
Mubashshir Ahmad domlaning efirini ko‘rdim, bir kishining fikrlariga raddiyalari ekan. O‘sha postni topib o‘qidim. Undan qilgan qisqacha xulosam: “qariyalar uyi yomon joy emas, u yerga borishdan qo‘rqmaslik kerak”.
Bu fikrni qabul qilolmadim.
Har qanday kishilik jamiyatining asosi mehr va oqibat. Inson bir-biriga mehr ko‘rsatadi, oqibatini ko‘radi. Bu ikki jihat – eng yuksak axloqiy tuyg‘u, avvalo, oilada shakllanadi. Oila esa jamiyatning bir bo‘lagi, qismi, hujayrasi.
Oilada mehr yo‘qolsa parokandalik, begonasirash, oxir-oqibat, yovvoyilashuv yuzaga keladi. Ixtilof kuchayadi – jamiyat to‘zg‘iydi.
Xulosa shulki, inson shu mehr va oqibatni yo‘qotsa, bir-biridan nafratlanadigan, bir-biriga toqat qilolmaydigan, murosa-madorani unutgan, har soniyada portlashga tayyor kishilar jamiyatini paydo qiladi.
Bunday jamiyatlar har qancha kuch-qudratga ega bo‘lmasin, dunyo siyosatini belgilamasin halokatga, tanazzulga mahkum bo‘ladi.
Qariyalar uyida har qancha sharoitlar yaratilgan bo‘lsada odam u yerda mehrni topa olmaydi. Bundan tashqari, bir parcha etdan voyaga yetgan insonni tarbiyalagan kishiga nisbatan g‘irromlikdir (nonko‘rlik, ablahlik, pastkashlik... demadim). Bu o‘ziga xos konveyer, zanjir reaksiyasi. Bu konveyerda mehr qurbonlikka beriladi, uning mahsuloti esa mehr, diyonat, sof insoniy tuyg‘ulardan ayrilgan jamiyat.
Odam, tabiiyki, o‘z qarichi, dunyoqarashi bo‘yicha fikr yuritadi, lekin uni ommaga taqdim etishda hayo va farosat lozim.
Hozirgi zamonda, asrlar davomida insoniyat qadrlab, e’zozlab kelayotgan qadriyatlarni asta-sekin yemirish jarayoni davom etadi. Oila, nikoh, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, hayo, farosat, istihola... degan qadriyat va tushunchalarni inson zehniyatidan o‘chirishga harakatlar avj olgan. Hayvoniy mayllarga erk berishga undash targ‘iboti avjida. Avval yomon narsa ommaga taqdim etiladi, shov-shuv ko‘tariladi, bahslar avj oladi; keyin o‘sha narsa yana o‘rtaga tashlanadi, lekin bu safar reaksiya oldingidek bo‘lmaydi. Ong osti har qanday narsani oddiy qabul qila boshlaydi. Yaxshi va yomon o‘rtasida chegara qolmaydi.
Bularning hammasi insonni biologik tur sifatida yo‘q qilishga qaratilganini ilg‘ash qiyin emas (bu haqda hozir maqola yozmoqdaman, manbalarni o‘rganmoqdaman).
Biz ma’naviyat degan so‘zni rosa masxara qildik, kuldik. Lekin esimizdan chiqmasin, ma’naviy immuniteti mavjud bo‘lganlargina o‘zligini, Homo sapiens sifatida biologik barqarorligini saqlab qola oladi. Bu, jarayonlarning shu ketishi bo‘lsa, vaqt masalasi.
Baxtiyor Abdug‘afur
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar