13:46 / 13.12.2022
1 445

Marhum xonanda Jasur Rafiqovning onasi bilan suhbat

Marhum xonanda Jasur Rafiqovning onasi bilan suhbat
Foto: Noila Rafiqova arxividan
«Daryo» internet nashrining YouTube'dagi kanalida sobiq «Ummon» guruhi xonandasi Jasur Rafiqov xotirasiga bag‘ishlab, onasi Noila Rafiqova bilan intervyu tashkil etildi. U suhbat davomida o‘g‘lining bolaligi, san’atga kirib kelishi va bu sohani egallashiga oila a’zolari qarshi bo‘lishgani haqida so‘zlab berdi.

— Farzandim 1991 yil 30 sentyabrda tavallud topgandi. Bolaligi hamma bolalar singari beg‘ubor o‘tgan. Mahallamizdagi 160-bog‘chaga Shohruh va Zohid bilan birga borgan. Bolalikdan ahil va inoq bo‘lib voyaga yetishdi. Kichkinaligidan san’atning odami ekanligi sezilardi. Bir kuni Shohruh bog‘chadagi bayram videosining diskini olib chiqdi. Bayramda Jasur xo‘roz rolini ijro etgan ekan. O‘sha yoshida ham rolni mas’uliyat bilan ijro etgan ekan. Oilamizda san’atkorlar bo‘lmasa-da, u qo‘shiq aytishga qiziqardi. Supurgini gitara qilib qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rardi.

Bog‘chada tarbiyachi bo‘lganim uchun o‘qituvchilik mas’uliyatini yaxshi tushunardim. Maktabda o‘qiyotganida gazetadan ustozlar haqidagi she’rni olib, Jasurdan ustoziga yod olib berishini so‘rardim. She’rlarni juda chiroyli yod olardi. Shuning uchun ham maktab tadbirlarida faol ishtirok etardi. «Ona, salla yasab bering Alisher Navoiy bo‘laman, to‘n topib bering Bobur bo‘laman», — derdi. Ba’zan jahlim chiqib «Sinfda sendan boshqa bola yo‘qmi?» deb koyib berardim. Ammo u sahnani yaxshi ko‘rgani uchun qiyinchilikka qaramay baribir rolini ijro etardi, — deydi Noila Rafiqova.

«Ummon» guruhi 2007 yili «Sokin tun» qo‘shig‘i bilan mashhurlikka erishgan. Noila Rafiqova guruhning tashkil etilgan kunlarini quyidagicha xotirlaydi.

— Qo‘shiqlarning barini Zohidning uyida yaratishardi. Bular shunchaki havaskor bo‘lib qo‘shiq aytib yurishardi. Bir kuni keldida: «Ona duo qiling, biz to‘yga ketyapmiz», dedi. «Senlarni to‘yda kim eshitardi», deb rosa kuldim. U paytlari Jasur ko‘proq qo‘shiqning rep joylarini ijro etardi. Bu yo‘nalish bizga yangilik bo‘lgani uchunmi ularning qo‘shiq aytishini hech jiddiy qabul qilmasdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay «Bekobodda konsert beramiz», deb qolishdi. Yana hayron bo‘ldim. Keyin bilsam qo‘shiqlari telefonlar orqali tarqalib, yoshlar orasida tanilishgan ekan.

O‘g‘limning san’atkor bo‘lishiga qarshi bo‘lmaganman, ammo ishonchsizlik bildirib, ustidan kulgan paytim ko‘p bo‘lgan. Chunki ular aytayotgan yo‘nalishdagi qo‘shiq biz tengi insonlar uchun yangilik edi. Biz Yulduz Usmonova, Farruh Zokirov va Nasiba Abdullayeva kabi san’atkorlarni eshitib o‘rganib qolgandik-da, — deydi Noila Rafiqova.

Jasur Rafiqov uyali telefon shoxobchasida ishlagani va nima uchun onasining tijorat bilan shug‘ullanishiga qarshi bo‘lgani haqida Noila Rafiqova quyidagilarni so‘zlab berdi.

— «Ummon» guruhining birinchi prodyuserining telefonlarga pul to‘lash shoxobchasi bor edi. Jasurni ishga olgandi. Uyimiz Yunusobodda, ishxonasi esa O‘rikzor bozori atrofida edi. Har kuni erta sahardan ishga ketardi. Unga achinib «Shu ishingni qo‘y yoki shunga o‘xshash shoxobchani yaqin atrofdan ochgin», desam «Ona birovning nonini yarimta qilmayman», deb javob bergandi. O‘shanda qiynalsak ham halol yedirib-ichirgan ekanmiz, deb rosa quvongandim.

Hamma qatori oilamizda kam-ko‘stlar bo‘lgan. Dadasi zavodda, men esa oddiy bog‘chada ishlardim. Beshta bolani oyoqqa qo‘yish oson emas. Bog‘chada ishlab yurganimda kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanib, bozorga borolmaydigan ayollarning hojatini chiqarib yurardim. Savdoni kengaytirish uchun Turkiyaga qatnayman desam birinchilardan bo‘lib Jasur qarshilik qilgandi.

«Bo‘ldi bu yog‘iga biznesni ham yig‘ishtirasiz», deganidan keyin o‘g‘lim «Ummon»chi bo‘ldi deb savdo-sotiqqa ham nuqta qo‘ygandim, — deydi Noila Rafiqova.

Noila Rafiqova 2012 yili shifokorlar o‘g‘liga bir yil qo‘shiq aytmaslikni tavsiya qilishgandi, ammo Jasur Rafiqov bunga rozi bo‘lmagani haqida aytib o‘tdi.

— 2012 yili «Ummon» guruhi tanilib, ketma-ket konsert dasturlari berib yurgan paytda o‘g‘lim «Ona negadir qo‘shiq aytsam tomog‘im qirilyapti», dedi. Ertasiga uni tanish lor shifokorga olib borsam, uni endokrinologga olib borishni tavsiya qildi. Tashxis natijalariga ko‘ra, operatsiya qilish va bir yilga qadar qo‘shiq aytmaslik lozimligini aytishdi. Ammo o‘sha vaqtda «Ummon» guruhi endi ko‘tarilib kelayotgani uchun operatsiya qildirishni istamadi.

Kamol Boboyev degan yaqin do‘sti tibbiyot oliygohida o‘qigani uchun uni juda ko‘p shifokor va tabiblarga ko‘rsatdi. «Ona so‘rilib ketibdi. Xavotir olmang», degandi. Ammo endokrinolog tanishim har ko‘rganida «Tekshirtirdingizmi, yaxshi emas-da?», — derdi.

Ahvoli yomonlashganida shu haqida o‘ylab ham qoldim. Kim bilsin, balki bo‘qoq ham sabab bo‘lgandir. Unga asabiylashish, siqilish mumkin emas ekan. Ammo hayotidagi ketma-ket zarbalar dardining uyg‘onishiga ham sabab bo‘ldimi, deb o‘ylab qolaman, — deydi Noila Rafiqova.

Jasur Rafiqovni ko‘pchilik oilali deb bilardi. Ammo onasi u to‘ydan keyin bir yil o‘tib ajrashgani haqida so‘zlab berdi.

— 2015 yili o‘g‘lim besh yil davomida gaplashib yurgan qizi bilan oila qurdi. Afsuski, ularning turmushi ko‘pga cho‘zilmadi. Bir yildan so‘ng kelin ketib qolgach, Jasur stressga tushib qoldi. Yana e’tiborini ijodga qaratib yurgandi, ba’zi odamlar yigitlar orasiga sovuqchilik tushirishdi. Yoki hamma oilali bo‘lganidan keyin moddiy jihatdan kelishmovchiliklar bo‘ldi. Zohid guruhni tark etganidan so‘ng Jasur yana tushkunlikka tushib qoldi. Bular bolalikdan birga o‘sib, bir-biriga suyanib qolgandi. Zohiddan keyin ham qo‘shiq aytishdi. Ammo baribir uchlikdagi ijod boshqacha edi. Keyin ibodatga tushganidan keyin san’atdan ko‘ngli sovidi.

«Ona bir kun o‘lsam narigi dunyoga qo‘shiqlarim bilan bormayman-ku», degan gapi haligacha quloqlarim ostida jaranglaydi. Kichik bizneslarni yo‘lga qo‘yib tirikchilik qilib yurdi.

2020 yili peshonasida shish paydo bo‘ldi. Shifokorga olib boray desam «Yo‘g‘-ey, onasi bilan kelibdi deyishmaydimi?» deb kulib qo‘ydi. Eratasi kuni ishga ketsam o‘zi Yunusoboddagi 12-oilaviy poliklinikaga chiqib, shishni oldirib kelibdi. Ishdan qaytsam, boshi qon, bint bilan bog‘lab olibdi. «Oyi bu «jiravik» emas ekan, tekshiruvga olib ketishdi», dedi. Ishonasizmi shu gapni eshitib ado bo‘ldim. Nahotki, 10 yil o‘qigan jarroh oddiy «jiravik» bilan o‘simtani farqlay olmasa, deb jahlim chiqdi. Borib urishib kelaman, desam o‘g‘lim yo‘limni to‘sdi, — deydi Noila Rafiqova.

Noila Rafiqova suhbat davomida ba’zi shifokorlardan ranjigani haqida aytib o‘tdi.

— Shahar onkologiyasiga tekshirtirgani bordik. Ba’zi shifokorlar kasbiga shu qadar noloyiqki, asti qo‘yaverasiz.

«Foydasi yo‘q, yara ochilgan davolagandan foyda yo‘q» deb ko‘ngildagi zarracha umidni ham so‘ndirishadi. Ularning tavsiyasiga ko‘ra, tahlillarini tekshirtirish uchun Hindistonga yubordik. Katta harajat, uning ustiga javoblarni 15 kun kutish kerak ekan. Bu kunlarni qanday o‘tkazganimni tasvirlab berolmayman.

Kundan-kunga o‘g‘limning ahvoli yomonlashib borardi. Bir kuni ukam Respublika onkologiyasida tanish shifokori borligini aytdi. U yerdagilar tahlillarni Hindistonga jo‘natish shart emasligini, barchasi ularda borligini aytishganida, kasbiga noloyiq insonlardan yana bir marta ranjidim. Odamni sarson qilib, puli va vaqtini ketkazmay Respublikamizda bor ekanligini aytishsa bo‘ladi-ku.

Xullas, shifokor ko‘rib, tomog‘ida ham shish paydo bo‘lganligini aniqladi. Shundan keyin tomog‘idan ham operatsiya bo‘ldi, — deydi Noila Rafiqova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Marhum xonanda Jasur Rafiqovning onasi bilan suhbat