
(to‘rtinchi qism)
Darhaqiqat...
Mamlakatimizda kechayotgan, Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar O‘zbekistonning jozibadorligini bir qadar oshirdi. Jahon banki banki bizni dunyoda tadbirkorlikka madad berish bo‘yicha ulkan islohotlar o‘tkazayotgan 20 davlat qatoriga kiritdi. Britaniyaning "Economist Intelligence Unit" (EIU) tatqiqot tashkiloti Demokratiya indeksida yuqorilaganimizni ko‘rsatdi. 2019 yilda 15 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun muzokaralar boshlandi.
Shu bilan birga, anglashimiz kerakki, xorijiy sarmoyadorlarga va dunyoga taqdim etayotgan obrazimiz mavjud siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy realligimizga monand bo‘ladi. Sarmoyador faqat reytinglarga va televizorga qarab qaror qabul qilmaydi.
Sarmoyador qarasa, nimani ko‘radi? Bozor iqtisodida raqobat iqtisodda davlat ishtiroki kam bo‘lgan joyda yuzaga keladi. Biz imidj uchun yuzaki o‘zgarishlar qilib, hatto strategik bo‘lmagan o‘rinlarda ham davlat monopoliyasini saqlab o‘tiraversak, davlatning iqtisoddagi ulushi yuqoriligicha qolsa va har lahza hokimiyat va hokim tomonidan mulkning tortib olinishi xavfi saqlansa, katta biznes monopol holatidan voz kechmasa, kichik va o‘rta biznes “yashirin iqtisod” zonasidan chiqmaydi va bu yerga sarmoyador kelmaydi.
Darvoqe...
Jurnalistlar imidjni yuksaltirish uchun faqat mavjud holatni birozgina bo‘yashi yoki ko‘tarinkiroq usulda yozishi mumkin. Asosiy narsa real voqeligimizdir. Agar islohotlarimiz izchil bo‘lsa, ishlarimiz halol va odil bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurashda chinakamiga yutuqlarimiz bo‘lsa, bularni ko‘rsatish orqali imidjimizni ko‘tarishimiz mumkin. Lekin qilayotgan ishlarimiz maqtagulik bo‘lmasa, jurnalistlar bu imidjni ko‘tarib berolmaydi. Borini biroz oshirishi mumkin jurnalistlar, lekin amaldor pora olib tursa, monopolist mashinasini qimmat qilib tursa, chimkentlik samolyotiga Turkiyaga yarim narxda uchib tursa-yu, o‘zbek poytaxtidan xuddi shu xil samolyotda ikki barobar qimmatga uchsa, jurnalist bunaqangi ahvolda imidjni ko‘tarib berolmaydi.
Islom Karimov davrida aytilgan bir latifa bizga malol kelardi, lekin unda muayyan haqiqat bor edi. Islom Karimov maqtanib: “Mashina zavod qurdik – har bir uyda bittadan mashina bo‘ladi”, - desa, Nursulton Nazarboyev: “Bizda har bir qozoqning uyida bittadan o‘zbek mardikor bor” – degan ekan. Bir yarim million o‘zbek qozoqlarda, uch-to‘rt million o‘zbek Rossiyada mardikorlik qiladi... Imidj haqida o‘ylaganda dunyo ko‘rib turgan bu omillarni ham o‘ylash lozim.
Dunyoga “farovon va adolatli” “qonun va so‘z erkinligi ustuvor” bo‘lib ko‘rinish boshqa, aslida shunday bo‘lish boshqadir, mehnattalab, zahmattalab, butun millat yaxlit ishlashi kerak bo‘lgan yumushdir.
O‘zbekistonning jozibasi har bir insonda o‘ziga xos shakllanadi, masalan, sayohatchi mamlakatdagi xavfsizlikka, mehmonxona va taomxonalardagi xizmat sifatiga, aeroport va bojxonachilarning muomalasiga, ko‘chalardagi va jamoat joylaridagi tahoratxonalarning ahvoliga, tarixiy yodgorliklarimizning qanday saqlanganligiga qaraydi. Chet ellik ilm ahli arxivlarimiz va kutubxonalarimizning holatiga, axborot olish imkonlariga e’tibor beradi. Bizga kelmoqchi bo‘lgan sarmoyador biznesning shaffofligiga, mulkning himoyalanganligiga, korrupsiyaning jilovlangan-jilovlanmaganligiga, qonunning ustuvorligiga, sudlarning xolis hukm chiqara olishiga nazar soladi.
Har bir o‘zbekistonlik inson – O‘zbekiston imidjining o‘ta muhim komponentidir, chunki imidj – xoh u oddiy mehnatkash insonimiz, xoh amaldorimiz, xoh hukmbardor sudyamiz bo‘lsin – insonlar orqali shakllanadi. Agar hamma o‘z joyida qilayotgan harakati yoki harakatsizligi yurt va millat imidjiga aloqadorligini his qilsa, O‘zbekistonning imidji yaxshilanadi. Aks holda imidjimiz bo‘lmaydi yoki salbiy bo‘ladi.
Imidjsiz mamlakat dunyo hamjamiyatining safiga kira olmaydi, xorijiy sarmoyalarni jalb etolmaydi. Dunyo bizga shunga qarab muomala qiladi. Mana, o‘zimiz ham biror ashyomiz buzilsa: “Xitoyda qilingan-da” deymiz, yangi osiyo avtomashinasidan ko‘ra eski “Mersedes” olgan yaxshiligiga aminmiz, chunki xitoyning arzon va sifatsiz narsa yasovchi imidji bo‘lsa, nemislarning istalgan texnikani mustahkam va pishiq qilishi ham ongimizga singigan. Ijobiy imidj iqtisodiy samara ham keltiradi, demak.
Bizga yasama imidj emas, ob’ektiv joziba kerak.
Imidj yaratiladi, yasalmaydi.
Dunyo so‘zga emas, amalga va ishga qaraydi.
Bu haqiqatni anglab olishimiz muhimdir.
Karim BAHRIYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Manba: Azon.uz
O‘zbekiston ImidjiXorijiy SarmoyadorlarBozor IqtisodiKorrupsiyaga QarshiJamoat JoylariTarixiy Yodgorliklar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar