date
views 2 091

O‘zbekiston imidji: “Turk tadbirkorlari oldida “qovun tushirgan” hokim...”

O‘zbekiston imidji: “Turk tadbirkorlari oldida “qovun tushirgan” hokim...”
(uchinchi qism)

Imidjni nimalar pasaytiradi?

Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirishi, unga ta’sir ko‘rsatishi va bir qadar boshqarishi mumkin. Media hatto siyosatchilar va davlat imidjiga ham ta’sir ko‘rsata oladi. Lekin medianing ta’sirini asosiy va yagona omil deb tushunish, matbuotning yurt imidjiga ta’sirini xaddan ziyod yuksak deb bilish noo‘rindir.

Dunyoning O‘zbekiston haqidagi tasavvuri faqat gazeta va jurnallarni o‘qib, internetni ko‘rib shakllanmaydi. Ayniqsa hammasini bo‘yab-bejab, pardozlab yozadigan va ko‘rsatadigan maddoh matbuotimizni chet el tugul, hatto o‘zimizning o‘quvchi ham o‘qiyotgani yoki ko‘ryotgani yo‘q. Hamma birozgina haqiqatlar yozilayotgan internetni o‘qish va ko‘rish uchun telefoniga termulgan.

Chet elliklar matbuotdan tashqari qilayotgan ishlarimizga, siyosatimizga, iqtisodimizga, o‘zboshimcha hokimlarimizga, sudlarda chiqarayotgan hukmlarimizga qaraydi, qop-qop gapirayotgan gaplarimizga emas, bu gaplarga amal qilish-qilmasligimizga nazar soladi.

Tanqid qilgan jurnalist imidjni tushirmaydi, maqtovchi “jurnalist“ “yangi islohotlar”, “mulk huquqi kafolatlangani”, “adolatli jamiyat” haqida yozib turganda, yerni undan olib bunga sotayotganda lop etib pora bilan qo‘lga tushadigan hokimlar, ikki og‘iz tanqid qilgan blogerni darrov ikki soatda sudlab, jazo tayinlagan, ammo jurnalistlarni “itning bolasi”, butun bir tuman ahlini “haromi”lar degan mansabdorlar buzadi. Obro‘yimizni dunyoga “so‘z erkinligi bizda kafolatlagan”, “ommaviy axborot vositalari masalasida orqaga qaytish bo‘lmaydi”, - deb jar solayotganimizda ikki og‘iz so‘zni telegrammga yozgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan saytdan xabar ko‘chirib bosgan muharrirlarni kechasi uyidan olib chiqib ketib, bolali ayol jurnalistlarni tungi uchgacha prokuraturada “profilaktik suhbat” qilish uchun olib so‘roq qilganlar imidjimizni tushiradi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi, muhtaram Alisher A’zamxo‘jayevning intervyusini o‘qing: diplomatlarimiz turkiyalik sarmoyador, katta tadbirkorlarni elchixonaga yig‘ib: “O‘zbekistonda yangi islohotlar boryapti”, “mulkingiz va sarmoyangiz himoyalanadi”, “mamlakatda qonun ustuvorligi o‘rnatildi”, - deb imidjimizga ko‘tarib turgan bir paytda, Turkiyaga kelgan O‘zbekistondagi tuman, shahar hokimlaridan biri: “Ha, biz hamma sharoitlarni sarmoyadorlarga yaratamiz, keling, viloyat xaritasini oldingizga qo‘yamiz, barmog‘ingizni o‘zingizga yoqqan joyga qo‘ysangiz – o‘sha joyni sizga olib beramiz”, - debdi.

Turk biznesmenlari hayron: “O‘sha yerning egasi-chi?! Mulkdori-chi?! Mulkning himoyasi-chi?! Bugun uning yerini bizga tortib olib bergan hokim, ertaga bizning biznesimizni tortib olmasligiga kafolat bormi?!”.

Bir tomonda “fermerda yerning egasi tuyg‘usini shakllantirish”, “mulk huquqini kuchaytirish” haqida so‘zlab, bugun fermerga 50 yilga berilgan yerni bir yil o‘tmay “optimallashtirish” deb tortib olayotgan va boshqa fermerga berayotgan va yana ikki yildan keyin shu yerni “restrukturizatsiya” bahona olib qo‘yib, yana boshqasiga (albatta, beg‘araz, tekinga emas) qayta pullayotganlar, xabarlar tasmasiga qaraganda kunda va kunora yer berish tufayli pora bilan qo‘lga tushayotganlar imidjimizni tushiradi. Bu haqda yozayotgan jurnalistlar emas.

Bizdagi matbuot bo‘g‘ilsa, buni chetdagi matbuot yozaveradi.

Imidjimizni ko‘tarish uchun buyuk tariximiz va ajdodlarimizni o‘rganishimiz va targ‘ib qilishimiz kerak. Shu bilan birga, o‘zimiz ham shu boblarga munosib bo‘litshimiz kerak. Haq uchun dorga tortilgan Mashrabimiz, yurt uchun jon fido etgan sarbadorlarimiz, erk uchun kurashgan Qodiriy va Cho‘lponimiz bor. Bugun esa ozroq tanqid yozgan “yangi jadid”larimizni ko‘zini qshrqitsak, imidj bo‘ladimi?!

Karim BAHRIYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston imidji: “Turk tadbirkorlari oldida “qovun tushirgan” hokim...”