq men ularga «Aslida, bu mening ma’ruzam yoki mening dilimdagi so‘zlar bu emas!» deya olmasdim. Zero ortda ishxonam obro‘si turgandi.
Minbardan tushiboq qilingan qaror
O‘zim istamagan ma’ruzani o‘qiganim — butun umrga muhojirlik yo‘lini tanlashimga sabab bo‘ldi. Mayli, bu haqida eslashni istamayman. Biroq o‘sha chog‘da, minbardan tushiboyoq, o‘z xohishim bilan migrantlar safida bo‘lishga qaror qilgandim. 1996 yil 27 yoshimda hayo-huyt deb to‘rvaxaltamni yelkaga ortgancha «Qayerdasan, Rossiya?» deb ona yurtimni tashlab safarga ketdim.
Bolaligimda «katta quruvchi bo‘laman, arxitektor bo‘laman, baland-baland uylar quraman, o‘zim qurgan uylar tomidan xursandchilikdan baqirib, kaskamni osmonlarga otaman» degan o‘y-orzularimni tashlab ketdim. Onamni, biri ikki yashar, biri endigina tug‘ilgan farzandimni va xotinimni tashlab ketdim. Va bu yo‘lni o‘zim tanladim.
O‘zga yurtda hamqishloqning aldashi
Meni ishga chaqirgan hamqishlog‘im Sirojning yordami va uning mablag‘i evaziga noqonuniy yo‘l bilan Rossiyaga jo‘nadim va quruvchilik bo‘yicha ishga joylashdim. Qurilishda talabalikda o‘rganganim avvaliga g‘isht tashuvchi, keyin g‘isht teruvchi va keyinchalik elektrpayvandlovchi bo‘lib ishladim. Ish juda og‘ir va haddan ziyod ko‘p edi. Tushlikni ham ko‘pincha ish ustida o‘tkazardik. O‘sha paytlarda qo‘l telefonlarimiz bo‘lmagani uchun oilam bilan bir yoki ikki oyda zo‘rg‘a gaplashib turardik.
Taxminan, uch-to‘rt oycha ishlab Sirojdan olgan qarzlarimni to‘ladim. Lekin shundan keyin u meni deyarli tanimay qo‘ydi. Oylik maoshlarimizni to‘liq to‘lamas, va’da qilingan mablag‘ning yarmini ham bermasdi. Yashash joyimiz esa bir uyning yerto‘lasida joylashgan bo‘lib, zax, qorong‘i va badbo‘y edi. Yetmagandek, qor va yomg‘ir suvlarining ham sizib kirishi yerto‘laning badbo‘yligini battar oshirardi. Pulni iqtisod qilish uchun esa to‘yib ovqatlanmas ham edik.
To‘rt oycha ishladim. Sog‘lig‘imda nuqson sezdim. Ahvolim kundan kun og‘irlashib, madorim quriy boshladi. Maoshimni esa Siroj bilan janjallashib olishimga to‘g‘ri keldi. U hamma mehnat haqlarimni to‘ladi, ammo endi qoramni ko‘rsatmay, uning «territoriya»sidan tuyog‘imni shiqillatishimni aytdi. Na iloj ketdim. Issig‘im bor holatda amallab Rossiya banklaridan biridan oilamga yaxshigina pul jo‘natdim. Ko‘nglim biroz xotirjam bo‘ldi, biroq bank eshigidan nariga chiqa olmadim, sog‘ligim yomonlashib, o‘zimni boshqarolmay qoldim, yiqilib tushganimni eslayman.
Mehribon inson
O‘shanda meni rus millatiga mansub Sergey Petrov degan mutlaqo begona kishi kasalxonaga olib kelgan ekan. Gepatit C bilan kasallanibman. Petrov kunora mendan xabar oldi, davolanish pullarini o‘zim to‘layotgan bo‘lsam-da, men bilan xuddi yaqinlarimdek muomalada bo‘ldi. Hali Rossiyaga ishga kelganimga bir yil bo‘lmagan, rus tilida ham, deyarli, so‘zlasha olmayman, shunga qaramay bir-birimizni tushundik. Oradan bir oylar o‘tib, u meni kasalxonadan to‘g‘ri o‘z yashash uyiga olib keldi. Yolg‘iz yasharkan. To‘la oyoqqa turib ketganimdan so‘ng ish topishimga ham ko‘maklashdi. Boshimni siladi.
Katta do‘konlardan biriga qorovul bo‘lib ishga kirdim. Yaxshigina maosh va eng asosiysi uni vaqtida to‘lashardi. Qishloqda o‘sgan bolaman-da yerni, yashillikni yaxshi ko‘raman. Bo‘sh vaqtlarimda do‘kon atrofidagi tashlandiq bir bog‘ning gul va daraxtlarini ham parvarishlardim. Yashnab ketgan bog‘ni ko‘rgan do‘kondor maoshimni ikki hissaga oshirdi. Qo‘limdan payvandlovchilik ham kelishini bilgach, bog‘ atrofini temir panjara bilan o‘rab, kichik-kichik favvoralar ham o‘rnatish kerakligini bildirdi.
Oilamni, o‘zimni oyoqqa turg‘izish uchun mehnatdan qochmadim. Kecha-kunduz tinim bilmadim. Kechalari Petrovning uyiga sudralib borardim, azbaroyi kun davomidagi jismoniy mehnatdan oyoq-qo‘lim og‘rib, zirqirrab chiqardi. Lekin onam, xotinim, farzandlarim xursand. Shundan men ham mamnun edim.
Ko‘z ochib yumguncha to‘ng‘ich farzandimning sunnat to‘yi yoshiga yetib qolganini aytishdi. Topgan-tutganlarimni yig‘ib, to‘yni o‘tkazish maqsadida 1998 yilda Buxoroga keldim. Oradan ikki-uch oy o‘tgach, sovg‘a-salomlar bilan yana noqonuniy yo‘l bilan Rossiyaga — Petrov xonadoniga qaytdim. Afsuski, 73 yoshli keksa do‘stim men qaytguncha olamdan o‘tgan, qarindosh-urug‘lari ham «topilib» qolgan ekan.
O‘zingniki o‘zingni do‘pposlaydi
Ilojsizlikdan Rossiyada ishlab yurgan tumandoshim Rashid ismli yigitga «yuk» bo‘lishga majbur bo‘ldim. U meni shahar chekkasidagi, o‘rmonzorga yaqin qishloqlardan birida — ish joyimdan qariyb 70 kilometr olisda joylashgan muhojirlar yashayotgan xonadonda yashab turishimga ko‘maklasha olishini aytdi, manzil uzoq bo‘lsa-da rozi bo‘ldim. O‘zbekiston va tojikistonlik jami 11 nafar muhojir yashayotgan bitta xonaga 12-kishi bo‘lib joylashdim.
Do‘kon qorovulligini davom ettirdim, bog‘bonlik bilan ham shug‘ullandim. Topganim o‘zimga va menga ko‘z tikib turgan oilamdagilar ta’minotiga yetib turgan bo‘lsa ham yo‘l azobi toliqtirardi. O‘zim yashab turgan manzilga yaqin joydan, yana qurilish sohasidan ish topdim. Mehnati og‘ir bo‘lsa ham ish joyim ijara uyimizga yaqin, hatto biroz mizg‘ib olish imkoni bor edi. Elektrpayvandlovchi vazifasini berishdi. Qurilish sohasiga qiziqishim yuqoriligi uchun ham ishimni sidqidildan bajarardim.
Og‘ir mehnatni ko‘p qilardik, biroq to‘lovida ancha kuyib qolardik. Olti-yetti oydan, ayrimlar ikki yildan buyon to‘lanmay kelinayotgan mehnat haqlarni talab qilsa, qo‘l-oyoqlarimizga sigaretalar bosib, o‘rmonzorga olib chiqib do‘pposlashardi. Alamlisi shundaki, bular Rossiyada «ded» bo‘lib olgan o‘zimizning yurtdoshlar edi. Qiyinchiliklardan yig‘lagan, onamizni sog‘ingan, oilamizni qo‘msagan paytlarimiz ko‘p bo‘lardi.
«Vizasiz zararli kanalar»
Biz yashayotgan o‘rmonzor yaqinida joylashgan qishloqdagi xonadonlarda o‘rta osiyolik, jumladan, o‘zbekistonlik muhojirlarning ko‘pligi bois tez-tez politsiya xodimlari kelar, ular ham kamsitar va haqoratlardi.
«Bular vizasiz zararli kanalar, kapadek joyga butun avlod-ajdodi bilan tiqilib, hamma yoqni karvonsaroy qilishdi» deya o‘dag‘aylashardi. Bu fikrni hazm qilolmasak ham chidashga majbur edik. Chunki bizni ortimizdan himoyalaydigan hech kimimiz yo‘q edi.
Bunday o‘ylab qarasa, hozir ham shunday. Rossiyaning turli manzillarida og‘ir mehnat qilib, yetarlicha maosh olmayotgan, maoshini talab qilganda kaltaklanayotgan, yerto‘la-yu, temir vagonlarda yashab, sovuq kunlarda diydirab tong ottirayotganlar qanchadan-qancha.
Muhojir sariq chaqasini ham ololmay, sarson-sargardon bo‘lganda, uning ustidan kulishganda, nochor ahvolidan xabardor bo‘lib turib ham unga ko‘makka qo‘l cho‘zish choralari ko‘rilmagan holatlar sanoqsiz.
Haq-huquqsiz muhojirlar
Bilishimcha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallarining vakolatlari kengaytirilgan. Xorijiy ish beruvchilar bilan shartnomalar imzolash huquqi berilgan. Bundan tashqari, agentlik hududiy filiallarining rahbarlari — viloyat hokimlarining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchisi tayinlangan. Lekin ko‘zga ko‘rinarli natija yo‘q.
Yaqinda O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan yurtdoshlarimizning umumiy soni haqida taxminiy ma’lumotlar berildi. Eng qizig‘i, ma’lumotlar — taxminiy. Aniq emas. Unga ko‘ra, Rossiyada rasman 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik ishlamoqda. Aslida bundan ortiq norasmiy muhojirlar borligi hammamizga ayon. Afsuski, yurt iqtisodiyotiga juda katta salmoqli hissa qo‘shayotganiga qaramay o‘zbekistonlik muhojirlar haq-huquqsiz ahvolda. To‘g‘ri, keyingi yillarda migratsiya agentligi, elchixonalar muhojirlarga yordam berishga harakat qilyapti, ammo harakatlar sust va himoyalar juda kam.
Ishonasizmi, bugungi kunda Rossiya politsiyasi va muhojirlar qarama-qarshiligi odatiy tusga kirib qolgan. Ular mehnat muhojirlarining hujjatlarini tekshirish chog‘ida o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘ladi, jabr yetkazadi. Muhojirligini bilib, uzoq yillar davomida ularni bilib, tanib ham, hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, vaqtini oladi, idorasiga olib boradi. Shu sabab o‘z ishiga vaqtida yetib borolmay, ishidan ayrilganlar talaygina. Eng qizig‘i, politsiyachilar hozir metrolar oldida xuddi poylab turadigan odat chiqargan. Muhojirlarni «vaqtimni olmang, kelishamiz» deyishga ko‘niktirishgan. 100–150 rubl yoki bir quti sigaretani cho‘ntagiga solib qo‘yishimizga ishora qilishadi. Nachora?!
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonga kelib ishlaydigan muhojirlar kamsitilmaydi. U xoh lavozimdor, xoh oddiy ishchi bo‘lsin, izzati joyiga qo‘yiladi. Mehnat sharoitlari yaratilgan. Muhojirlarga tarjimonlar xizmati jalb etiladi, maxsus oshxonalarda ovqatlantirishadi, yotoqxonalar bilan ta’minlashadi. Sababi esa ularning haq-huquqlari ortida turgan mamlakati tomonidan himoyalanadi.
Biroq bilsangiz kerak, o‘zimizda bir nechta «xorijda ish bilan ta’minlovchi» xususiy agentliklar o‘z hamyonini to‘ldirishga to‘ldirib, ish bilan ta’minlashga kelganda o‘zini panaga oldi. Natija ular jinoiy javobgarlikka tortildi. Raqobatbardosh kasblarga tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilgan kasb-hunar kollejlari uchun sarflangan milliardlab mablag‘lar ko‘kka sovurildi. Eng qizig‘i, minbarlarda turib, fuqaroning mehnat haqi olgunicha kredit ajratish orqali «himoya qilish»ga shay ko‘zbo‘yamachi ma’ruzalar hali-hanuz davom etmoqda.
Fuqarolarning ishga joylashib, maosh olgungacha yo‘l haqi, patent olish hamda hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash xarajatlari uchun 10 million so‘mgacha past stavkada ajratiladigan kreditlar o‘rnida xorijga ishlashga jo‘nayotgan yurtdoshlarimiz uchun hech bo‘lmasa, aviachiptalar narxini arzonroq qilish kerakmasmikin? Ro‘zg‘or tebratish maqsadida begona yurtga ishlashga ketayotgan fuqaroning o‘zi bilan katta qarzni ham yelkalab ketayotgani judayam og‘riqli. Bu qarzni qaytarish uchun chekiladigan zahmat, mashaqqatning o‘zi bo‘lmaydi.
Vatanga qaytish
O‘quvchilik yillarimizda sevimli xonandamiz Sherali Jo‘rayevning «Zamon, zamon, bizning zamon, davron bizniki, Qo‘limizda yer-u osmon, imkon bizniki...» qo‘shig‘ini to‘lqinlanib tinglardik. Bu qo‘shiq bizni yashashga, yaratuvchanlikka chorlardi. Zamon ham, davron ham bizniki, deb g‘oz yurardik. Shu qo‘shiqni tinglab ulg‘aygan zamondosh yigitlarimizning qancha-qanchasi yaxshi yashash ilinjida xorijlarda sargardon kezmoqda. Muhojirlar muammolari vaqt g‘animatida hal etilmasa, turli ko‘ngilsiz oqibatlarning achchiq saboqlarini o‘zimiz tortishda davom etamiz.
Muhojirlarga ko‘mak, e’tibor zarur. Odamlarning ish bilan bandligini oshirish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar esa hozircha dengizdan tomchi, xolos. Bu ko‘plarni muhojir bo‘lib turli xorij davlatlarida sargardon kezishdan saqlab, ularning qadr-qimmati, haq-huquqlarini himoya qilgan bo‘lardi. Hozir bu satrlarni o‘qiyotgan o‘quvchi, ehtimol, meni «ezma chol» deya atar, ammo 26 yil muhojirlik toshini yelkalab yurganim uchun buning ham o‘zi bo‘lmasligini, oson emasligini yaxshi tushunaman.
O‘ylab qarasam, 27 yoshimda muhojirlik to‘nini kiygan ekanman. Sochlarim oqardi. Yelkalarim keksalikka cho‘kdi. Hayotimning 26 yilini Rossiyaning sovuq qahratonlarida o‘tkazdim. To‘g‘ri, pul topdim, boylik orttirdim. Oilam farovon, to‘q. Uy-joy, mashina, hovli-joy, degandek. Shukrki, onajonim hayot, ayolim diyonatli. Farzandlarim uyli-joyli. Ular istaganda ham farzandlarimni xorijda ishlatmadim.
Ular O‘zbekistonda o‘qib, shu yerda ishli bo‘ldi. Hayotda o‘rinlarini topdi. O‘zim esa... sog‘ligimdan ayrildim. Muhojirlikda yomonni uchratdim, yaxshiga duch keldim. Xo‘rlandim. Kaltaklandim. Kamsitildim. Yurtga qaytish uchun yo‘lkiraga pul topolmagan kezlarim ham bo‘ldi. Ammo sabr qildim. Toki soxta ma’ruzalar o‘qib, o‘z yurtdoshlaring ustidan kulgandan ko‘ra, muhojirlar qatorida turganing afzal. Bilmadim, ayni navqiron chog‘imda minbarda o‘zim istamagan birgina ma’ruzani o‘qishga chorlashgani meni umr bo‘yi muhojirlikda yashashga undadi.
Xudo xohlasa, 2022 yilni Buxoroda — o‘z tug‘ilgan go‘shamda qarshilash niyatidaman. Va shu bilan Rossiyani butun umrga tark etaman.
Muallif: Laylo Hayitova
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi