2 538
O‘zbekistonliklar deputat Alisher Qodirovning Rasul Kusherbayevga aytgan gapiga qanday munosabat bildirdi?
Oliy Majlis qonunchilik palatasining 21 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida «Elektron dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda deputatlar Rasul Kusherbayev hamda Alisher Qodirov o‘rtasida tortishuv yuz berdi.
Kusherbayev qonun loyihasi bo‘yicha e’tiroz bildirgan Qodirovga qonunni o‘qimaginini aytdi. Alisher Qodirov esa qonunni o‘qiganini tushuntirib, jumladan, shunday dedi: «Qonunni o‘qidim. Lo‘lichilik qilmang, eshiting gapimni. Savolga javob berish uchun chiqdingiz bu yerga. Siz savolga javob bering. Texnikmisiz, IT’ni tushunasizmi? Elektron ma’lumot nima ekanini tushunasizmi? Hech nimani tushunmaysiz. Bitta savolga ham javob bera olganingiz yo‘q».
O‘zbekistonliklar deputat Alisher Qodirovning Rasul Kusherbayevga aytgan gapiga qanday munosabat bildirdi? «Daryo» jamoatchilik tomonidan aytilgan fikrlarni bir joyga to‘pladi.
«Rasul Kusherboyev barcha deputatlar, xususan, Alisher Qodirov bilan ham o‘zaro do‘stona aloqada»
Bugun bo‘lib o‘tgan Yalpi majlisda ayni paytda muhokamada bo‘lib turgan «Elektron dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan Alisher Qodirov va Rasul Kusherboyev o‘rtasida bahs vujudga keldi. Parlamentda bunday munozaralar tez-tez, ko‘plab qonun loyihalarida bo‘ladi va shundoq bo‘lishi ham kerakda o‘zi.
Parlament qarashlar va g‘oyalar xilma-xiligi asosida faoliyat yuritadi, rivojlanadi. Yalpi majlis shuning uchun ham kerak. Chunki, qonun loyihasi tegishli qo‘mitada tayyorlanib, yalpi majlisda muhokama qilinishidan murod ham ma’lum kamchilik yoki noaniqliklar o‘tib ketishining oldini olish. Bu normal holat va parlamentdagi doimiy ishchi jarayon.
Bu holat parlament quyi palatasida ichki muhit yomonligini, xalq vakillari o‘rtasidagi munosabatlar darz ketganini anglatmaydi. Masalani shunday talqin qilayotganlar, gap bunday. Siz qonun ijodkorligi jarayoni haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lmay turib, noto‘g‘ri mulohaza yuritayapsiz. Rasul Kusherboyev taqdim qilgan qonun loyihasi bo‘yicha muhokamada so‘zga chiqqan va e’tiroz bildirgan barcha deputatlar, xususan, Alisher Qodirov bilan ham o‘zaro do‘stona aloqada.
Odiljon Tojiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari
«Bunday iboralarni ishlatishdan qochishimiz kerak»
To‘laqonli xolislik bo‘lishi uchun qo‘shimchasiga aytib qo‘yay, Alisher Qodirovning yurtimizda ham ko‘pchilikni tashkil etadigan millatga nisbatan hurmatsizlik ma’nosini uyg‘otuvchi iborani ishlatgani noto‘g‘ri bo‘ldi. Imkon qadar bunday iboralarni ishlatishdan barchamiz qochishimiz kerak.
Xushnudbek Xudoyberdiyev, bloger
«Irqiy to‘siqlar mavjudligi har qanday insoniy jamiyat ideallariga zid»
1963 yil 20 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1904/XVSH/rezolyutsiyasi (Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida) qabul qilingan. O‘zbekiston bu hujjatni tan oladi. Irqiy tafovutga asoslangan har qanday ustunlik nazariyasi ilmiy jihatdan soxtaligi, ma’naviy jihatdan nomunosibligi va ijtimoiy jihatdan adolatsiz va xavfliligi hamda irqiy kamsitishni qayerda bo‘lmasin xoh nazariyada, xoh amaliyotda-oqlab bo‘lmasligiga ishonch hosil qilingan.
Odamlarni irqi, tana rangi yoki etnik kelib chiqish belgisi bo‘yicha kamsitish millatlar o‘rtasida do‘stona va ahil munosabatlarga to‘siq bo‘lishini hamda xalqlar o‘rtasida tinchlik va xavfsizlik, shuningdek ayni bir davlat ichida shaxslarning uyg‘un tinch-totuv yashashi buzilishiga olib kelishi mumkin. Irqiy to‘siqlar mavjudligi har qanday insoniy jamiyat ideallariga zid.
Yana bir holat bor, men deputatimiz Kusherbayev bilan bog‘lanib, oldinroq Milliy tiklanish partiyasi fraksiyasida bu hujjatga qanday munosabat qilgandi deb so‘radim. Rasul aka «hujjatni Milliy Tiklanish partiyasi qo‘llab-quvvatlagan. Qodirovning imzosi bilan rozilik xati ham turibdi. Chiqib hujjatni o‘zim o‘qiyotganimni ko‘rgan Qodirov o‘sha yerda o‘zgarib qolgani menga qiziq tuyuldi, rosti» deb aytdi.
Shuningdek, Qodirov Kusherbayevni nima uchun ozodliksevar deb sarkazm qilganiga izoh berishi kerak. Bu sarkazm o‘z-o‘zidan Qodirovni qulliksevar degan nomda atalishiga chorlamaydimi? Deputatlar Oliy rahbariyat hamda ijro hokimiyatidan ozod bo‘lsa, buning nimasi yomon? Va yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni so‘rashimiz kerakki, Milliy tiklanish yetakchisi Qodirov haqoratli iborasi uchun ozchilik lo‘lilardan uzr so‘rashi shart!
Zafarbek Solijonov, bloger
«Rasmiylarimizga keyingi safar bunday jumlalarga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilamiz»
Alisher Qodirov Rasul Kusherbayev bilan bahsda liberallar vakilining o‘zini salbiy tutayotganiga urg‘u berib «lo‘lichilik» deya baholadi.
Aslida «lo‘lichilik qilma», «g‘irt lo‘li bo‘lib ketibsan» kabi iboralar bu g‘irt bir qatlamni irqiy kamsitish hisoblanadi. Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiyada lo‘li/rumalarga nisbatan kamsitish taqiqlangan.
Yuqori minbarlarda rasmiylarimizga, vakillik organidagilarga keyingi safar bunday jumlalarga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilamiz.
Bahodir Ahmedov, bloger
«Xayp va muhokamalar ‘Lo‘lilik qilmang’ iborasiga qaratilmasdan, o‘sha kiritilayotgan qonunni muhokama qilishimiz kerak»
Bugun parlamentda Rasul Kusherbayev va Alisher Qodirov o‘rtasida baxs yuzaga kelganini barcha ko‘rdi. Xolis kuzatuvchi sifatida fikrlarimni bildirib o‘tmoqchiman.
Ushbu sohani yaxshi tushunadigan va o‘zi nima deyayotganini anglab yetuvchi blogerlardan biri Xushnudbek shunday demoqda: «Qonun loyihasi matni yuridik jihatdan puxta emas, shu sababli ertaga amaliyotda tergovchilar bu lazeykali qonundan foydalanib, mansabdor shaxslarning telefon va kompyuterlarini bemalol titkilay oladigan bo‘lib qoladi. Amaliyotda buni birorta deputat nazorat qilib berolmaydi, qo‘lidan kelmaydi».
Demak, vaziyat qanchalik paradoksal bo‘lmasin o‘ng konservator Alisher Qodirov ushbu qonun liberal bo‘lishini istamoqda, Rasul Kusherbayev esa o‘zi Liberal partiyadan bo‘la turib bunga qarshi chiqmoqda. Rasulning partiyadoshi Doniyor ham bu masalada Rasul bilan hamfikr emas.
Siloviklarga yaqinligi aytiladigan konservator Qodirov siloviklarning manfaatiga xizmat qiluvchi qonunga qarshi chiqmoqda, «Buntar» Rasul aka esa bunga za bo‘lmoqda.
Nimalar bo‘lyapti o‘zi O‘zbekistonda?
Endi mindeyee opqarasak, odam kim bo‘lishidan qat’iy nazar uning shaxsiy yozishmalarini o‘qish huquqi sud qarorisiz birovga berilmasligi kerak. Amaldoram mansabdoram birinchi o‘rinda fuqarodir.
Masalan, biror zam vazirning o‘ynashi yoki ikkinchi xotini (xaligi opaga salom) bor. Shaxsiy hayoti, bilgan kuyini chalsin. Ammo shu narsa sababli unga nisbatan kompromat paydo bo‘lib shantaj orqali lobbi qilinish ham kafolatlanmagan.
Xayp va muhokamalar Qodirovning tilidan chiqqan «Lo‘lilik qilmang» iborasiga qaratilmasdan o‘sha kiritilayotgan qonunni muhokama qilishimiz kerak. Asosiy masala doimgidek orqa planda qolib ketmasligi kerak. Silovoy blokning vliyaniyasi xaddan ortiq oshib ketsa bu yaxshilikka olib kelmaydi.
