
(ikkinchi qism)
Imidjimizni nimalar yuksaltiradi?
Dunyo ko‘z o‘ngidagi va fikratidagi o‘zbek va O‘zbekiston qiyofasi, bir tomondan, yurtimizga kelib-ketuvchi sayyohlar, shu yerda faoliyat yurituvchi xorijlik elchilar, biz bilan biznes qiluvchi tadbirkorlar orqali shakllansa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati va boshqa davlatlar bilan aloqalarda o‘zini tutishi hamda chet ellarga chiqqan va faoliyat yuritayotgan o‘zbeklar va o‘zbekistonliklarning o‘zini tutishi, xulq-atvori, aqli va ilmi orqali shakllanadi.
Bir narsani aniq bilishimiz lozimki, o‘sha O‘zbekistonga kelgan va faoliyat yuritayotgan xorijliklar bizning ustini yaltiratib, “imidji”ni kelishtirib qo‘yganimizgagina qaramaydi, hammasi go‘zal bu yurtda, deb turgan televideniyemiz va gazetalarimizgagina qarab xulosa qilmaydi. Ular avra-astarini ag‘darib ko‘radi.
Shu yerda Rumiyni eslashimiz kerak: “Bo‘lganing kabi ko‘rin va ko‘ringaning kabi bo‘l!”
Sayyohlarni aytdik. Ana shu sayyohlar uchun qurilgan salobatli mehmonxonalarda munosabatlar, xodimlarning mehmonga, mijozga muomalasi ham salobatli bo‘lishiga erishish kerak. Aeroportdan tortib to shu mehmon oyog‘i tekkan har yerda adolatli, insoniy munosabat bo‘lsa, u xalqimiz va yurtimizni e’zozlab boshlaydi.
Uning begonaligini sezib narxini uch barobar ko‘targan litsenziyasiz “kirakash”larimiz, muzeylar, qadimiy obidalar atrofida o‘ralashib, “yomon ko‘zdan himoya qiladigan” deb toshcha sotadigan munchoqfurushlar, “ishni o‘nglaydigan” – plasmassadan yasalgan “bo‘ri tishlari” tiqishtiruvchilar, o‘zimizga birga pullaydigan narsasini chet ellikka o‘n beshga pullayotgan bozorchilar orqali shakllanadi sayyohning biz haqimizdagi tasavvuri.
Agar sayyoh pulini tushirib qo‘ysa, topib olib qaytarsa bir o‘zbek, o‘sha sayyoh: “Voh, bu yurtda birovning haqidan hayiqadigan, mo‘minlar yashar ekan!” – deb ketadi. Biz tushirib qoldirgani tugul, cho‘ntagidagini ham bir yo‘lini qilib shilishga urinsak-chi?!
Mamlakat ichidagi shohdan gadogacha, katta-yu kichik hamma o‘zbeklik, o‘zbekistonlik sha’ni va nomusini o‘ylab harakat qilsagina, o‘zini tarbiyali, nomusli, vijdonli, odobli, ma’rifatli va madaniyatli inson sifatida namoyon etsagina millat va yurt imidji ijobiy bo‘ladi.
Xorijga chiqqan har bir o‘zbekistonlik o‘sha yurtda o‘zbek ekanligini va o‘zbekistonlik ekanligini har lahza yodida tutsa, birovlar bilan muomalada ham, oldi-berdida ham, biznesda ham mamlakatimiz, millatimiz va dinimiz sha’nini munosib tutsa, adolatli, halol va vijdonan o‘zini ko‘rsatsa, shunda o‘sha chet elda O‘zbekiston va o‘zbek imidji yaxshilanadi.
Davlat o‘z xalqining insoniy huquq va erkinliklarini himoya qilsa, sudlar adolatli bo‘lsa, huquqni himoya qilish idoralarining o‘zidan xalqni himoya qilishga to‘g‘ri kelmasa, mehnatkash xalqning mulkiy huquqlari muhofaza qilinsa, xalqning arzu dodiga quloq solinsa, siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar ta’minlansa, o‘shanda O‘zbekistonning dunyodagi imidji yuksaladi.
Laganbardorlikka, madhiyabozlikka to‘la gazeta va jurnallar, olqishlardan iborat televideniye va radio – O‘zbekistonning imidjini ko‘tarmaydi. Yetmish yillik madhiyabozlik SSSRning dunyodagi obro‘sini oshirmadi, chorak asrlik O‘zbekistondagi matbuotning maddohligi davlat obro‘sini ko‘tarmadi, aksincha barcha reytinglarda eng oxirida yurdik. Zero, maqtovga liq to‘la ommaviy axborot vositalari davlatning qudratini emas, riyokorligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistondagi kamchilik va muammolarning oshkor etilishi uning xalqaro obro‘siga putur yetkazadi, deb o‘ylaydigan kaltafahmlar ham hanuz topiladi. Aksincha, bugun O‘zbekistonning dunyoda imidji ozroq yaxshilangan bo‘lsa, bu so‘z erkinligi paydo bo‘lganligi, matbuotda tanqid ham joy topib, muammolar muhokama etila boshlangani uchundir. Hokimiyat xalq qabulxonalari ochib, odamlarning muammolarini hech bo‘lmasa tinglay boshlagani uchundir.
O‘zbekistonni – ochiq davlat, o‘zbeklarni muammolarni oshkor aytib, nchsa boshlagan xalq deb bilganlari uchundir. Yana amaldorning og‘ziga termulib mute bo‘lib o‘tirsak, madhiyabozlik, yaltoqilik qilsak, dunyo bir “xunasa” deb biladi, xolos.Yuzlab ko‘zlarning ostida, jamoat nazorati kuzatuvida ishlaydigan davlat mas’uliyatli bo‘ladi. Xolis haqiqatlar yashirilsa, hali yo‘q yutuqlar yanada oshirib-toshirilsa, nuqsonlar berkitilsa, rahbarlarda “ishlar zo‘r ketayotgani”, fuqarolar “rahbarlardan rozi” ekani haqida xom-xayollar paydo bo‘ladi. Korrupsiya urchib ketadi. Hokimiyat va xalq o‘rtasida bo‘shliq paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston xaqida kamchiliklar yozilsa, internetgacha yetib borsa, bu “mamlakatning obro‘sini to‘kadi”, “imidjini pasaytiradi”, degan qarash noto‘g‘ridir. Deylik, Angliya matbuoti bosh vazirini va amaldorlarini tinmay tanqid qiladi, Buyuk Britaniyaning imidji bu bilan tushgani yo‘q. Yoki Amerika matbuoti AQSH Prezidenti Donald Trampning siyosatining u yoki bu qirralarini tinimsiz tanqid ostiga oladi, ammo bu Amerikaning obro‘sini tushirmaydi, aksincha adolatli, farovon va halol tuzum sifatida tasavvurimizni kuchaytiradi.
Darhaqiqat, tanqid borligi uchun adolat qilinishiga majbur va adolat borligi uchun farovonlik barqarordir, chunki haqiqat aytilgan yerda amaldorlarning o‘g‘riligi oson emas, o‘g‘rilik qilinmaydigan tuzumda esa farovonlik bordir. Bu bugun demokratik dunyoda qaror topgan sinoatni hatto o‘z davrining bosh vaziri Alisher Navoiy ham bilar edi: “Shahikim, adl unda bunyod bo‘lur, eli shod, yurti obod bo‘lur”, - deb yozgandi. Haqiqat, halollik, adolat obodlik va farovonlikning asosi ekanini ta’kidlagan edi Navoiy Hazratimiz.
Bugun har odamning qo‘lida global tarmoqqa ulangan telefon bor va har bir inson onlayn tarzda ko‘rganini yozishi va suratga olishi hamda dunyo bilan bo‘lishishi mumkin. Hozir bu jarayonlarga aloqa provayderlar orqali ekani uchun biroz to‘siq o‘rnatsak, yurt ichida tanqidga yo‘l berilmasa, ular xorij matbuotiga yetadi va o‘sha haqiqatlarni xorijiy kanallar va tarmoqlar gapiraveradi. Shu kunlarda samoga ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlar olib chiqilmoqda, ertaga ular butun yer yuziga tekin internetni ulaydi. Insonlar pul ham to‘lamasdan, tekin va to‘siqsiz internetga ega bo‘ladi, demakki, endi blok qilishning ham imkoni qolmaydi. Shuning uchun haqiqatga ko‘nikish kerak, uni tinglashga tayyor turish lozim.
Karim BAHRIYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Manba: Azon.uz
O‘zbekiston ImidjiSayyohlar UchunXorijlik ElchilarO‘zbekistonliklarInsoniy MunosabatO‘zbekistonning Obro‘si O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar