Banklarda Sun'iy intellekt maslahatchisi platformasi ishga tushiriladi

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan yig'ilishda bank tizimini transformatsiya qilish va hududlarda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari global ziddiyatlar kuchaygan hozirgi sharoitda rahbarlar ish uslubi va dunyoqarashini mutlaqo o'zgartirishi zarurligini ta'kidladi. Birinchi chorakdagi ijobiy ko'rsatkichlar xotirjamlikka sabab bo'lmasligi qayd etildi.
Joriy yilda banklar orqali kichik va o'rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so'm mablag' yo'naltirilmoqda. Tahlillarga ko'ra, Shirin va Uchquduq kabi hududlarda har 1 milliard so'm kredit hisobiga 17-20 tagacha ish o'rni yaratilgan bo'lsa, Uchko'prik, Piskent va Bo'stonliq tumanlarida bu ko'rsatkich bor-yo'g'i 3 tani tashkil etmoqda. Kreditlar samarali loyihalarga yo'naltirilganda qo'shimcha 36 mingta yangi ish o'rni yaratish imkoniyati mavjudligi ko'rsatib o'tildi.
Soha mas'ullariga banklarda «Sun'iy intellekt maslahatchisi» platformasini joriy etish topshirildi. Ushbu tizim tadbirkorlar uchun loyiha parametrlari, risklar va bozordagi talabni tahlil qilib, tayyor yechimlar taqdim etadi. Shuningdek, tuman darajasidagi bank xodimlarini sun'iy intellekt texnologiyalari bilan ishlashga o'qitish vazifasi belgilandi. Bu orqali kredit resurslarini eng yuqori samara beradigan loyihalarga yo'naltirish maqsad qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!