Surxondaryoda kuchli sel oqibatida neft daryoga oqib ketdi

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan kuchli sel oqibatida vaqtinchalik dambalar yorilib, neft mahsulotlari daryo va soylarga oqib ketdi. ERIELL Group kompaniyasi tomonidan qurilgan ushbu hovuzlardagi neft aralashgan suv Boysun, Bandixon va Qumqo‘rg‘on tumanlari hududiga tarqalgan. Hozirda dambalar qayta tiklanib, neft sizib chiqishi to‘liq bartaraf etilgan hamda vaziyat doimiy nazoratga olingan. Suv xo‘jaligi tashkilotlari sel-toshqin xavfi mavjud hududlarda tunu kun navbatchilikni yo‘lga qo‘ygan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi daryoda neft oqimi kuzatilayotgani haqida maʼlumotlar tarqaldi. Ushbu vaziyatga Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot kotibi Shuhrat Suyunov rasmiy munosabat bildirdi.
Uning maʼlum qilishicha, Boysun tumani Kofrun mahallasidan oqib oʻtuvchi Xangaronsoy soyi oqimi boʻylab chap tarafda neft saqlash uchun moʻljallangan vaqtinchalik havzalar mavjud boʻlgan. Mazkur havzalar burgʻulash jarayonida yer yuzasiga chiqqan neft xomashyosi soyga sizib ketishining oldini olish maqsadida joriy yil yanvar-fevral oylarida ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tuproqdan damba barpo etish orqali tashkil qilingan. Ularda yigʻilgan neft maxsus texnik vositalar yordamida tashib chiqarilgan.
Kecha, 23 aprel kuni Boysun tumanida yuz bergan kuchli yomgʻirlar natijasida Xangaronsoy soyida suv hajmi ortib, vaqtinchalik dambalardan sel va toshqin suvlari oshib oʻtgan. Shu sababli neft aralashgan suv Bandixon tumani orqali oqib oʻtuvchi Bandixonsoyga, undan esa Qumqoʻrgʻon tumanidan oʻtuvchi Surxondaryo daryosiga quyilgan.
Oʻsha kuniyoq Kofrun mahallasi hududidagi Xangaronsoy soyida joylashgan bir nechta havza dambalari ERIELL Group kompaniyasi tomonidan qayta tiklanib, suvga neft chiqishi toʻliq bartaraf etilgani maʼlum qilindi.
Ayni paytda Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda viloyatdagi barcha suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sel-toshqin xavfi mavjud boʻlgan hududlarda nazorat kuchaytirilgan. Shuningdek, kechayu kunduz navbatchilik yoʻlga qoʻyilib, vaziyat doimiy kuzatuv ostiga olingan.





























Izohlar 0
…