Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan yetti bola vataniga qaytarildi

Rossiya hududida murakkab vaziyatda qolib ketgan 7 nafar bola O'zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Migratsiya agentligi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Novosibirsk shahrida ikki nafar o‘zbekistonlik ayol o‘z farzandlari bilan qiyin sharoitda yashab kelgan. Ulardan biri 5 nafar, ikkinchisi esa 2 nafar voyaga yetmagan bolasi bilan qolgan bo‘lib, bolalarning birortasida ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan.
Mazkur vaziyatdan xabar topgan Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan zarur choralar ko‘rilgan. Xususan, bolalarga qaytish uchun maxsus guvohnomalar rasmiylashtirilib, barcha huquqiy va tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal etilgan.
Shundan so‘ng, bolalar uchun aviachipta xarid qilinib, ular kuzatuv ostida O‘zbekistonga olib kelingan. Mutasaddilar ushbu jarayon insonparvarlik tamoyillari asosida amalga oshirilganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda bolalarning keyingi taqdiri va ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalar tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!