Nurbek Alimov, bloger
«Xalqsevar deputatga boshqa bir deputatning munosabati»
Xalq vakillari elektron dalil masalasidagi qonun normasi bo‘yicha tortishib qolishdi. «Lo‘lichilik qilmang!» Bu deputat gapi. Bu so‘zlar O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan bir millat vakillarini kamsitish ekanligini deputat janoblari bilarmikan? Umuman, tilimizdan milliy, irqiy va diniy kamsitishlarni nazarda tutuvchi so‘zlardan voz kechish vaqti kelmadimikan?
Saidbek Zakirov, bloger
«Janob Qodirov lo‘li millati vakillaridan ommaviy uzr so‘rashlari kerak»
«Lo‘lichilik qilmang». Deputat Rasul Kusherbayev va Alisher Qodirov elektron dalil masalasidagi qonun normasi bo‘yicha tortishib qoldi. Men tushunmay qoldim - bu yerda millatni yerga urish bo‘ldimi yoki haqiqiy millatchilikmi? Oliy Majlis deputati Alisher Qodirovning «Lo‘lichilik qilmang!», — degan so‘zlarini qanday tushunish mumkin? Menimcha, janob Qodirov lo‘li millati vakillaridan ommaviy uzr so‘rashlari kerak.
Alisher Allaqulov, bloger
Twitter tarmog‘ida ham ushbu holat bo‘yicha muhokamalar bo‘ldi:
Foto: Twitter
Keyinroq deputat Alisher Qodirovning o‘zi ham mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
«Qachondan boshlab milliy xususiyatlar haqorat bo‘lib qoldi?»
«Lo‘lichilik» degan so‘zni ishlatdim, bundan haqorat yasamoqchi bo‘lishayapdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston qahramoni Said Ahmad «Cho‘l shamollari» asarida «Komil lo‘lilik qilib birovga gap bermay bidirlar, Qo‘ziboy esa to‘ng‘illar edi», deganda, yoki Hamidaxon Ziyoxonova «Birinchi maktub» hikoyasida «Arzanda qiz maktabda ham lo‘liligi, urushqoq va beboshligi bilan nom chiqardi» degan jumlalarni ishlatganda lo‘li vatandoshlarimizni haqorat qilganmidi? Lo‘lilar bu asarlarni o‘qib, o‘zlarini kamsitilgandek his qilganlariga jiddiy shubham bor.
Har bir millatni o‘ziga xos sifatlari bo‘ladi. O‘zbeklarni «o‘zbekchilik» degan so‘z bilan xos sifatlarini aytish haqorat bo‘lmaganidek, lo‘lilarni ham ularga xos bo‘lgan xususiyatlarining nomi «lo‘lichilik»dir. Qachondan boshlab milliy xususiyatlar haqorat bo‘lib qoldi? Bu so‘zdan millatchilik yoki milliy kamsitishni izlash uchun juda qattiq g‘azabda yoki sog‘lom aqldan ayrilgan bo‘lish kerak.
Menimcha, bir so‘zdan haqorat yasamoqchi bo‘layotganlarni lo‘lilarning sha’ni emas, Jinoyat protsessual kodeksida o‘tmay qolgan «elektron dalillar» tuynugi yo‘liga qo‘yilgan to‘siq ko‘proq tashvishga solmoqda.
Men uchun inson Allohning yaratgan bandasi, oliy mavjudotdir, o‘zbekmi, rusmi, qozoqmi yoki lo‘li, farqi yo‘q. Insonni millatiga qarab emas, tarbiyasiga qarab munosabatda bo‘laman. E’tiqodimiz hatto hayvonlarga hurmat ko‘rsatishni talab qiladi.
Lekin, insonlarning ichida ham ayrimlar bor do‘st bo‘lging keladi, gaplashib to‘ymaysan, ayrimlarni do‘st deb o‘ylaysanu, yaqinroq bilib, vijdonsizligidan qaytib yuziga qaraging kelmaydi...
Lo‘li vatandoshlarni tinch qo‘ying Rasul Kusherboyev, «elektron dalillar»ingizga betaraf bo‘lishga roziman, lekin barcha deputatlar ham siz o‘ylagandek tablodagi qizil tugmaga qarab ovoz bermaydi…
Alisher Qodirov,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari,
«Milliy tiklanish» DP MK raisi
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari,
«Milliy tiklanish» DP MK raisi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi