
«Brilliant qo‘l»dagi mayorning hayoti qanday bo‘lgan? Undan nima uchun o‘g‘li norozi edi?
Stanislav Chekan 1922 yilning 2 iyunida Rostov-Donda Yulian Yegorovich va Matilda Ivanovna oilasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi fuqarolar urushida, Budyonniy qo‘shinida jang qilishgan, hatto jajji Stasikni Semyon Mixaylovich qo‘lida ko‘tarib yurgan ham edi.
Stasning onasini yuvosh Fil deb atardilar, alp kelbatli bu ayol Rostov shahridagi yarim hududni parvarish qilardi. Oradan o‘n yil o‘tib, 1932 yili Chekanlar oilasida yana bir bola – Volodya dunyoga keldi. Matilda Ivanovna o‘g‘illarini judayam yaxshi ko‘rar, ammo serg‘ayrat Stasning yomon bolalarga qo‘shilishidan xavotirda edi. Bu bejiz emas, o‘sha paytlarda Rostov-Don o‘g‘ri-talonchilar bilan tanilgandi.

Stanislav 15 yoshda bo‘lganida otasi Yulian Yegorovichni xalq dushmani sifatida hibsga olishdi. U oshpaz sifatida sovet askarlarini zaharlashni rejalashtirgan emish! Ko‘p o‘tmay, Matilda Ivanovnani ham qamashdi. O‘sha qo‘rqinchli yillarda nemis va polyak millatlarini xalq dushmani deb ayblash ayni muddao edi.
Besh yoshli Volodyani bolalar uyiga, Stanislavni esa mehnat koloniyasiga yuborishdi. U ilk bor mustaqil hayot bilan yuzma-yuz keldi. «Men och o‘tiribman, – deb eslagandi Chekan, – yon tomonda esa bayram namoyishi bo‘lib o‘tyapti. Bolakaylar «Baxtli bolaligimiz uchun o‘rtoq Stalinga rahmat» deb yozilgan plakat ko‘tarib olishgan».
Koloniyada sobiq aktrisa tarbiyachi bo‘lib ishlardi. U Stasning iste’dodiga e’tibor qaratdi va qo‘yarda-qo‘ymay drama to‘garagiga chaqirdi. Ammo Stas pasport olganidan so‘ng tunukachilik zavodiga qochib qoldi.
Oradan ikki yil o‘tgach, Matilda Ivanovna ozod qilindi. U avval Stasni, sal keyinroq esa Volodyani topdi. Yulian Yegorovichni esa «asirlik»dan Budyonniyning o‘zi xalos etdi. Er-xotin uzoq umr kechirdilar. Ular o‘tgan yillarini bir og‘iz jumla bilan tilga olishardi: «Biz kurortda bo‘lganimizda...»
Rostovda Stanislav teatr institutiga o‘qishga kirdi, Yuriy Zavadskoy kursini tanladi. Uning yonida qorachadan kelgan yigitcha tipirchilar, hayajonlanganidan burnigacha terlagandi. Tanishishdi. Yigitcha o‘zini Sergey Bondarchuk deb tanishtirdi. Ularning har ikkisi ham tanlovdan o‘tishiga ishonmasdi. Qarangki, 200 nafar da’vogardan faqat Stas va Sergey kursga qabul qilindi.
Ular hamisha birga edilar. Tushlik paytida Stasning otasi huzuriga – restoranga chopishardi. Qirq birinchi yili urush boshlandi. Stanislav oddiy askar bo‘lib ketdi. Novorossiysk ostonasida og‘ir yaralanganidan so‘ng front ansambliga o‘tkazishdi. U yerda Stas rassom Tina Mazenko-Belinskaya bilan tanishdi va fuqarolik nikohi asosida birga yashay boshladi.
1945 yili armiyaning Odessa teatri aktyori bo‘lgan Stanislav Chekan Bondarchukdan xat oldi: «Men VGIKka kirdim. Sen ham kel!» Ammo Chekan Moskvaga ko‘chib o‘tish arafasida turgandi – uni armiyaning markaziy akademik teatriga ishga taklif qilishgandi.
Urushdan keyingi yillarda Stanislav Yulyanovich kinoga kirib keldi va umrining asosiy qismini unga bag‘ishladi. «Polk o‘g‘li» , «Moviy yo‘llar» filmlaridagi rollari zig‘ircha ham mashhurlik keltirmadi. Chekan esa har safar o‘qidi, o‘zlashtirdi, o‘zini kinoaktyor sifatida ko‘raverdi. Nihoyat Igor Savenkoning «Taras Bulba» (1951) filmidagi ushoqdek lavhada iste’dodi bilan yarq etib ko‘rindi. Uning qahramoni bag‘ri keng oddiy aravakash bo‘lib, taqiqlangan qo‘shiqni xirgoyi qiladi.
Keyingi yili Chekan sarguzasht film bo‘lgan «Tog‘dagi zastava»da Marchenko rolini ijro etish uchun O‘rta Osiyoga keldi. Uning kartina rejissyori Konstantin Yudin bilan do‘stlashuvi katta ish berdi. 1956 yili Yudin rus sirkining mashhur artistlari – pahlavon Ivan Poddubniy va masxaraboz Vladimir Durov haqida «Kurashchi va masxaraboz» filmi ustida ish boshladi.
Konstantin Konstantinovich Stanislav Chekanni hech qachon mag‘lubiyatga uchramagan rus polvoni va kurashchisi Ivan Maksimovich Poddubniy roliga taklif qildi. Ammo Yudin filmni yakunlay olmay, 1957 yili vafot etdi. «Kurashchi va masxaraboz»ni afsonaviy kino ustasi Boris Barnet poyoniga yetkazdi.
50-yillarning oxirida Stanislav Yulyanovich bo‘lajak rafiqasi Nonnani uchratdi. Nonna Sergeyevna xotiralaridan: «Stanislav Yulyanovich xuddi fil jajji itga qaragandek menga qiziqish bilan boqdi». U eridan 17 yosh kichik edi. To‘y bo‘lib o‘tdi. 1960 yili ularning o‘g‘li Sergey tug‘ildi. Chekan kinoaktyorlar teatr-studiyasi tarkibida edi. U o‘ttiz yildan ziyod vaqt davomida (1958 – 1993) shu dargohda xizmat qildi.
Chekanning kinodagi rollari turli-tuman: komediyadan tragediyagacha. Epchil polvonlar, aroqxo‘rlar, zobitlar, askarlar, bosqinchilar, milliya xodimlari, haydovchilar, sport ustalari – Chekan qanchadan-qancha qahramonlarni o‘ynamadi, deysiz!
Leonid Gaydayning «Brilliant qo‘l» filmidagi militsiya xodimi Mixail Ivanovich rolidan so‘ng tomoshabinlar uni yanada yaxshi ko‘rib qoldilar. Artist shon-shuhratga ko‘mildi.
Chekan tomoshabinni jalb qilish mahoratiga ega bo‘lgan. U o‘z rolini samimiy o‘ynar, shu bois qahramonlari esda qolardi. «Tergovni bilimdonlar olib boradilar» serialining ilk lavhalaridanoq Chekan ijro etgan omadsiz o‘g‘ri Silinni his eta boshlaysan. Uning qahramoni – omborni o‘margan talonchi, jinoyat bilan qo‘lga tushgan, biroq butun kelbati va hamisha sevimli ayoli haqida gapirishi, ma’yus ko‘zlari o‘yga toldiradi: Silinning o‘zi qurbon emasmikan? Do‘sti deb o‘ylagan odam tomonidan ayovsizlarcha aldangan qurbon!

«Odam-amfibiya», «Ot bilan yurish», «Kunduzgi seansga ikkita chipta», «Menga ishoning, odamlar», «Va yana Aniskin» filmlari muxlislar tomonidan hozirgacha sevib tomosha qilinadi. Chekan qahramonlari – «Navbatdagi reys» dagi haydovchi, «Ikki hayot» dagi komissar Ivan Petrenko, «Urush va tinchlik» dagi Tixon Sherbatiy, qisqa metrajli «Shatakka olingan qiz»dagi botsman San Sanich bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Aktyorning ulkan gavdasi, ovozi, asosiysi, iste’dodi – urush ko‘rgan, o‘z ishiga fidoyi artist iqtidori yarq etib ko‘zga tashlanadi.
Biroq artistning hayoti ko‘ngildagidek emasdi. Stanislav Yulyanovichning keng fe’li turli holatlar, kutilmagan voqealarga duch qilardi. «Chekan uchun chorakta ichimlik filni pashsha chaqqandek ta’sir qilmaydi», – deb hazillashishardi do‘stlari.
Stanislav Yulyanovich namunali ota bo‘lishga harakat qildi, biroq ichishni tashlamadi. Shu bois o‘g‘li bilan munosabatlari yaxshi emasdi. Sergey ziyrak, ko‘ngli nozik bo‘lib, otasi bilan faxrlanar, biroq uning aroqxo‘rligini qoralardi.
1991 yilning 5 sentyabida Polina Chekan – aktyorning nabirasi dunyoga keldi (u kelgusida teatr bilim yurtida tahsil olib, bir nechta filmlarda suratga tushdi).
Umrining oxirgi yillarida Stanislav Chekanni kasallik ko‘p azobladi, urushda orttirilgan jarohati qiynadi. Oyoqlari bo‘ysunmay qoldi. Shu bois Chekanni kinoga kam taklif qilishar, teatrda ham band emasdi. Aktyor ijodiy kechalar munosabati bilan mamlakat bo‘ylab yurar, polkdoshlari bilan uchrashardi. 1994 yili u xotiniga shunday dedi: «Bilasanmi, endi men yashamasligim kerak. Kasbim, u bilan birga esa hammasi ketib qolgan». Bu haqiqat edi.

Chekan qattiq og‘rib qoldi va Nonna Sergeyevna «Tez yordam» chaqirdi, u kelgunicha esa oynani urib sindirdi. Shifoxonada erining uch haftalik umri qolganini aytishdi – o‘tkir leykoz (qon hosil qiluvchi a’zolarning kasalligi). Nonna Sergeyevna umr yo‘ldoshiga o‘layotganini bildirmasliklarini iltimos qildi. Soddalik pand bermadi, aktyor bu haqda bilmadi.
Stanislav Yulyanovich Chekan 1994 yilning 11 avgustida hayotdan ko‘z yumdi. Nonna Sergeyevna erining tobutiga Lermontovning kitobini solib qo‘ydi...
Akbar Fathullayev
Manba: Xabar.uz
Stanislav ChekanBrilliant Qo‘lRostov ShahriO‘g‘il BilanTeatr InstitutiKinoaktyor Hayoti O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar